Aholining «himoyaga muhtoj qatlam»i kimlar? Qamrov nihoyatda keng
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi qisqa muddatli chora-tadbirlarga emas, balki insonlarni taqdir taqozosi bilan tushib qolgan qiyin vaziyatdan olib chiqish va tinch-osuda hayotga qaytarish uchun yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Smartgov Sonsulting direktori Aziza Umarova O‘zbekistonda ijtimoiy himoya sohasini rivojlantirish va bu boradagi xalqaro tajriba haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat organlari aholi bilan qay darajada ishlash kerakligi to‘g‘risida yuqori mezonlarni belgilab berdi. Bir yil davomida bu jarayonlar faqat quruq so‘z bo‘lib qolmasdan, balki amalda, hayotimizda ro‘y berib, jamoatchilikning fikrlashini o‘zgartiruvchi jiddiy katalizatorga aylanganining guvohi bo‘ldik. Davlat organlari aholining murojaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishga, oddiy insonlarning muammolarini o‘rganib, ularni hal qilishga, yuzma-yuz muloqot o‘rnatishga harakat qilmoqda. Ommaviy axborot vositalaridagi keskin o‘zgarishlar yillab o‘z yechimini topmagan ayrim eski muammolarni qayta ko‘rib chiqishga va hal etishga yordam bermoqda.
Oxirgi olti oy mobaynida jamiyat hayotida bo‘lib o‘tgan yorqin hodisalar jamoatchilik e'tiborini befarq qoldirmadi (menimcha, bunday voqealar avval ham bo‘lgan, biroq ular to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari endi yoza boshladi). Hayot zarbalari bir necha ayollarni o‘z joniga qasd qilishga undadi. Dahshatlisi shuki, ayol nafaqat o‘z joniga qasd qilmoqda, balki o‘zi bilan birga farzandlarining umriga zavol bo‘lmoqda. Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida ona o‘ziga 3 yoshli hamda 7 yoshli farzandlarini bog‘lab kanalga sakragan. Berilgan xabarlardan ma'lum bo‘lishicha, u Daun sindromi bor farzandini voyaga yetkazgan. Ehtimol, jamiyatda nogironligi bor insonlarga odamlar tomonidan «bir qolipga solingan» qarashi hamda professional ijtimoiy xizmatlarning mavjud emasligi sababli (bu narsa chekka hududlar-qishloqlarda yaqqol seziladi) ona hayotning og‘ir zarbasini ko‘tara olmagandir?!..
Agar avval nogironligi bor bolalarni maxsus internatlarga joylashtirish normal holat bo‘lgan bo‘lsa, hozirda dunyo miqyosida barcha narsa inklyuziv model asosida tashkil qilinmoqda; ya'ni nogironligi bor bolalarning ijtimoiy hayotga moslashtirish o‘z oilasida, oddiy umumta'lim maktablarida, yordamchi pedagog yoki maxsus sinflar orqali inklyuziv ta'lim berish yordamida amalga oshirilmoqda. Nogironligi bor bolalarning ota-onasiga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ijtimoiy xizmatlar, reabilitatsiya markazlari, ota-onalarning bir-biriga ko‘mak berish guruhlari yordam bermoqda. Agar yuqorida keltirib o‘tilgan ayolning hayotida ham shunday muhit bo‘lganida, bu voqeaning rivoji boshqacha bo‘lar edi.
BMT tizimidagi 10 yillik faoliyatim mobaynida Mehnat va ijtimoiy himoya qilish vazirligi bilan hamkorlikda nogironlik va ijtimoiy himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. O‘sha davrda me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqdik, «Muruvvat» va «Saxovat» mehribonlik uy-internatlariga bordik, ijtimoiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish haqida bosh qotirdik, reabilitatsiya individual rejasini tatbiq etish tizimini, nogironlikni belgilash hamda huquqiy tasdiqlanishini o‘rgandik, realibitatsiya masalalari (nogironlik aravachalari, stolchalari, eshitish moslamalari va boshqalar)ni ko‘rib chiqdik, mamlakatimizga oid nogironligi bor insonlarning huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyani ratifikatsiya qilish va shu yo‘nalishdagi yana boshqa ko‘p ishlarni tayyorladik. Muammolarning kelib chiqishning asosiy sabablaridan biri - yagona tizim, statistika va hisob-kitobning yo‘qligida ekanligi ma'lum bo‘ldi. Tizimli yechim nafaqat tug‘ilgandan vafot etgunga qadar muhtoj odamlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, balki ijtimoiy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirishni ham o‘z ichiga olish kerak.
