Jamiyat | 15:09 / 03.07.2018
75623
3 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlik sabab bir kun qolganda to‘xtatilgan to‘y (bo‘lgan voqea)

Ulamolar giyohvandlik bilan shug‘ullanish mutlaq harom etilgani haqida fatvo berishgan. Mo‘min-musulmonlar bu ishdan yiroq, biroq ayrim holatlar uchrab turadiki, kishi ko‘nglini xira qiladi. Yashab turgan hayotimizda giyohvandlik balosi qanchadan qancha umrlarni xarob etayotgani haqida turli voqealar yuradiki, bu voqealardan o‘z vaqtida xulosa chiqarib, Yaratgan bizga ato etgan ne'matlarga shukr qilamiz.

Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom xatibi Rahimberdi Rahmonov tomonidan juma mav'izalaridan birida hikoya qilingan voqea kishini mulohazaga chorlaydi. U kishi shunday hikoya qiladi:
 

“Men o‘zim imom sifatida giyohvandlik ortidan qanchasining oilasi buzilib ketganining guvohi bo‘lganman. Ertaga to‘y deganda kuyovning giyohvandligini bilib qolishdi. To‘yga aytilgan odamlarni to‘xtatishning iloji bo‘lmadi. Hofizlarga javob berib yuborildi. Biz amru-ma'rufga bordik. O‘sha kuni asrdan oldin to‘y oldi ehsonda o‘tiribmiz. Ertasi kuni osh, amru-ma'ruf. Qancha odam aytilgan to‘yga, ularni qanday qilib to‘xtatib bo‘ladi? 

Ertasi kuni hamma kelib o‘tirdi. Biz to‘yning egasiga dedikki: “Siz to‘yxonada turmang, odamlar to‘yona berishga harakat qilishadi”. Ichkariga olib kirib qo‘ydik. Odamlar hayron: kirib o‘tirishdi hamki, to‘yning egasi yo‘q. Kelganlarga bu to‘y emas, ehson dedik. Falonchi akamizning otalari haqiga ehson bo‘lyapti. Shunday deya bo‘lishi kerak bo‘lgan to‘yni ehsonga aylantirib yubordik”.

Bu kabi holatlarga tushmaslik uchun nima qilish kerak? Giyohvandlik atalmish qora zanjirning har bir xalqasi bir-biri bilan juda qattiq chambarchas bog‘langan. Ular domiga tushmaslik uchun yoki farzandlar, avlodlar bu kabi illat quliga aylanib qolmasliklari uchun oilada tarbiyaviy masalalar targ‘ibotini kuchaytirish lozim. Giyohvandlik illatini har doim yomonlayversak, uning mana shunday fojiaviy yakunlanajak qismati haqida gapiraversak, ertaga farzandlarimiz qalbida unga nisbatan mustahkam nafrat o‘rin oladi. Bu kabi ko‘chalarga yaqinlashmaydi.

Mavzuga oid