Jamiyat | 11:55 / 29.08.2018
9129
2 daqiqa o‘qiladi

Diplom sotmoqchi bo‘lgan kollej xodimi qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, shu yilning 27 iyul kuni fuqaro X.G. Surxondaryo viloyati IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.

Unda fuqaro Sariosiyo tumani pedagogika kasb-hunar kollejida ishlovchi R.J., u mazkur kollejda o‘qimagan bo‘lsa-da, 500 AQSh dollari evaziga kollej diplomini rasmiylashtirib berishini taklif qilganligini ma'lum qilgan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni Surxondaryo viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sariosiyo tumani pedagogika kasb-hunar kollejida ishlovchi R.J. kollej binosida fuqaro X.G.dan 500 AQSh dollari hisobidan 3 mln 900 ming so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ushlangan.

Ushbu holat yuzasidan Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid