Jamiyat | 16:33 / 29.06.2018
41571
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq organida ishga qabul qilish boshlandi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati

Mavjud soliq tizimida eskirgan uslub va prinsiplarga asoslangan ish faoliyati - soliq bazasini kengaytirish va soliq yig‘iluvchanligini oshirishni ta'minlash imkonini bermadi, mazkur sohada o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolarning mavjudligi tizim samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Kadrlarni tanlash va joyiga qo‘yishda bilim va professional qobiliyati emas, balki tanish-bilishchilik, tamagirlik illatlari mavjudligi korrupsiya rivojlanishiga sharoit yaratgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3802-sonli qarori qabul qilinib, unga muvofiq soliq idoralarida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalarining faoliyati tugatildi.

Bugungi kunda davlat soliq xizmati organlariga malakali kadrlarni tanlash bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasida Respublika ishchi guruhi tashkil etildi va ishga kirish istagini bildirgan fuqarolarni ishga qabul qilish jarayoni boshlandi.

Buning uchun soliq.uz yoki my.soliq.uz saytlari orqali rezyume hamda ishga kirish motivatsiyasi (maqsadi)ni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratildi.

“Bundan buyon soliq organlariga ishga kirishda tubdan yangicha tizim - adolatlilik, shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi va ishga kirish yuzasidan qilingan murojaatlar to‘liq ko‘rib chiqilishi ta'minlanadi”, deyiladi KUN.UZ’ga taqdim etilgan ma'lumotda.

 

Mavzuga oid