Bugun katta futbol: UYeFA Superkubogi oldidan
Bugun Estoniya poytaxti Tallinda UYeFA Superkubogi sovrini uchun navbatdagi bahs bo‘lib o‘tadi. Tarixda birinchi marta bu sovrin uchun bir shaharning ikki jamoasi kurashadi, ya'ni derbi.
MUSOBAQA TARIXI
UYeFA Superkubogi 1972 yilda tashkil qilingan. Bu turnir asoschisi sifatida Niderlandiyaning De Telegraaf nashri muxbiri Anton Vitkamp tilga olinadi. O‘sha paytlarda Niderlandiya futboli va chempionatining darajasi qit'ada juda yuqori bo‘lgan va Vitkamp golland jamoalarininng Yevropa maydonlarida sinovdan o‘tkazishning yangi yo‘nalishini axtaradi. Kroyf boshchiligidagi «Ayaks» va «Feyyenord» o‘sha yillari to‘rt marotaba Chempionlar Kubogi finalida o‘ynab, uch marta g‘olib chiqishgandi.
U paytlarda Chempionlar kubogida faqat chempion jamoalar qatnashar, tabiiy ravishda, boshqa kuchli klublar Kubok egalari kubogi yoki UYeFA kubogida o‘z mahoratlarini sinab ko‘rishardi. Ko‘rinib turibdiki, Chempionlar kubogi boshqa yevrokuboklardan yaqqol kuchli bo‘lmasdi, demakki, UYeFA Superkubogi rostan ham Yevropaning eng kuchli jamoasini aniqlovchi o‘yin sifatida ham qaralar edi.
Xullas, Anton Vitkamp, «Ayaks» prezidenti Yap van Prag va uning otasi Mixael van Prag o‘sha paytdagi UYeFA prezidenti Artemio Frankini yangi sovrinni joriy qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘ladilar. Ammo UYeFA bu g‘oyaga xayrixohlik bildirmadi, buning sabablaridan biri, o‘shanda superkubok uchun «Ayaks»ga raqiblik qilishi kerak bo‘lgan «Glazgo Reyndjers» jamoasi diskvalifikatsiya qilingandi. Shu bilan birga, «Reyndjers» o‘zining yuz yilligini nishonlayotgandi, natijada, dastlabki Superkubok uchun o‘yin norasmiy tusda o‘tadigan bo‘ldi, De Telegraaf nashri esa, homiylikni o‘z zimmasiga oldi. To‘qnashuv «Ayaks»ning ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Lekin UYeFA bu uchrashuvni tan olmadi.
Aytish kerakki, 1972 yildan beri muntazam o‘tkazilib kelinadigan bu musobaqa 1974, 1981 va 1985 yillarda tashkil etilmagan. Sababi, klublar uchrashuvlar vaqtini kelisha olmagan edi. 1998 yildan beri esa, g‘olib faqat bir o‘yinda aniqlab kelinmoqda.
ISPANIYa GeGeMONLIGI
Shu bugungacha niderlandiyaliklar uch marotaba bu sovrinni yutib olishgan bo‘lsa, ayniqsa, so‘nggi yillardagi yaqqol ustunlik evaziga La Liga jamoalari ancha ilgarilab ketishdi. Ispan jamoalari hammasi bo‘lib 14 marotaba Yevropa Superkubogini qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, shundan 8tasi so‘nggi 9 yilga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rnidagi italiyaliklarda 9ta Superkubok sovrini mavjud.
Bu safar ispanlar 15-marotaba bu sovrinni yutib olishlari aniq, zero, so‘nggi besh yilda to‘rtinchi marotaba Superkubok uchun ikki ispan jamoasi maydonga tushayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu safar bu bilan ham qanoatlanmay, nafaqat bir davlat, balki bir shaharning ikki jamoasi hal qiluvchi o‘yinda raqib bo‘ladi. Demak, bu yilgi Superkubok sovrini Madridga ketishi aniq.
«Real» bu o‘yinda g‘alaba qozonsa, o‘z tarixida beshinchi marotaba Yevropa Superkubogi sohibi bo‘ladi va bu borada yetakchi bo‘lgan «Milan» va «Barselona»ga yetib oladi. «Atletiko» g‘alaba qozonsa, bu jamoa uchun uchinchi Superkubok bo‘ladi va «Liverpul» hamda «»Ayaks» kabi jamoalariga yetib olinadi.
JAMOALAR HOLATI
Aytish kerakki, so‘nggi yillarda Yevropa Superkubogi klublar uchun mavsum oldidan muhim nazorat uchrashuvi sifatida qabul qilinyapti. Avgust oyi, hali jamoalar endigina mavsumoldi yig‘inlarni yakunlab, chempionat o‘yinlarini boshlash arafasida, ko‘p futbolchilar, ayniqsa, jahon chempionatidan so‘ng, to‘liq sport formasiga kirib ulgurmagan bo‘lishadi.