Ijtimoiy himoyaga kimlar muhtoj? Aholining «himoyaga muhtoj qatlam»i kimlar?
Qamrov nihoyatda keng.Masalan,Mehribon uylarining tarbiyalanuvchilari, shu jumladan ota-onasi mehnat migratsiyasidan yillab uyiga kelmaydigan insonlarning farzandi bo‘lgan «ijtimoiy yetimlar». O‘zining tuzalmas kasalligi bilan yakkama-yakka qolgan nogironligi bor insonlar. Adashib, qonunni buzgan o‘smirlar. Uyda qarovchisi yo‘q keksalar. Ijtimoiy realibitatsiyasiz qolgan sobiq mahbuslar. Onkologik va boshqa og‘ir dardga chalinganlar. Og‘ir vaziyatga tushgan oilalar va oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari.
Ko‘rinib turibdiki, kimlardir vaqtinchalik yordamga, kimlardir esa uzoq muddatli ko‘makka muhtoj. Shuning uchun muammolarni maqsadli hal qilishga imkon beradigan tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi shart.
Endi yechim haqida gaplashsak. Jahon tajribasi asosida fikr bildirish mumkinki, ijtimoiy himoya ikki ustun – ijtimoiy ta'minot va ijtimoiy faoliyat asosida yuzaga keladi.
1. Ijtimoiy ta'minot tizimi -hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan va Pensiya jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan pul mablag‘lari vositalari ko‘rinishidagi turli to‘lov dasturlarni o‘z ichiga oladi.
2.Ijtimoiy ish tizimi – insonlarga shaxsiy va ijtimoiy qiyinchiliklarini bartaraf etishda qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish, tuzatish, realibitatsiya orqali yordam berishga qaratilgan kasbiy faoliyat hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligini ta'minlash uchun yagona muvofiqlashtiruvchi organ faoliyati kerak bo‘lib,u ijtimoiy himoya va ijtimoiy ishni samarali amalga oshirish uchun tuman tizimidan boshlab, barcha davlat tuzilmalari hamda nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borishi lozim. Ushbu organ turli me'yoriy-huquqiy hujjatlar bazasini ishlab chiqish, turli tashkilotlar tomonidan ularning vazifalaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy ta'minot dasturining amalga oshirilishi va boshqarilishini monitoring qilish uchun mas'ul bo‘lishi lozim.
«Bu nima uchun kerak?»Aslida sabablar bir nechta:
- O‘zaro muvofiqlashtirish. Mamlakatimizda Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining faoliyati 2016 yil fevralida Mehnat vazirligi sifatida qayta tashkil etilishi oqibatida aholini ijtimoiy himoya qilish masalasi «boquvchisini yo‘qotgan yetim»dek bo‘lib qoldi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ijtimoiy himoya qilish va tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari Sog‘liqni saqlash vazirligiga; ijtimoiy moddiy yordam berish hamda ijtimoiy nafaqa belgilash va to‘lash monitoringini yuritish vazifalari Moliya vazirligiga o‘tkazildi. Shu qatorda, yoshi bo‘yicha, yetim va nogironligi bor bolalar guruhlarga ajratilib, ularga Xalq ta'limi vazirligi mas'ul qilindi. Aholining yoshi katta nogiron qatlami esa Sog‘liqni saqlash vazirligiga taalluqli bo‘ldi.
