Light | 02:45 / 15.07.2018
25312
8 daqiqa o‘qiladi

Haqiqiy yetakchiga kerak bo‘lgan 20 ta xususiyat va ko‘nikma

Sizga intilishlari uchun o‘z ustingizda ishlang.

1. Ishga sodiqlik

Bu sifatga ega bo‘lish yetakchi uchun hamda uning qo‘l ostidagilar uchun ham birdek muhim sanaladi. Agar o‘z g‘oyangizga sodiq bo‘lsangiz, jamoa ham aynan shu yo‘ldan boradi. Ana o‘shanda natijador hamkorlik ta'minlanadi.

Foto: Layfxaker

2. Oddiylik

Ko‘p hollarda yuqoridan qarash xulq-atvori hamda chalkash g‘oyalar ortida o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik  va johillik yashiringan bo‘ladi. Biroq vazifalarni amalga oshirishdagi yuqori natijalarga yetakchi uchun ham, uning jamoasi uchun ham birdek tushunarli bo‘lgan aniq shakllangan qarorlar orqali erishiladi.

3. Shaxsiy nazorat

O‘z-o‘zingizni boshqara olmasangiz, odamlarni boshqara olmaysiz. Agar rahbar ko‘pincha o‘z-o‘zini nazorat qilish ko‘nikmasini yo‘qotsa va qo‘l ostidagilar bilan muloqotda baqirishga o‘tsa, jamoa jips hamda hamkorlik samarali bo‘lmasligi aniq.

4. Sezgirlik hissi

To‘g‘ri so‘z va harakatlarni tanlay olish ko‘nikmasi - jamoa va rahbar o‘zaro munosabatlarining asosidir. G‘amxo‘rlik, ezgulik, bag‘rikenglik va eng muhimi, o‘zgalarning huquqlari va fikrini hurmat qilish sezgirlik hissini shakllantirishning asosi sanaladi.

Foto: Layfxaker

5. Serharakatlik va ishtiyoq

Harakatsizlik muvaffaqiyatsizlikka yetaklaydi. Hatto mag‘lubiyat holatida ham yetakchi jamoani ruhlantira olishi, muvaffaqiyatga ishonch hissini singdirib, xodimlarni olg‘a harakat qilishga unday olishi kerak.

6. Sinchkovlik

Qo‘l ostidagilarning turli vaziyatlardagi harakatlarini aniq biladigan yetakchi to‘g‘ri qarorlar qabul qiladi. U to‘g‘ri ko‘rsatmalar beradi, majburiyatlarni taqsimlaydi va jamoada hurmatga sazovor bo‘ladi.

7. Haqgo‘ylik va ochiqlik

Ikkiyuzlamachilikni sezish oson. Haqiqiy yetakchi haqgo‘y bo‘lishi lozim, axir u qo‘l ostidagilarning ishonchi kafilidir. Kompaniyaning muammolari haqida gapirmaslik va o‘zi haqida noto‘g‘ri tasavvurni shakllantirish yaramaydi. Ertami yoki kechmi  - juda noqulay vaziyatga tushib qolish va obro‘ni yo‘qotish mumkin.

8. Adolatli bo‘lish va ehtirosga berilmaslik

Hammaga bir xil munosabatda bo‘lish ko‘nikmasi – odamlarni boshqaradiganlar uchun muhim jihat. Hurmat darajasi yoki hamkasblardagi faxr hissi ularda yetakchi mavjudligi bilan aniqlanadi. Sevimli xodimlarni ajratish, ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan jamoa a'zolarini ular bilan do‘stona munosabatlar sabab rag‘batlantirish – jamoani inqirozga olib boruvchi professional sifatida shakllanmaganlik belgisidir.

Foto: Layfxaker

9. Mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olishga tayyorlik

Yaxshiroq bajarish va omadsizlik holatida yana bir marta sinab ko‘rish umuman hech narsa qilmaslikdan yaxshiroq. Harakatsizlik va qaror qabul qilish mas'uliyatini o‘zidan soqit qilish noto‘g‘ri qadam va xatoni tan olishdan yomonroq. Biroq o‘ziga mas'uliyat olish qo‘l ostidagilarning g‘oyalarini tan olmaslik va barcha ishni yakka o‘zi bajarishni anglatmaydi.

