O‘zbekiston | 21:41 / 28.06.2018
40196
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» sobiq rahbari shu kompaniyaga ishga qaytdi

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi sobiq raisi Umidjon Salimov shu kompaniyaning o‘ziga ishga qaytdi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida xabar berilgan.

Ma'lum qilinishicha, Umidjan Zakirdjanovich Salimov «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari etib tasdiqlandi. O‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda avtomobilsozlikni barqaror rivojlantirish strategiyasi va dasturlarini ishlab chiqish, tarmoqda yagona ilmiy-texnika va investitsiya siyosatini o‘tkazish «O‘zavtosanoat» AJning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Umidjon Salimovni lavozimidan ozod etish haqidagi qaror Prezident Shavkat Mirziyoyevning 26 iyun kuni avtomobil sanoatida joriy yil uchun belgilangan ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini ta'minlash, tarmoqning rivojlanish istiqbollarini belgilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida qabul qilingandi.

«O‘zbekiston 24» telekanali bergan ma'lumotga ko‘ra, Salimovning lavozimidan bo‘shatilishiga uning faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi qoniqarsiz holatlar sabab bo‘lgan. 

Ayni paytda kompaniya boshqaruv raisi etib, avval Bosh prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatgan, Shavkat Umurzoqov tayinlangan.

Mavzuga oid