Light | 00:47 / 05.08.2018
22710
4 daqiqa o‘qiladi

Mutolaa zavqi. "Qumdagi xotin" xususida

Yapon xalqi azaldan qat'iyatli va metin irodali xalq deb hisoblanib kelinadi.

Samuraylar harakati, 200 yildan oshiq davom etgan «yopiq eshiklar» siyosati... juda qiziq xalq xullas.

Tarixiga qiziqsam-da, hech adabiyoti bilan tanishmagandim.

Shu sabab XX asrda yashab, o‘ziga xos yo‘nalishda ijod qilgan Kobo Abening «Qumdagi xotin» romanini o‘qib chiqishga qaror qildim.

Juda qiziq. O‘quvchi qum so‘ziga shunchalik ko‘p duch keladiki, kitobni o‘qish davomida qahramonlar o‘rnida o‘zini issiq «qafas»da yashagandek his qiladi. Masalan, «...suv ochib ketgan og‘zidagi so‘lakni yutmoqchi edi, yutolmadi – tomog‘iga tiqilib qoldi... So‘lagi qo‘ng‘ir, quyqa ko‘pik bo‘lib yig‘ilib qolipti. So‘lagini tupurib tashlarkan, og‘zida qolgan qumning go‘dirligini yana ham kuchliroq seza boshladi. U lablarining ichki tomonlarini tilining uchi bilan yalab, tupurib tashlamoqchi bo‘lgan edi, iloji bo‘lmadi. Qaytaga og‘zi qurib, hamma yog‘i yallig‘lanib ketgandek bo‘ldi».

Romanda ko‘tarilgan asosiy g‘oya shaxs va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, manfaatlar to‘qnashuvi, inson qadriga qaratilgan.

Bosh qahramonni adashib qolib, keyin tutqunlikda ushlab turilgan ilk kunlarda, u «soliq to‘lab,tekin meditsina hizmatidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan» odam sifatida politsiya uni qidirishi, gazetalar u haqida tinmay yozishi, o‘qituvchilar huquqini himoya qiluvchi kasaba uyushmalari uni qidirishiga ishonchi komil edi. Lekin uni qidirishmaydi, vaqt o‘tib o‘lganlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yishadi va xotiradan o‘chib ketadi.

Yozuvchi bu bilan o‘sha davrda insonning qadri qanchalik jamiyat uchun past bo‘lganini ko‘rsatmoqchi, fikrlashga chorlamoqchi bo‘lgandek.

Qum. Hamma joy qum. Uning bag‘rida joylashgan, bosh qahramonni tutqunlikda ushlab turgan qishloq. Qishloqning o‘ziga xos jihati shundaki,uchib yuruvchi qumlarni vaqtida tozalab turmasa chuqurlikda joylashgan qum nurab borayotgan uylarni bosib qoladi. Tozalash vazifasi esa chuqurdagi kichik «qullar» jamoasiga yuklatilgan. Ya'ni jamiyatning butun og‘ir yuki ma'lum toifa insonlarga yuklatilib, qolganlar ularni ustida «haybarakalla»chilik qiladi.

Bosh qahramonga sherik bo‘lgan xotin hayotining mazmuni – qumni tozalash, ularni yig‘ish, xolos. Bu kabi odamlarni yozuvchi, faqat «bir tarafga borish uchun chiptasi bor» insonlar deb ta'riflaydi. Borish bor, qaytish yo‘q.

Fikrimcha, qumlar  bu - turmush tashvishlari,bizga yuklab qo‘yilgan burch va vazifalar. Hayotimizga bir qarang, bir xil. Romandagi xotin kabi qumlar (turmush tashvishlari)ni tozalash (bajarish)ni to‘xtatib, do‘ppini boshdan olib, hayotdan maqsadim ne, nima uchun bu dunyoga keldim deb o‘ylamaymiz. Uni o‘rniga qumlarni tozalab, umrimizni o‘tkazamiz...tozalab, umrimizni o‘tkazamiz...

O‘qishni tavsiya etamiz: Qirollar o‘qigan asar – «Hukmdor» haqida

Amir Temur o‘z o‘g‘liga nega o‘lim hukmi e'lon qilgan edi?

Bolaga kitob o‘qib berish emas, qanday kitobni o‘qib berish muhim

Mavzuga oid