- Byudjyetning optimallashtirilishi. Bugungi kunda O‘zbekistonda davlat byudjyeti hisobidan ijtimoiy sohaga qariyb 60 foiz mablag‘ ajratilmoqda. Sog‘liqni saqlash va ta'limga oid katta xarajatlardan tashqari ushbu sohadagi xarajatlar internat muassasalari hamda ijtimoiy to‘lovlarning xarajatlarini qoplashga sarflanadi. To‘lovlarni amalga oshirishga YaIMning 7 foiz ajratilib, bu xalqaro tajriba amaliyotidagi yuqori ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga turli tashkilotlarda to‘lovlarning «murojaatlar» asosida amalga oshirish tamoyili mavjud bo‘lib, murakkab vaziyatlar tizimli o‘rganilmasdan va nazoratga olinmasdan moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bular - nogironlikka nafaqa berish, nogironligi bor farzandlar uchun olinadigan nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlar uchun nafaqa, qarilik nafaqasi, bolalar nafaqa to‘lovi, kam ta'minlangan oilalarga beriladigan nafaqalar, tug‘ruq oldi va undan keyingi homiladorlik nafaqasi to‘lovi, ishsizlik nafaqasi kabilardir.
Xulosa qilib aytish kerakki, bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtojlarni va davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan to‘lovlarni hisob-kitob qiluvchi yagona tizim yo‘q, bu esa ajratilgan mablag‘larning sarflanish samaradorligini pasaytiradi. Shunday ekan, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni hisobga oluvchi Yagona reyestrni tashkil etish talab qilinadi, unda Pensiya jamg‘armasi, Soliq qo‘mitasi, TMEKdan nogironligi bor insonlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha dalolatnoma, yordamga muhtojlik to‘g‘risida mahalladan ro‘yxatdan o‘tganligi va shu kabi hujjatlarni davlat ma'lumotlar bazasiga joylashtirilishi lozim. Yagona axborot tizimining mavjud emasligi mablag‘larning samarasiz taqsimlanishi va yordamdan qisqa muddatda yoki maqsadsiz foydalanish xavfiga olib keladi. Ijtimoiy himoya tizimida AKT vositalarini joriy etish xarajatlarni optimallashtirish, ijtimoiy xizmatlarning samaradorligini oshirish, xullas, ijtimoiy himoya tizimining sifatini oshirishga yordam beradi.
Ijtimoiy himoya qilishning ikkinchi qismiga kelsak -ijtimoiy ish tizimiga-afsuski, hozirgi kunda milliy tizimimiz o‘z rivojlanishining boshlang‘ich bosqichidadir. Ijtimoiy faoliyat haqida so‘z yuritar ekanmiz, gap «yong‘inni o‘chirish haqida emas, uning oldini olish» haqidadir. Murakkab hayotiy vaziyatlarning oldini olish juda muhimdir.
Professional ijtimoiy ish zaminida maxsus diplomga ega mutaxassislarning mehnat faoliyati, ijtimoiy xizmat tizimini yaratish, mavjud ijtimoiy xizmatlarni xalqaro standartlar nuqtai nazaridan baholash, ijtimoiy xizmatlar turlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish standartlarini tasdiqlash, ijtimoiy xizmatchilarning malakasini oshirish kabi tadbirlar yotadi. Ushbu faoliyat «keys-menejment» tamoyili asosida qurilib, har bir murojaatchining shikoyati o‘rganiladi, yordamga muhtojlarning imkoniyat darajasi o‘rganiladi, oilasi hamda uy xo‘jaligidagi sharoitlar baholanadi, maqsadga yo‘naltirilgan harakat rejasi tuziladi, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi hamda ulardan foydalanishda qulaylik yaratish uchun birga harakat qilinadi. Asosiy maqsad qisqa muddatli chora-tadbir ko‘rish emas, balki insonni qiyin vaziyatdan qutqarib, normal hayotga qaytishini ta'minlashdir.
Kadrlar bilan ta'minlash masalasida professional kadrlar va salohiyati maslahat kengashi talab qilinib, ular ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishda huquq-tartibot organlari, tibbiyot muassasalari, mahalla qo‘mitasi, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda insonlarni qaltis vaziyatlardan chiqib ketishlariga yordam berishda hamkorlik qilish kerak. Shunisi e'tiborga loyiqki, mamlakatimizning uchta oliy ta'lim muassasasida uzoq yillar mobaynida ijtimoiy faoliyat bo‘yicha kadrlar tayyorlangan. Biroq, davlat organlarining birortasida (bolalar bilan ishlash sohasi bundan mustasno) ish o‘rni sifatida shtat birligi yaratilmagan.
