O‘zbekiston | 23:14 / 03.07.2018
23143
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, bugun - aholining salomatligini saqlash masalasiga har doimgidan-da ustuvor vazifa sifatida qaralayotgan bir vaqtda qabul qilindi.

Bu Qonun profilaktik ahamiyatga ega hujjatdir. Uni ishlab chiqishdan maqsad, birinchi navbatda, chilim va elektron sigaretalar chekilishining salbiy oqibatlaridan sog‘lom odamlarni, ularning sog‘lig‘ini saqlashga doir konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishdan iborat.   

Shu bilan birga, Qonunda ushbu zararli odatlarlarning yoshlar orasida keng tarqalishining oldini olish - farzandlarimizni asrash, ularni har tomonlama, ham ma'nan, ham jismonan yetuk qilib tarbiyalash masalalari ko‘zda tutilgan.

Qonunning yana bir muhim jihatiga to‘xtalsak, uning 6-moddasida chilim va elektron sigaretalar  chekishga yo‘l qo‘ymaydigan jamoat joylari belgilab qo‘yilyapti. Lekin, shu moddaning o‘zida uni butunlay cheklanmaganligini ham ko‘ramiz. Ya'ni, jamoat joylarida belgilangan tartib va talablarga (xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, ularni sanitar jihatdan tozalashga, chekiladigan qorishmalarni saqlashga va boshqa talablarga) javob beradigan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus tashkil etilgan xonalarda chekishga ruhsat etilishi mumkin.

To‘g‘ri, bugungi kunda 2011 yilda qabul qilingan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tamaki mahsulotlari (ya'ni, oddiy sigareta) bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solib kelinmoqda. Biroq bu Qonun chilim va elektron sigaretalar bilan bog‘liq masalalarni tartibga sola olmaydi.

O‘rganishlar chilim va elektron sigaretalar chekishda hosil bo‘ladigan aerozol, tutunning zarari oddiy sigareta chekishda paydo bo‘ladigan tutundan bir-necha barobar yuqori ekanligini ko‘rsatdi. Chilim chekish jarayonida organizmga is gazidan tashqari katta miqdorda xrom, nikotin, qo‘rg‘oshin, smola, benzollar, polisiklik uglevodlar, karboksigemoglobin va boshqa zararli birlashmalarning tushishi yurak qon-tomir, o‘pka va nafas yo‘llari kasalliklariga, ovqat hazm qilish tizimlari faoliyatining buzilishiga, onkologik kasalliklar rivojlanishiga, reproduktiv qobiliyatning susayishiga olib keladi.

Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti ekspertlari xulosasiga ko‘ra, chilimni bir marotaba to‘la iste'mol qilishda 20-30 sigaretani bir vaqtning o‘zida chekish bilan barobar tutun organizmga kiradi.

55 dan ziyod chet el davlatlarida tamakidan holi muhit to‘g‘risida qonunlar qabul qilingan. Jumladan, jamoat joylarida chilim chekish Germaniya, Italiya, Avstriya, Belorussiya, Fransiya, Shvetsiya, Ukraina, Qozog‘iston, BAA, Quvayt  va boshqa davlatlarda ta'qiqlangan. Shuningdek, bu davlatlarda huquqbuzarlik uchun jarima sanksiyalari belgilangan.

Mavzuga oid