O‘zbekiston | 19:27 / 15.08.2018
12430
2 daqiqa o‘qiladi

Toshni teshgan tomchilar: Xato qilmagan yangilik yarata olmaydi

Biror ishni maqsad qilar ekansiz, sizni maqtovchilar qatorida tanqidchingiz ham bo‘lmasa, bilingki, siz omadsiz insonsiz. Maqtov bevafo do‘stdir. U sizni cho‘qqiga olib chiqib, omonat bir o‘ringa joylab tushadi. Sal harakat bilan u joydan pastga qulashingiz mumkin. Agar omon qolib, sizni aldab ketgan o‘sha maqtovni qidirsangiz, zinhor uni topa olmaysiz. Chunki u yana bir maqtovga o‘ch kimsani cho‘qqiga olib chiqib ketgan bo‘ladi. Lekin tanqid unday emas. Uning sizga qaratilgan har bir tanqidi yelkangizda bittadan qanot paydo qiladi. Tanqid qancha ko‘p bo‘lsa, qanot ham shunchaga oshadi. Qanot qancha ko‘p bo‘lsa, parvoz shuncha yuqori bo‘ladi. Hayotimizdagi eng to‘g‘ri va ishonchli tanqid bizning xatolarimizdir. Xato qilyapmizmi, demak, biz yo‘lda davom etyapmiz, turib qolmayapmiz. 

Xato biz o‘tmoqchi bo‘lgan ko‘prikning chirigan yog‘ochlaridir. Toyilmaguncha, ko‘prik yaroqsiz ekanini bilmaysiz, demak, uzrlisiz. Ammo ketma-ket toyilish ham aqldan emas. Nazaringiz qadamda bo‘lishi shart. Maqsadga yetishimiz uchun hayotimiz davomida sodir qiladigan xatolarimizning o‘rni juda kattadir. Ta'kidlash joiz, xatoni ketma-ket sodir qilish yaxshilik emas. Xato ham jonli mavjudotga o‘xshaydi. Maqsadga bexato yetib olish niyatidagi qat'iyatimizni ko‘rar ekan, kutilmaganda yo‘limizda paydo bo‘lib qolishdan chekinadi. Bir so‘z bilan aytganda, xato qilmaslik emas, xato qilishga o‘rganib qolmaslik muhimdir. 


Zahiriddin Mansur

Mavzuga oid