Light | 10:47 / 07.08.2018
7537
7 daqiqa o‘qiladi

Lomografiyaning 10 oltin qoidasi

1991 yilda Vena shahridan bo‘lgan talabalar guruhi Praga fotoapparatlar do‘konidan arzon “LOMO Kompakt-Avtomat” fotoapparatini xarid qilishdi. Ular orasida raqamli texnologiyalar davrida analog kameralar va plyonkalarni sotadigan Lomography kompaniyasi asoschilari - Salli Bibevi va Mattias Figel ham bor edi.

“LOMO Kompakt-Avtomat” kamerasi o‘sha vaqtda mashhur emasdi. Esdalik uchun bir necha fotoapparatni olib, talabalar Venaga qaytishdi. Uyda Bibevi va Figel kameralar g‘aroyib, ya'ni sifati past, yaroqsiz suratlar olishini sezib qolishdi. Kameraning yon tarafidan yorug‘lik tushgani uchun plyonkaning ba'zi qismlari o‘zgacha ko‘rinish kasb etar, ba'zida suratlarda g‘alati, noodatiy tutun effekti paydo bo‘lardi.

Foto: Lomography

Bibevi va Figelning so‘zlariga ko‘ra, ular bunday kamerani ayni vaqtda topib olishdi. Suratlarni “paydo qilish” o‘sha paytda arzon edi va deyarli har bir odam bunday fotoapparatni sotib olishi mumkin edi. Biroq fotografiyada muayyan qoidalar mavjud bo‘lgan: kadr kompozitsiyasini to‘g‘ri qo‘yish, ehtiyotkorlik bilan suratga olish va suratni paydo qilish vaqtida oqarib qolgan joylar va boshqa kamchiliklarga ega suratlarni tashlab yuborish.

Bibevi va Figel bu qoidadan xalos bo‘lishni istashdi. Ular Lomografik jamiyat yaratishdi – nom o‘sha g‘aroyib kamera sharafiga qo‘yildi. Jamiyat tomonidan muallifi ko‘rsatilmagan “yaroqsiz” suratlar ishtirokidagi ko‘rgazmalar o‘tkazilardi. Bunday yondashuvni Figel “demokratik” deb nomlardi. Yangi yo‘nalish yaratuvchilari odamlarning fotografiyaga nisbatan munosabatini o‘zgartirib, u bilan nafaqat professionallar, balki barcha shug‘ullanishi, o‘zi bilan fotoapparat olib yurish kerakligi va olgan suratlaridan mamnun bo‘lishni isbotlamoqchi edilar. Lomografiya o‘zini suratkash sanaganlar uchun emas, kamerasi bor har qanday odam uchun mo‘ljallangandi.

– O‘sha vaqtlarda odamlar yiliga fotoplyonkaning bir yarim kassetasini sarflashardi – suratlarni faqat tug‘ilgan kun va Yangi yil kechasida  olishgan, - deya hikoya qiladi Bibevi. – Biz esa umuman boshqacha yo‘l tutishni taklif etdik: odamlarga fotoapparatni doim o‘zlari bilan olib yurishlari va hamma joyda suratga tushishni aytardik.

Qizig‘i fotografiya qoidalaridan xalos bo‘lishni istagan jamiyatning ham o‘z qoidalari bor edi. Lomografiyaning “10 ta oltin qoidasi” mana bunday:

  1. Kamerani doim o‘zing bilan olib yur.
  2. Undan doim – kunduz kuni ham, tunda ham foydalan.
  3. Lomografiya hayotingga xalaqit qilishi emas, uning bir qismiga aylanishi kerak.
  4. Lomografik qiziqish uyg‘otgan obektga maksimal darajada yaqin kel.
  5. O‘ylama.
  6. Tezkorlik bilan harakat qil.
  7. Plyonkada nima paydo bo‘lishini oldindan bilishing kerak.
  8. Xuddi paydo bo‘lganidan keyin kabi.
  9. Hech qanday qoidalar haqida o‘ylama.

 

Odatda fotografiya bilan shug‘ullanish oson emas: fotoapparatlar qimmat bo‘ladi, yana linzalar narxini ham hisobga olish lozim. Biroq suratga olishning bu usuli narxi qimmat bo‘lmagan kameraga ega bo‘lganlar uchun arzon va hammabop edi. Nimadandir xavotir olish ham shart emas.

