Sport | 16:06 / 02.07.2018
17914
6 daqiqa o‘qiladi

Belgiya chempion bo‘lishga tayyor

Bugun Rostov-na-Donuda Yaponiya va Belgiya terma jamoalari chorak finalda kim o‘ynashini aniqlab olishadi. Quyida terma jamoalarning imkoniyatlariga baho beriladi.

Belgiyaning oltin avlodi

Guruh bosqichida barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan Belgiya bu safar ham chempionlik uchun jiddiy da'vogar ekanini namoyish etdi. Belgiyaliklar Rossiyadan keyin ikkinchi bo‘lib guruh bosqichini hal qilishdi. G guruhida Panamani (3:0), Tunisni (5:2) va Angliyani (1:0) mag‘lub etgan Roberto Martines shogirdlari jami 9 gol urib, guruh bosqichidani eng samarador jamoa bo‘ldi. 

Belgiyaliklarning samaradorligi Belgiyadagi elektron tovarlar bilan savdo qiluvchi tarmoqning bir tashabbusiga sabab bo‘ldi. Bu tarmoq aksiya o‘tkazib, agar Belgiya turnir davomida jami 15tadan ortiq gol ursa, shu aksiya davomida sotib olingan televizorlarning pulini qaytarishni va'da qildi.  

«Mening do‘stlarim televizor xarid qilishdi. Shu tufayli men ko‘proq gol urishim kerak, bu orqali men ularga televizor hadya etgan bo‘laman», deydi terma jamoa yetakchi futbolchilaridan biri Dris Mertens. Hozircha uning hisobida faqat bitta gol bor.

Yaponcha sharmandalik

Yaponlar turnirni ko‘pchilik uchun kutilmagan holda guruh favoriti Kolumbiya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonish bilan boshladi. Senegalga qarshi kechgan ikkinchi tur o‘yinida mardonavorlik ko‘rsatib, oxirgi daqiqalarda navbatdagi ochko keltiruvchi golni urishdi (2:2). Oxirgi turda esa Polshaga kichik hisobdagi mag‘lubiyat (0:1) ularga feyr-pley qoidasi bo‘yicha pley-offga chiqish imkonini berdi. Yaponlar qo‘shimcha ko‘rsatkichlar (nisbatan kam sariq kartochkalar) bo‘yicha ochkolar va to‘plar nisbati o‘zlariniki bilan bir xil bo‘lgan Senegalni ortda qoldirishdi.

Ammo polyaklarga qarshi o‘yinning oxirgi 15 daqiqasida yaponlarning harakatlari «toza futbol» va feyr-pleyga batamom zid edi. Narigi o‘yinda Kolumbiya Senegal ustidan g‘alaba qozonayotganini bilgan yaponlar (kolumbiyaliklarga ham g‘alaba juda zarur edi) futbol o‘ynashni to‘xtatib qo‘yishdi. Ular shunchalik vaqtni cho‘zishdiki, Polsha tarkibida yubiley 100-uchrashuvini o‘tkazmoqchi bo‘lgan Blashchikovski niyatiga yeta olmadi, yaponlar to‘pni faqat bir-biriga uzatish bilan vaqtni o‘ldirishgani uchun, futbolchi almashtirishning imkoni bo‘lmadi.

260 soniya ichida «Ko‘k samuraylar» bir-birlariga 80 marta uzluksiz to‘p uzatishdi. Turnirni muddatidan avval tark etib bo‘lgan polyaklar ham oldinga borishmadi va hakam hushtagi chalinishini kutib, g‘alabani saqlab qolishdi. Yaponiya o‘z tarixida uchinchi marta jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqdi. Ammo samuraylar kodeksida bunday sharmandalik uchun xarakiri belgilangan.

Hondaning uzri

Foto: AFP

Osiyoliklarning jahon chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purari Keysuki Honda (10 o‘yinda 4 gol) o‘z jamoasining bunday yo‘l tutgani uchun uzr so‘radi. U muhimi guruhdan chiqish bo‘lganini aytdi va muxlislarning bunday zerikarli futboldan norozi ekanini to‘g‘ri tushunishini bildirib, kechirim so‘radi.

Yaponiya uchinchi marta guruhdan chiqqan. Bungacha yaponlar o‘z maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida pley-offda o‘ynab, birinchi bosqichdayoq Turkiyaga yutqazishgan (0:1), JAR maydonlarida o‘tkazilgan 2010 yilgi mundialda esa nimchorak finalda yaponlarni Paragvay penaltilar seriyasida mag‘lub qilgandi (0:0, penaltilar bo‘yicha 5:3).

Bir bosh baland sakrash vazifasi

Eden Azar, Kevin De Breyne, Romelu Lukaku va boshqalar, Belgiyaning oltin avlodi uchinchi marta yirik xalqaro turnirga katta umidlar uyg‘otib tashrif buyurgan, muxlislar keyingi yillarda bu jamoadan ko‘p narsa kutishmoqda, ammo har safar ishonchlar oqlanmayapti. Ular Braziliya mundialida ham yaxshi ishtirok etishgan va chorak finalga chiqishgandi. Endi ulardan bu natijani yaxshilash talab etiladi. Qolaversa, ular Belgiya tarixidagi eng yuqori cho‘qqi, yarim finalni ham yangilashlari kerak. Belgiya 1986 yilgi jahon chempionatida nimchorak finalda SSSR terma jamoasini mag‘lub etgan (4:3), chorak finalda Ispaniya penaltilar seriyasida ojiz qoldirilgan (1:1, 5:4), ammo yarim finalda keyinchalik chempion bo‘lgan Diyego Maradona boshchiligidagi Argentina tomonidan to‘xtatilgandi (2:0). Belgiyaliklar uchinchi o‘rin uchun bahsda Fransiyaga mag‘lub bo‘lishgan (2:4).

Kurtuaning tayyorgarligi
Tibo Kurtuaning o‘zi o‘yindan oldin intervyu berdi. U turnirdan avval inglizlar ataylab ikkinchi o‘rinda qolishni ma'qul ko‘rishini kutmaganini, endi ular Yaponiyaga qarshi o‘yin arafasida keyingi bosqichda brazillarga raqib bo‘lishlari mumkinligi haqida o‘ylayotganini gapirib berdi. 

«Bizning terma jamoa keyingi ikki o‘yinda barchaga biz chempion bo‘lishga tayyorligimizni namoyish etadi», degan darvozabon.

Rostan ham Belgiya chempionlikka tayyormi?

BeLGIYa – YaPONIYa
2 iyul. Rostov-na-Donu. «Rostov Arena» stadioni. 23.00 (Pervyy kanal).
Hakamlar: DeDYu. Kamara, Samba (barchasi – Senegal).

Mavzuga oid