Ammo baribir, Yevropaning ikki kuchli klubi mavsumga qanday holatda kirib kelayotganini ko‘rish ham qiziq. Shuningdek, «Real» boshqaruvini qo‘lga olgan Lopategi uchun ham ilk rasmiy o‘yinni sovrin yutib olish bilan boshlash muhim bo‘lsa kerak.
Ispaniyada hali transfer oynasi yopilmagani uchun hali o‘zgarishlar bo‘lishi, masalan, «Real» Azarni yoki Keynni, balki Mbappeni sotib olishga urinib ko‘rishi mumkin. Bugungi holatda esa, «Real»ning transfer siyosatini u qadar faol deb bo‘lmaydi. Aksincha, «Atletiko»ni bu borada maqtash mumkin, bir qator ingliz grandlari qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan Toma Lemarning 70 million yevroga «Atletiko»ga kelishi Simeone jamoasining yangi mavsumdan umidi katta ekanini bildiradi.
Aslida, «Atletiko»ning yana bir yilga Antuan Grizmanni saqlab qolganining o‘ziniyoq katta yutuq sifatida qabul qilsak bo‘ladi. Shuningdek, xorvatiyalik hujumchi Nikola Kalinich 15 million yevroga va «PSV» himoyachisi Santyago Aryas 11 millionga sotib olindi. Aryas «Inter»ga transfer qilingan Vrsalkoning o‘rnini bosishi kerak bo‘lsa, Kevin Gemeyro «Valensiya» a'zosiga aylandi, Fernando Torres ham Madridni tark etdi. Nikola Kalinich aynan hujum chizig‘ida harakat qiladi.
«Real» Ronalduni «Yuventus»ga sotib yuborganidan tashqari, Mateo Kovachich «Chelsi»ga ijaraga berildi. Belgiyalik darvozabon Tibo Kurtua nihoyat «Chelsi»dan ketib, «Real» libosini kiyadigan bo‘ldi. Shuningdek, nazorat o‘yinlarida iliq taassurot qoldirgan himoyachi Odrisiola va Braziliyadan 45 million yevro evaziga kelgan Vinisius Juniordan ham umid katta.
Nazorat o‘yinlariga kelsak, «Real» yig‘inlardagi ilk o‘yinini ikki hafta oldin AQShda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘tkazdi va 1:2 hisobida yutqazdi. Keyingi ikki o‘yin ham okeanortida bo‘lib o‘tdi va Italiya jamoalari «Yuventus» va «Roma» ustidan mos ravishda 3:1 va 2:1 hisobida ustun kelindi. 11 avgust kuni «Milan»ga qarshi Madridda bo‘lib o‘tgan o‘yin esa, 3:1 hisobida Lopategi shogirdlari g‘alabasi bilan yakunlandi.
«Atletiko»ning mavsumoldi o‘yinlari biroz kamtarona ruhda o‘tdi, deyish mumkin. «Arsenal» va «Shtutgart» bilan bir xil – 1:1 hisobida duranglar qayd etilgan bo‘lsa, «PSJ» bilan o‘yinda raqib 3:2 hisobida ustun keldi. Yana bir mag‘lubiyat uch kun oldin «Inter» bilan o‘yinda qayd etildi. Madridda bo‘lib o‘tgan o‘yinda italiyaliklar minimal hisobda g‘alaba qozonishdi. Yig‘inlardagi yagona g‘alaba Kalyarida mahalliy jamoa ustidan 1:0 hisobida qo‘lga kiritildi xolos.
TAXMINIY TARKIBLAR
Bugungi o‘yinga har ikki jamoa ham deyarli to‘liq tarkib bilan yetib kelmoqda. «Real» tarkibida sezilarli yo‘qotish sifatida Luka Modrichni ko‘rsatish mumkin. Birinchidan, JCh finalida maydonga tushgan bu futbolchi sheriklaridan ancha kech ta'tilni tugatdi va hali sport formasida emas. Ikkinchidan, uning «Inter»ga o‘tish masalasi hamon ochiq qolmoqda. Futbolchi va uning agenti ushbu transfer tarafdori, «Real» esa yetakchi yarim himoyachisini saqlab qolmoqchi. Italiyada transfer oynasi 2 kun ichida berkilishini e'tiborga olsak, shu kunlarda Modrichning taqdiri uzil-kesil hal bo‘ladi. Shuningdek, jarohatlar tufayli Valexo va Odriosola ham bugun «Real»ga yordam bera olmasa kerak.
ReAL: Navas, Karvaxal, Ramos, Varan, Marselo, Kazemiro, Kroos, Isko, Beyl, Benzema, Asensio.
ATLeTIKO: Oblak, Xuanfran, Godin, Ximenes, Luis, Koke, Saul, Rodrigo, Lemar, Grizmann, Kosta.