Ish bilan ta'minlanish samarali tashkil qilinsa, hozirda istiqbolsiz ko‘ringan ushbu sohaning bitiruvchilari ertaga yangilangan ijtimoiy himoya tizimiga tamal toshini qo‘yishlari mumkin. Davlat tomonidan tayyorlangan va foydalanilmayotgan kerakli mutaxassislarning o‘z o‘rnini topishiga yordam berishimiz zarurligiga tanqidiy nuqtai nazar bilan qarash ijtimoiy sohani tartibga keltirish haqidagi fikrimizni tasdiqlaydi.Bizga ikki ko‘rinishdagi ijtimoiy soha xizmatchisi kerak: hujjatlarni yuritish uchun oliy ma'lumotli menejyer va uydagi nogironligi bor insonlarga xizmat ko‘rsatish, parvarishlash uchun o‘rta ma'lumotli, malakasini oshirgan hamshira.
Davlat barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi kerakmi?
Vaziyatning rivojlanish istiqbolini ko‘rish juda muhim. Aksariyat xizmatlar keyinchalik fuqarolik jamiyati tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, hukumat uning siyosatini, xizmatlarga yondoshuvni belgilaydi, metodologik asosini yaratadi, ijtimoiy xizmatlar reyestrini tuzadi, ularga belgilangan standartni tasdiqlash bilan bir qatorda xalqaro donor tashkilotlari, xususiy sektor, nodavlat tashkilotlari, tashabbuskor guruh va homiylar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantiradi.Keyinchalik dunyodagi aksariyat mamlakatlar singari bunday ko‘rinishdagi xizmatlar ijtimoiy buyurtma tartibi asosida ko‘rsatiladi. Ya'ni, vazirlik va hokimliklar joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga yordam ko‘rsatish tanlovlarini e'lon qilishi mumkin bo‘ladi. Ayrim MDH davlatlari, jumladan, Qozog‘iston, Rossiya, Belorusiyada bunday amaliyot anchadan beri qo‘llanilib kelinmoqda.
Qaysi ijtimoiy xizmatlarga bizda ehtiyoj bor?
Ayrim ijtimoiy xizmatlar bugun u yoki bu shaklda amalga oshirilmoqda, ularning samaradorligini o‘rganish lozim. Shu bilan birga ayrim xizmatlar borki, ular hali yo‘lga qo‘yilmagan. Kuzatishlarim asosida yuzaga kelgan bir qancha fikrlarni e'tiboringizga havola qilaman.
Sankt-Peterburgda bo‘lganimda uysizlarga boshpana beradigan, kechqurunlari bir nechta ovqatlanish korxonalari bilan kelishgan holda ularga issiq ovqat tarqatadigan «Nochlejka» jamoat birlashmasiga borishga muvaffaq bo‘ldim. (Kafelar boshpanasizlarga «fudshering» dasturi asosida bepul taom tayyorlashadi) «Nochlejki» xodimlari uysizlarga realibitatsiyadan o‘tishga, hujjatlarini to‘g‘rilashga, sog‘lig‘ini tiklashga, oilasiga qaytishga yordam berishadi. Aynan shu yerda xayriya qilmoqchi bo‘lganlardan kiyim-bosh qabul qilib olinadi, pul to‘planadi. Bundan tashqari e'lonlar taxtachasi mavjud bo‘lib, u yerda yaqinini yo‘qotganlar qarindoshini topish maqsadida fotosuratini osib qo‘yishadi.
Aytishlaricha, ijtimoiy xizmatchi faqat ikki oydagina ko‘chada daydib yurgan odamni odatiy hayotga qaytarishi mumkin. Undan keyin esa jarayon qiyinroq kechib, odam daydilikning barcha qora tomonlarini o‘ziga singdirib olgan bo‘ladi.