10. Tashabbuskorlik va oldindan ko‘ra bilish

Bu jihatlar doimo yonma-yon yuradi: tashabbuskorlikni namoyon etishning o‘zi yetarli emas, uning oqibatlarini ko‘ra olish ham muhim. Jamoaning muvaffaqiyati rahbarga bog‘liq, shuning uchun tashabbuskorlik ko‘rsata turib, u boshqalarga qanday ishlash kerakligi bo‘yicha a'lo darajadagi namunani ko‘rsatadi. Bunday yondashuvda kompaniya rivojlanadi va yangi marralarga erishadi. Yaxshi xom g‘oyani taklif etish va keyinchalik uning ustida ishlash idealni jimgina izlashdan yaxshiroq.

11. Ishonchlilik

Bu hususiyat hech kimga ortiqchalik qilmaydi. Jamoa rahbarga ishona olishi va unga yordam so‘rab murojaat etishi mumkinligini his qila olishi kerak. Yetakchi esa hamkasblariga to‘liq ishona olishi va uning topshiriqlari talablarga muvofiq bajarilishini bilishi zarur.

Foto: Layfxaker

12. Qat'iylik va chidamlilik

Maqsad sari og‘ishmay intilish va istalgan natijaga erishish yo‘lida uchragan mashaqqatlarni yengib o‘ta olish yaxshi rahbarni  odatdagisidan farqlaydi. Tanlangan yo‘ldan borishda iroda, qat'iylik va botirlik maqsadga erishishda yordam beradi. Chidamlilik charchash va noqulaylik hissini yengish imkonini beradi. 

13. Ma'naviy jasorat

Bu xususiyat qo‘rquv hissini yengishda yordam beradi. O‘zingizda bu jihatni rivojlantiring, u sizga noma'lumlikning yuziga tik boqish va kasbiy yo‘lda uchragan mag‘lubiyatlarni jasorat bilan boshdan o‘tkazishda qo‘l keladi. Kutilmagan vaziyatlarda xotirjamlikni saqlash orqali xavotirni yengib, uning jamoada tarqalishining oldini olgan bo‘lasiz.

14. Munosib ko‘rinish ko‘nikmasi

Tashqi ko‘rinish yetakchi uchun xarakter hususiyati kabi muhim. Rahbarning tashqi ko‘rinishi egallagan lavozimiga mos bo‘lishi va u haqida ijobiy fikrni shakllantirishi lozim.

15. Xabardorlilik va ahamiyat berish

Yaxshi rahbar kompaniyada bo‘layotgan barcha ishlardan boxabar bo‘lishi lozim. Bu nostandart vaziyatlarda tezkorlik bilan reaksiya qilish va to‘g‘ri qarorlarqabul qilish imkonini beradi. Barcha narsaga e'tibor berish bir qadam oldinda bo‘lish, shu orqali jamoaga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda yordam  beradi.

16. Hazilni tushunish hissi

Hazil nazoratdan chiqib ketayotgan vaziyatni qutqarishi mumkin. Ba'zida murakkab vaziyatni yumshatish uchun birgina hazil kifoya.

Foto: Layfxaker

17. Harakatlarning aniqligi

Odamlar jamoa yetakchisidan nima kutishni bilishi kerak. Agar noaniqlik mavjud bo‘lsa va uning maqsadlari kundek ravshan bo‘lmasa, qo‘l ostidagilar jahldor bo‘lib qolishlari, rahbarning ko‘rsatmalarini injiqlik sifatida qabul qilishlari mumkin.

18. Yaxshi namuna ko‘rsata olish

Qo‘l ostingizdagilar intiladigan inson bo‘ling. Qanday ishlash kerakligini ko‘rsating, barcha erishishga harakat qiladigan shaxsiy namuna ko‘rsating. Jamoadagilarda ko‘rishni istagan xususiyat va ko‘nikmalarni namoyish eting.

19. Professionallik

O‘z sohangizda professional bo‘lib qolish uchun mavjud bilim va ko‘nikmalaringizni doimiy ravishda rivojlantiring. Dolzarb bilimlarga ega bo‘ling, ularni amaliyotda qo‘llang, rivojlaning va o‘z darajangizni oshirib boring.

Foto: Layfxaker

20. Tajriba almashish ko‘nikmasi

Bilim va boy tajribaga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas, uni jamoa bilan baham ko‘rish lozim. Qo‘l ostingizdagi xodimlarga o‘zingizga tanish, biroq ular uchun yangi uslublarni tushuntiring. Ularga maslahatlar bering, imkon qadar yordam ko‘rsating – ular sizga sifatli ishlari bilan minnatdorchilik bildirishadi.

Mavzuga oid