O‘YINOLDI FIKRLAR
Yulen Lopategi (Real)
– Biz, albatta, yutishni xohlaymiz, ammo buning uchun tayyor bo‘lishimiz kerak. Bizni qiynab qo‘yishi aniq bo‘lgan kuchli raqib ustidan g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgan barchasini amalga oshiramiz. «Atletiko» – bir qancha ajoyib futbolchilar va ajoyib murabbiyga ega bo‘lgan, bir necha yildan beri to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilayotgan jamoa. Bu final. Har ikki jamoa ham osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Lekin biz bu yerga g‘alaba qozonish uchun keldik va «Atletiko»ni qanday yutishni bilamiz.
Diyego Simeone (Atletiko)
– Biz o‘tgan yilga nisbatan yanada kuchaymoqchimiz va buning uchun nima qilish kerakligini tushunib turibmiz. «Real» yangi murabbiy qo‘l ostida yangi uslubda harakat qiladi, bizning maydonimizda to‘pni egallash va nazorat qilishga urinadi. Lopategi Ispaniya terma jamoasida ham bu falsafaga ergashgan va albatta, «Real»da ham buni davom ettiradi. Biz uchun eng muhimi, o‘yinda emotsiya bilan o‘ynash va irodani namoyish qila olish. Biz buni eplaymiz. Jamoa bilan kelgan barcha futbolchilar sog‘lom va o‘yinga tayyor holatda.
FAKTLAR
«Real» UYeFA Superkubogini qatorasiga uch marta yutgan ilk klubga aylanishi mumkin. Ammo «Atletiko» shu paytgacha Superkubok uchun ikki marta maydonga tushgan bo‘lsa, ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozongan.
2013 yildan buyon «Atletiko»ni yevrokuboklardan faqat «Real» chiqarib yubormoqda.
«Real» va «Atletiko» yevrokuboklarda bugungacha to‘qqiz marta qarshi kelishgan. Bu o‘yinlarning barchasi Chempionlar Ligasi yoki Chempionlar Kubogi turnirlariga to‘g‘ri keladi.
«ReAL» va «ATLeTIKO»ning Yevropa Superkubogidagi uchrashuvlari
ReAL:
1998 yil. CheLSI – ReAL 1:0 (Gustavo Poyyet, 83)
2000 yil. ReAL – GALATASAROY 1:2 (Raul, 79 – Jardel, 41, 103)
2002 yil. ReAL – FeYYeNORD 3:1 (Pauve avtogol, 15, R. Karlos, 21, Guti, 60 – van Xeoydonk, 56)
2014 yil. ReAL – SeVILYa 2:0 (Ronaldu, 30, 49)
2016 yil. ReAL – SeVILYa 3:2 (Asensio, 21, Ramos, 90+3, Karvaxal, 119 – Vaskes, 414, Konoplyanka, 72)
2017 yil. ReAL – MANCheSTeR YuNAYTeD 2:1 (Kazemiro, 24, Isko, 52 – Lukaku, 62)
ATLeTIKO:
2010 yil. ATLeTIKO – INTeR 2:0 (Reyyes, 62, Aguero, 83)
2012 yil ATLeTIKO – CheLSI 4:1 (Falkao, 6, 19, 45, Miranda, 60 – Keyxil, 7)
O‘YIN
Uchrashuv bugun, 15 avgust kuni, Toshkent vaqti bilan soat 24:00da boshlanadi. O‘yin Estoniya poytaxti Tallin shahridagi «Lileklyula» stadionida bo‘lib o‘tadi. Olti yil oldin UYeFA 1998 yildan beri davom etib kelinayotgan an'ana - Superkubok o‘yinlarini Monte Karlodagi Lui II stadionida o‘tkazishdan voz kechdi va shu tariqa futbolda u qadar rivojlanmagan mamlakatlar ham Yevropa Superkubogi o‘yinidan jonli tarzda bahramand bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda Praga, Kardiff, Tbilisi, Tronxeym va Skope shaharlari UYeFA Superkubogi o‘yinini qabul qildi.
Birgina muammo sifatida stadion sig‘imining kichkina ekani tilga olinayotgandi va hatto klublar o‘yinni Madridga ko‘chirish bo‘yicha taklif bilan chiqishdi. Ispaniya ommaviy axborot vositalari stadionning atigi 10 500 tomoshabinni sig‘dira olishi haqida yozib vahima ko‘tardi, lekin bu eski ma'lumot edi. UYeFAning «Xet Trik» loyihasiga tushgandan so‘ng, «Lileklyula» sig‘imi ikki barobarga ko‘paygan.
Uchrashuvni polshalik hakam Shimon Marchinyak o‘z yordamchilari bilan boshqarib boradi.
O‘zbekistonlik futbol muxlislari bu o‘yinni jonli efirda «Futbol TV» telekanalidan ko‘rishlari mumkin.
Qahramon Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024