Yolg‘iz qolgan keksalar. Hayot farovonligini oshirish hamda davlatga og‘irlikni solmaslik uchun boshqa mamlakatlarning tajribasidan kelib chiqqan holda qariyalar uyi sonini ko‘paytirmay, ular kunduz kuni tashrif buyuradigan Qariyalarning kunduzgi maskanini tuzish kerak. Bu yerda qariyalar kunduzi tashrif buyurishadi, ular o‘zaro muloqot qilishadi, fikr almashishadi, musiqa tinglashadi, hamshiralar ularning salomatligini tekshiradi, biroq keksalar kechki payt o‘z uylariga qaytishadi. Men bunday Markazlarga Shvetsiya va AQShda duch kelganman. Alohida toifadagi qariyalar uchun uyda parvarish etuvchi ijtimoiy xizmatchi talab qilinib, u uyni yig‘ishtiradi, taom tayyorlaydi, mijozini yuvintiradi. Bu ko‘proq farzandlari doimiy ravishda yashash uchun xorijga ketgan qariyalarga mos kelib, davlat va xususiy hamkorlikning samarali modeli bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ba'zan qariyalarni issiq ovqat bilan volontyorlar ta'minlab turadi. Xarajat talab qilinmaydigan boshqa yo‘nalish, bu TAY-ChI bo‘lib, Xitoy, Singapur, AQShda qo‘llaniladi va keksalar yiqilib tushishining oldini oladi, muvozanatini ushlab tura olishini rivojlantirishga yordam beradi. Chunki qariyalar yiqilib tushsa oqibati yomon asoratga - bo‘ksa suyagining sinishi va harakat qila olmaslikka olib kelishi mumkin.
Jamiyatning dolzarb muammolaridan yana biri – nogironligi bor insonlar vaziyati. Muammoning qirralari ko‘p, uni ko‘z oldimizga keltirish uchun faqatgina ikkitasini keltirib o‘tamiz. Afsuski, nogironligi bor insonlar internatning yuqori devorlari yoki o‘z uylarida «ko‘rinmas odam» bo‘lib qolishmoqda, kamdan-kam holatlarda ularning jamiyat hayotiga aralashganini ko‘rish mumkin. Buyuk Britaniya, Avstriya, Janubiy Koreya, Isroil davlatlarida nogiron kishilarni metro, teatr, do‘kon va ko‘chalarda har qadamda uchratsa bo‘ladi. Bizda esa bu amrimahol. Buning asosiy sabablaridan biri – jamiyat hayotidagi eski qarashlar mavjudligi, shahar muhitida nogironligi bor shaxslar uchun yo‘laklarda taktil koshinlar, aravachalar uchun to‘g‘ri pandus hamda suriluvchi eshiklar, transport infratuzilmasida ovoz signalli va taymerli svetoforlar kabi shart-sharoitlarning yaratilmaganidir. Sharoitni yaxshilashga ko‘pchilik yordam bera oladi, biroq buning uchun kimdir ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlarning holatini o‘rganishni boshlashi zarur.
E'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim taraf – farzandlarida nogironligi bo‘lgan oilalarga e'tibor. Bunday oilalarga kaysi mamlakatda bo‘lmasinlar, birdek qiyin. Ammo bizning yurtimizda bunday ota-onalar farzandida nogironligi bo‘lgani uchun olinadigan nafaqadan boshqa hech qanday yordam olmaydi.Farzandida nogironligi bo‘lgan oilalarda asosiy og‘irlik ona zimmasiga tushadi, ota odatda bunday oilasini tashlab ketadi. Bunday farzandlari bor ota-onalar o‘rtasida o‘zaro ko‘mak berish guruhlarining tuzilishi bunday bolalarni parvarishlashga yordam markazini yuzaga keltiradi. Yoki, Rossiyada amalga oshirilganidek, markaz tomonidan oilaga yordam uchun kelgan o‘rta ma'lumotli ijtimoiy xizmatchi oziq-ovqatlarni xarid qilishga, taom tayyorlashga, uyni yig‘ishtirishga yordam berib, hayot tarziga mazmun kiritadi.
Onaning qo‘lini haftasiga bir necha soatgina bo‘sh qoldirish orqali davlat uni qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qaltis qadamdan, farzandini internatga topshirib, umrining oxiri - o‘limigacha davlat qaramog‘ida qolishidan to‘xtatib qoladi.
