Fan-texnika | 00:04 / 24.07.2018
6234
2 daqiqa o‘qiladi

Hyperloop kapsulalari uchun tezlik rekordi o‘rnatildi

Germaniyalik tadqiqotchilar guruhi Hyperloop Pod Competition musobaqasi doirasida AQShning Xotorn shahri yaqinidagi quvurda o‘rnatgan rekordini yangiladi.  Bu gal Myunxen texnologik universiteti jamoasi WARR Hyperloop SpaceX kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan tanlovda vakuum poyezd uchun kapsulani 284 mil/soat (457 km/soat) tezlikkacha tezlashtirib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Tanlov ishtirokchilari oldiga giperquvur orqali o‘tayotganda maksimal tezlikka erisha oladigan transport modulini loyihalash vazifasi qo‘yilgandi. Sinov poligoni uzunligi 1,2 km bilan chegaralangan bo‘lgan. Joriy yildagi yangi qonunlarga ko‘ra barcha kapsulalar mustaqil ravishda start olib, to‘xtatishi kerak bo‘lgan.

G‘olib WARR Hyperloop tomonidan loyihalangan kapsula yengil va yuqori puxta ugletoladan tayyorlangan, 50 kVtli elektr dvigatel va 5 soniyada harakatni to‘xtatuvchi pnevmatik tormoz tizimi bilan jihozlangan. Kapsula 70 kg keladi.

Hyperloop SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi Ilon Maskning g‘oyasi bo‘lib, biroq uni hayotga tatbiq etish bilan boshqa kompaniyalar shug‘ullanadi. U o‘zidan quvurlar bo‘ylab harakatlanuvchi alyuminiy kapsulalardan iborat transport tizimini aks ettiradi.

Mavzuga oid