Sport | 12:43 / 14.07.2018
35553
6 daqiqa o‘qiladi

Uchinchi o‘rin uchun bahs. U o‘zi kimga kerak?

Foto: Getty Images

Bugun, 14 iyul kuni Angliya va Belgiya terma jamoalari Sankt-Peterburgda jahon chempionatining bronza medallari uchun kurash olib borishadi.

Bunday o‘yinning qanchalik kerakligi bo‘yicha anchadan buyon bahs-munozaralar tinmayapti.

BRONZADAN KO‘RA TA'TIL YaXShIROQ

Uchinchi o‘rin uchun bahs matbuotda «tasalli beruvchi final» deb ham nomlanadi. Bu noto‘g‘ri. Birinchidan, final o‘yinidan so‘ng sovrin topshirilishi shart. Ikkinchidan, 20dan ortiq erkaklar bellashuvini «tasalli beruvchi» deb nomlash adolatdan emas. Erkaklarga tasalli emas, balki katta g‘alabalar kerak.

Muxlislari bir oy davomida jahon kubogi haqida «U uyga qaytmoqda» deb kuylagan Angliya terma jamoasi maydonda qanday tushsin? Jahon chempioni bo‘lish imkoniyatini yo‘qotgan Belgiyaning «oltin avlodi» bronza uchun qanday kurashsin? 

«Biz bronza uchun kurashishimiz lozim, ammo ishtiyoqimizning balandligi tufayli, bu ishni qilish oson bo‘lmaydi» - degan edi Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines yarimfinaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng. 

Foto: REUTERS

Shunga o‘xshash fikrni uning ingliz hamkasbi Garet Sautgeyt ham aytdi: «Bu biz orzu qilgan o‘yin emas».

Foto: Sport-Ekspress

Jahon chempionati – kubok musobaqasidir. Uni butun dunyoda Jahon Kubogi deb nomlashadi. Kubok tizimida faqat bitta g‘olib bo‘ladi. Yutqazgan jamoa musobaqani tark etadi. Hech qanday «tasalli beruvchi final»lar ko‘zda tutilmaydi. Hozir inglizlar ham, belgiyaliklar ham faqat ta'til haqida o‘ylamoqda. Biroq, mana shu bema'ni o‘yin tufayli, ularning ta'tili uch kunga qisqargan.

FIFA DAROMAD OLADIGAN O‘YIN

Foto: AFP

Uchinchi o‘rin uchun bahs bolalar turnirlariga yarashadi. Bunda yarimfinalda yutqazgan bolakaylarda o‘ziga yuqori baho berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Kattalar darajasida bu o‘yindan ma'no yo‘q. 

Gollandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal 4 yil oldin bronza uchun bahsni tanqid qilgan edi. 

«10 yildan buyon aytaman, bunday o‘yin kerak emas. Uning sportga umuman aloqasi yo‘q. Musobaqani yaxshi o‘tkazishing, ammo yakunda ikki marta yutqazib, omadsizga o‘xshab, uyga yetishing mumkin. Bunday turnirlarda maqsad yagona - chempion bo‘lish».

Jahon chempionatida g‘alaba qozongan terma jamoalar emblemasida yulduzcha paydo bo‘ladi. Bronza uchun hech narsa berilmaydi. «Falon yili bronza medalini kim qo‘lga kiritdi?» - degan savol faqat futbol viktorinasi ixlosmandlarini qiziqtirishi mumkin. Oddiy muxlislar esa braziliyaliklarning - pentakampeonlar ekanini, Urugvay esa qachonlardir jahon chempioni bo‘lganini juda yaxshi bilishadi.

Yevropa chempionatlarida uchinchi o‘rin uchun bahs 1984 yilda bekor qilingan - hozir yarimfinalda yutqazgan har ikkala terma jamoa bronza medallarini oladi.

Ammo FIFA jahon chempionatidan iloji boricha ko‘proq daromad olishni ko‘zlaydi: yana bitta o‘yin, 60 mingta chipta, homiylik shartnomalaridagi ortiqcha nol. Bundan tashqari UYeFA tashkilotiga o‘xshab, bronza medallarining yana bir to‘plamini tayyorlash uchun pul sarflash ham shartmas.

QO‘ShALOQ MAYNAVOZChILIK

Foto: REUTERS

Uchinchi o‘rin bilan 1994 yili shvetsiyaliklar, 1998 yili xorvatiyaliklar, 2002 yili turkiyaliklar faxrlanishdi. Bolqonliklar Fransiyada debyut qilishgandi, shu tufayli bronza ular uchun musobaqadagi g‘alabaga teng edi.

Ammo, Belgiya va Angliyada vaziyat o‘zgacha. Har ikkalasi ham oltin medallarni qo‘lga kiritishga jiddiy harakat qilishgandi. Shu tufayli, yarimfinallardagi mag‘lubiyatdan so‘ng, musobaqa ular uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.

Katta ehtimol bilan Martines va Sautgeyt o‘yinda aralash tarkibni tushiradi va zaxiradagilarga ko‘proq imkoniyat beradi. Guruh bosqichining so‘nggi turida buni ko‘rgan edik. Har ikkala terma jamoa muddatidan oldin 1/8 finalga chiqqani bois, o‘yinda zaxira futbolchilaridan foydalangan edi. Bu bellashuvdagi mag‘lubiyat foydaliroq bo‘lgani uchun, o‘yin qiziqarsiz o‘tdi. Yakunda yutqazgan Angliya keyingi bosqichda ancha yengilroq raqiblarga tushdi, Belgiya esa Braziliya va Fransiyaga duch keldi.

Endi bu terma jamoalarning so‘nggi o‘yini yarim ko‘rgazmali bahsga aylanib qoldi. Bir tomondan olib qaralsa, bu neytral muxlislar uchun juda foydali. Chunki, bronza medali uchun bo‘lgan so‘nggi 10ta o‘yinda uchta goldan kam urilmagan. Futbolchilar har qanday bosimdan holi va himoyaga avtobusni qo‘yish haqida o‘ylamaydilar. Kurashning juda tomoshabop ekani - uchinchi o‘rin uchun bahsning kerakligiga yagona sababdir. Demak, umid qilamizki, Belgiya va Angliya muxlislarni gollar bilan xursand qiladilar.

JCh-2018, 3-o‘rin uchun bahs
14 iyul, 19:00, Sankt-Peterburg
BeLGIYa - ANGLIYa

Mavzuga oid