Oilaviy zo‘ravonlikdan vaqtinchalik saqlovchi Krizis markazlari hayotiga oxirgi nuqta qo‘yish holatiga kelgan ayollarga boshpana vazifasini bajaradi. Bunday boshpanalar bolali yosh ayollarni qabul qilib, ularga ijtimoiy xizmatchi, psixolog, yurist yordamini ko‘rsatadi. Bunday boshpanada e'lon qilib osib qo‘yilgan yozuv va ro‘yxat bo‘lmaydi, u maxfiylikni ta'minlashi hamda ishonchli maskanga aylana olishi shart. Yaqinda Iroda ismli yosh ayol bilan tanishib qoldim. Iroda chekka qishloqlardan birida yashagan, yetim, badanida kuyish alomatlari bor. Oshxonasida gaz portlashi oqibatida alanga sintetika ko‘ylagini qoplagan va butun badanini kuydirgan. Hozir u ikkinchi guruh nogironi. Bir yil o‘tib turmush o‘rtog‘i Irodani ikki farzandi bilan birga tashlab ketgan. Qo‘lida ikki bolasi, ishsiz, pulsiz qolgan ayol o‘g‘li va qizini bolalar uyiga vaqtinchalik topshirishga majbur bo‘lgan. Iroda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Shu payt unga Samarqanddagi «Rahmdillik» tashkilotining rahbari vrach-kambustiolog Bibisora opa ruhiy ko‘mak bergan, hayotini saqlab qolgan. Irodaning ish topishiga yordamlashgan, oradan ikki oy o‘tib Iroda farzandlarini bolalar uyidan qaytarib olgan. Ayollarimiz uchun mana shunday boshpanalar ko‘proq ochilishi kerak.
Rossiya xospislari ijtimoiy faoliyat va palliativ yordam ko‘rsatishning yana bir yaxshi to‘qnashish nuqtasi bo‘lishi mumkin (palliativ yordam – davolash mumkin bo‘lmagan, oxiri o‘lim bilan yakunlanadigan kasalliklarga chalingan bemorlarning dardini yengillashtirish). Masalan, saratonga chalingan bolalar umrining so‘nggi oylarini og‘riqsiz o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi (hozirgi kunda morfiy yetishmaydi), ularga tibbiy, ijtimoiy, psixologik yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularning oilasiga yaqini kasallikka chalingan hamda uni yo‘qotgan paytda ko‘mak berish.
Sog‘liqni saqlash Vazirligi yaqinda e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 100 mingdan ortiq kishi onkologik kasallikka chalingan va palliativ yordam berishni rivojlantirish kimyo-terapiya kursi yordam bera olmaydigan bemorlarning ahvolini yengillashtirish bilan chambarchas bog‘langan.
Bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Biroq, shuni aytish kerakki, yangi organ turli toifadagi xizmatlar ko‘rsatuvchi yetakchi markazlarni ishga tushirishi hamda tajribaga asosan uni keng tatbiq etishning milliy modelini ishlab chiqishi mumkin.
Fikrimcha, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya qilish tizimini samarali yaratish uchun barcha sharoitlar mavjud. Davlat organlarida aniq vazifalar asosida o‘tkazilayotgan islohotlar zaminida uzilgan bo‘g‘inlarni birlashtirishga yordam beruvchi ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning aniq rejasi hamda uslubiy islohotining aniq “manzarasini ko‘rish” juda muhim.
Yordamga muhtojlarga ko‘mak, mehr-shafqat ko‘rsatib hamjihatlikda ularni qo‘llab-quvvatlash, eng oliy va milliy qadriyat hisoblanib, u befarq bo‘lgan insonlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtiradi. Shu maqsad yo‘lida birlashib, yagona kuchga aylanamiz. Muhimi, qiyin vaziyatlarga tushgan, umidsiz qolgan insonlarga ularni qo‘llab-quvvatlovchi, yordam berishga tayyor turuvchilarning borligini bildirishdir.
Mavzuga oid
20:10 / 25.12.2024
O‘zbekiston uchun sinov: Aholi ko‘payishi bilan, inson kapitali ham o‘sishi kerak
08:10 / 10.12.2024
O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,5 mlndan oshdi
12:42 / 01.12.2024
O‘zbekiston aholisining tarkibi ma’lum qilindi
10:11 / 28.11.2024