– Aynan biz odamlarga fokussiz surat juda chiroyli bo‘lishini aytdik, - deydi Bibevi. – Yorug‘lik sabab xira tushgan suratlar yaroqsiz hisoblanardi. Biroq bunday suratlar chiroyliligini, kutilmagan elementlar sabab qadrliroq ekanini tushuntira boshladik.

Foto: Lomography

Juftlikning so‘zlariga qaraganda, ularning harakati xato qilib qo‘yishdan qo‘rqib avval fotografiya bilan shug‘ullanishga jazm qilolmayotganlarda ishtiyoq uyg‘otdi. Xuddi hozirda smartfoni bor har qanday odam o‘zini suratkash demagan holda va maxsus ta'limsiz o‘z hayotini suratga olishi mumkinligi kabi.

Lomografik jamiyat uslublari odamlarda qiziqish uyg‘otdi, kameraga bo‘lgan talab esa ortdi. Jamiyat Sankt-Peterburgdagi “LOMO” zavodi bilan fotoapparatlarni yetkazib berishga shartnoma tuzdi. SSSR qulaganidan so‘ng fabrika moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi, biroq kameralarni ishlab chiqarishda davom etdi. Biroz vaqt o‘tgach, aniqrog‘i 2000-yillarning boshida ishlab chiqarish Xitoydagi fabrikaga o‘tkazildi.

Tez orada biznes xalqaro tus oldi, Lomography do‘konlari Gonkong va Nyu-York kabi shaharlarda paydo bo‘ldi. Assortiment ham kengaydi. Endilikda kompaniya nafaqat “Lomo-Avtomat” original fotoapparati, balki turli 35 millimetrli kameralar, 120 tipdagi fotoplyonkalarni sotardi va hatto 110 formatdagi plyonkaning o‘tmishdagi ommaviyligini qaytara oldi. Firma videokameralar, bir zumda surat chiqaradigan fotoapparatlar va nuqtali diagrammali kameralarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanardi. Ba'zi mahsulotlar Urban Outfitters kiyim do‘konlarida ham sotilardi.

Foto: Lomography

Raqamli texnologiyalar paydo bo‘lishi bilan plyonkali fotografiya bir qator yutuq va muvaffaqiyatsizliklarni boshdan kechirdi. “U o‘tmishga aylanadi” degan fikrlar ham bo‘ldi. Biroq lomografiya “omon qoldi”.

Analog fotografiya bilan shug‘ullanadigan boshqa kompaniyalar yopilishni boshlagach, Lomography asoschilari bunday suratlarni yaratishga oid bilimlarni saqlash kerakligini anglashdi. Bunday qat'iylik o‘zini oqladi, axir so‘nggi vaqtlarda fotoplyonka ikkinchi umrga ega bo‘lmoqda.

Foto: Lomography

Fotoplyonka urfi yosh avlodga nima uchun qaytayotgani u qadar tushunarli emas. Bibevi va Figel buni plyonka yoshlar uchun yangi va avval ma'lum bo‘lmagan narsa sifatida qabul qilinmoqda deya tushuntirdi. “Hozirda u kutilmagan sovg‘a effektini olib kelyapti, - deydi Bibevi.  – Odamlar juda qiziquvchan. Aynan qiziquvchanlik odamni yangi biror nima xarid qilishga undaydi”.

Kundalik hayotda olingan suratlar bilan o‘rtoqlashish imkoniyati – ijtimoiy tarmoqlarning muhim bir qismi. Instagram’da analog davrni esga soluvchi ko‘plab filtrlar mavjud. Masalan, ulardan biri ilgari Lomo-fi deb ataladi.

Hozirda kompaniya fotoplenkaning ortga qaytgan ommaviyligi oqimida ishlamoqda. “Bu trend emas, - deydi Bibevi. – Ilgari hamma analog fotografiya yo‘qolib ketadi deb o‘ylashardi, hozir esa u bor-yo‘g‘i o‘z o‘rnini egallashini tushunishmoqda”.

Mavzuga oid