O‘zbekistonda YTH kamayishiga erishish uchun qancha qurbon kerak?
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida taxminan 1,25 million kishi hayotdan ko‘z yumadi. 2017 yili tashkilot e'lon qilgan hisobotga ko‘ra, 15-29 yoshlar orasidagi shaxslar o‘limiga olib keluvchi eng katta sabab aynan avtomobil bilan yuz beradigan hodisalar hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bir qator rivojlangan davlatlar, xususan Shvetsiya, Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada mamlakatning «Xavfsiz yo‘l» milliy strategiyasini qabul qilgan. Ular orasida Shvetsiya ushbu tashabbusni 1997 yilda qo‘llab-quvvatlagan ilk davlat sanaladi. Natija qanday? Masalan, o‘tgan yili 8,1 million kishi istiqomat qilayotgan London shahrida 11 ming YTH qayd etilgan bo‘lib, unda 8 kishi vafot etgan.
O‘zbekiston avtomobil yo‘llarida esa bir haftada (19 avgust holatiga ko‘ra) jami 173ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada ushbu hodisalarda 46 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 166 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Londondan rasman uch marta kam aholi yashaydigan Toshkent shahrida 7 kun ichida 3 kishi YTHda halok bo‘ldi.
Menimcha, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishga arzigulik sabablar talaygina: YTHda vafot etayotgan fuqarolar va unda ishtirok etayotgan haydovchilar masalasi ancha jiddiy mavzuga aylandi. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va uning o‘rinbosari, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonov ham YTHga uchragandan so‘ng, savol tug‘iladi: muammo qayerda? YHXB xodimidami? Haydovchida yo unga guvohnomani qo‘liga tutqazib yuborgan muassasadami? Balki, muammo harakat ishtirokchisi ekanini unutib qo‘ygan piyodaning bo‘ynidadir?
Raqamlarga murojaat qilsak, har yili sodir bo‘ladigan YTH oqibatida taxminan 50 million shaxs tan jarohat olishi aytiladi. Bu sohada ijobiy natijaga erishish uchun muammoni kimningdir cho‘ntagidan qidirish samara bermaydi. Faqat jamoat huquqshunosligi va kishilarning yo‘l hodisasiga munosabati o‘zgarishi bilan bu masala yaxshi tarafga yuz buradi.
Ayni paytda O‘zbekiston yo‘llarida kuzatilayotgan transport bilan yuz berayotgan ko‘ngilsiz hodisalarga nimalar sabab bo‘lmoqda? Avvalo, bu savolga javob topish uchun haydovchilarning fikrini o‘rganib, quyidagilarni ma'lum qilish mumkin:
- yo‘ldagi harakat belgilarining nomuvofiq o‘rnatilishi, taqiq va cheklov funksiyasiga ega belgilarning haddan ziyod ortiqcha ko‘payib ketgani;
- ko‘chalarning nomi aniq ko‘rsatilmagani harakatlanishda ortga qaytish, manzilni avvaldan rejalashtirishga imkon bermasligi;
- YHXB xodimlari tomonidan tirbandlik doimiy jilovlanmay, o‘z holiga tashlab qo‘yilgani;
- piyodalarning elementar yo‘l-harakati qoidalarini mensimay, mashinalar uchun svetoforning yashil chirog‘i yonganda ham harakatda davom etishi;
- maqsad jazolash emas, balki tartibga chaqirish, har bir qoidabuzarlik holatida inson omilining aralashuvini inobatga olib ish tutish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Albatta, haydovchilar nigohida barcha muammo mashinaning tashqarisida yuz berayotganday, shunga ko‘ra biz piyodalar fikrini ham to‘plashga harakat qildik. Ularning fikricha:
- svetoforning qizil chirog‘iga yaqinlashgan mashinaning harakatdan to‘liq to‘xtamay, ohista yurib kelishi;
- imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tishda maxsus belgilarning kam o‘rnatilishi, ular uchun infratuzilma sharoiti yaxshi emasligi;
- YHXB xodimi, maxsus kuzatuv kamerasi yoki radar ko‘rinmagan yo‘lda haydovchining qoida buzishga moyil bo‘lishi;
- piyodalar o‘tish yo‘lagi aholining real talabi va harakatlanishning tabiiy sharoitiga ko‘ra tashkil etilmasligi ko‘plab YTHga sabab bo‘lmoqda.
Masalaning eng og‘riqli nuqtasi sifatida bir narsani bildirib o‘tish lozim: 2017 yil 11 iyulda Prezidentning “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Allaqachon 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi e'lon qilingan. Biroq, hukumat a'zolari ichida bo‘lgan kortejni ham YTHdan saqlab qololmagan konsepsiya amalda naqadar samara bermoqda? ID kartaning joriy etilgani-yu, fotoradarning ko‘payib olganini hisobga olmasak, xushxabardan darak yo‘q.
Ayni paytda parlament a'zolariga ham murojaat qilsak, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish payti kelmadimi?
Innovatsiya va texnologiyalar davrida sodir etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida elektron protokollarni rasmiylashtirish tartibini amaliyotga olib kirib, piyodalar harakatni to‘xtatishi va boshlashi to‘g‘risida ogohlantirishning zamonaviy signal beruvchi tizimlarini joriy etish ayni muddao bo‘ladi.
Umumta'lim maktablarda “Yo‘l harakati qoidalari” darsini ta'sirchan shakllar bilan interfaol uslubda o‘tish, shuning bilan aholi orasida qoidabuzarlikka murosasiz munosabatni shakllantirish zarur.
Bu yo‘nalishda ayniqsa, yo‘l-patrul xizmati kuch va vositalarini oqilona taqsimlab, organ xodimlarining fuqarolar bilan muomala qilish madaniyatini keskin oshirish talab etiladi. Bu o‘rinda nafaqat muomala, balki huquqiy madaniyat ham yuksak bo‘lishi zarur.
Mast holda mashina boshqaruviga o‘tirgan shaxs yoxud tegishli hujjatlarsiz noqonuniy ravishda avtomobil boshqarishga uringan "haydovchi"larga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi ijobiy natija berishi mumkin.
Xulosa o‘rnida yana bir voqealar ketma-ketligini qayta yodga olish kerak, deb o‘ylayman. Masalan, majburiy mehnat masalaga nuqta qo‘yish uchun o‘qituvchi Diana qurbon bo‘ldi, IIV tizimida boshlangan islohotga kattaqo‘rg‘onlik "oper" va u tahqirlagan ayol voqeasi katta turtki berdi. Ammo, aktrisa Farangiz Rajyemetovaning YTHda halok bo‘lishi, buning ustiga o‘nlab fuqarolarning har hafta vafot etishi, hatto hukumat kortejining YTHga uchrashi ham ayni masalaga nuqta qo‘ymayapti.
Mavzuga oid
08:45
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi salkam 60 mlrd dollarga yetdi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
08:10 / 10.12.2024
O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,5 mlndan oshdi
16:51 / 09.12.2024