Jamiyat | 16:35 / 27.07.2018
33570
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullayeva vafot etdi

Taniqli paxtakor, usta dehqon, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, O‘zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullayeva 78 yoshida 2018 yil 27 iyul kuni vafot etdi. 

Siyosatxon Abdullayeva 1940 yil 5 noyabrda Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanida tug‘ilgan. Andijon Paxtachilik institutini  tamomlagan. 

O‘z mehnat faoliyatini 1959 yilda Oltinko‘l tumanidagi “Namuna” shirkat xo‘jaligi ishchisi sifatida boshlagan.  1972-1978  yillar  Oltinko‘l tumanidagi “Namuna” shirkat xo‘jaligi bolalar bog‘chasi tarbiyachisi, 1978-2006 yillar Oltinko‘l tumanidagi “Namuna” shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida mehnat qildi.

2006 yildan shu kungacha Oltinko‘l tumanidagi “Oltinko‘l vodiy gulshani” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib keldi.   

Siyosatxon Abdullayeva o‘z kasbini ulug‘lagan, paxtachilikda o‘ziga xos “Andijon maktabi”ni yaratgan mirishkor dehqonlardan biri edi. U o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida ko‘plab yoshlarni tarbiyalagan mutaxassis, paxta ilmining ustasi, dehqonchilikda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan olim sifatida namoyon qildi.  

Boy bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Siyosatxon Abdullayeva jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, el-yurt o‘rtasida katta obro‘-e'tibor qozongan edi.

Siyosatxon Abdullayevaning ko‘p yillik samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U 2005 yilda “Do‘stlik” ordeni, 2008 yilda “O‘zbekiston Qahramoni”  unvoni bilan mukofotlangan edi.   

Mavzuga oid