Jamiyat | 10:59 / 13.08.2018
52200
5 daqiqa o‘qiladi

Tungi klublarda katta miqdorda soliqlardan qochish kuzatilayotgani ma'lum bo‘ldi

Foto: GRTravel

“Vostochniy kvartal”, “Prints”, “Zara”, “Budur”, “Berezka”, “Pantera”, “Legion”, “Gorod”, “Zero”, “Aurum 898”, “Layk bar”, “Uan mor”, “FM bar”, “Jyey Kyu”, “Luksor”... bularning nomini yana davom ettirish mumkin. Ularning peshtaxtasini o‘qigan kishi qaysi bir chet mamlakatga kelib qoldim deb o‘ylashi mumkin. Yo‘q, chet mamlakatda emassiz, Toshkent shahrida bugungi kunda qirqqa yaqin shunday tungi vaqtda ishlashni xush ko‘radigan obektlar mavjud.

Demokratik jamiyatimizda tadbirkorlarga keng sharoitlar yaratilmoqda, ularning ko‘pchiligi halol xizmat ko‘rsatib, qonunlarni hurmat qilgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda, soliqlarni to‘lamoqda.

Lekin, xalqimiz “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi” deganidek, raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, ayrim savollar tug‘iladi.

Tungi klublarning hammasi yagona soliq to‘lovchisi bo‘lib, 2018 yilning I yarim yilligida byudjyetga 1,3 mlrd so‘m yoki oyiga o‘rtacha 226 mln so‘mdan soliq to‘lagan. Bu ko‘pmi yoki kammi degan savol tug‘iladi?

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan xronometraj va tahlil natijalari bilan tanishgach, bu savolga o‘zingiz javob olasiz.

Xronometraj natijalari kechdan tonggacha ishlayotgan bunday sub'yektlarda eng kam hisobda tushumlarini o‘rtacha 4 barobargacha yashirilayotganligini ko‘rsatmoqda. Agar bu raqamlarni 6 oyga ko‘paytiradigan bo‘lsak, haqiqiy tushum 54,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. 

Lekin, korxonalar tomonidan hisobotlarida jami tovar aylanma summasi 13,6 mlrd so‘mni tashkil etganligi ko‘rsatilib, oradagi farq summasi 40,6 mlrd so‘mdan iborat. Bu 4,1 mlrd so‘m soliq byudjyetga to‘lanmadi degani.

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida har bir tungi maskanlarda mijoz tomonidan bir dona stolni band qilish uchun norasmiy majburiy buyurtma (obyazalovka) mavjudligi aniqlangan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha bir kishi bitta stolni band qilishi uchun 137,4 ming so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirishi lozim. 

Endi o‘zingiz hisoblang, o‘rindiqlar soni o‘rtacha 50tadan hisoblanganda bir kunda 254,2 mln so‘m va bir oy davomida shunday faoliyat amalga oshirilsa 7,6 mlrd so‘m, 6 oy davomida esa 45,7 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bu yana 4,5 mlrd so‘m soliq degani.

Bular hali hammasi emas, hisobotlarida ishlayotgan xodimlarini 10-11 nafardan ko‘rsatgan bo‘lsalar, xaqiqatda 20-25tagacha yoki 2 barobarga yashirilmoqda va ularga ham konvertda berilayotgan ish haqiga daromad solig‘i hisoblanadigan bo‘lsa, bu ham o‘rtacha 250 mln so‘mga yaqin soliq summalari degani.

Xalqimiz azaldan halollikni yaxshi ko‘radi. Kimni qanday hordiq chiqarishi uning shaxsiy ishi. Bunday klublarning tungi 2-3dagi qo‘shtirnoq ichidagi “aziz mehmonlari” kimligi hech kimga sir emas.

Lekin, erkinlik bilan birga javobgarlik masalasi ham yot tushuncha emas.

Bugungi kunda soliq organlariga berilgan qo‘shimcha vakolatlar, zamonaviy axborot texnologiyalari bunday sub'yektlarni nazoratga olish va to‘liq soliqqa tortish imkoniyatini kafolatlaydi.

Ma'lum bo‘lishicha, davlat soliq xizmati organlari tomonidan barcha sub'yektlarga nisbatan ogohlantirish xatlari yuborilib, nazorat tadbirlari davom ettiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar alkogolli mahsulotlar savdosini soat 21:00dan so‘ng, umumiy ovqatlanish shoxobchalarda aholiga xizmat ko‘rsatishni soat 22:00dan cheklash bo‘yicha ogohlantirilayotgani xabar berilgandi. Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida 11 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan topshiriq va aholi tinchligini ta'minlash maqsadida ushbu cheklov amalga oshirilmoqda. 

Mavzuga oid