Jahon | 00:08 / 29.08.2018
41317
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng keksa ayol uzoq umr ko‘rish sirini aytdi

Foto: AP

Boliviyada dunyodagi eng keksa ayol aniqlandi. U bilan Associated Press agentligi muxbirlari suhbatlashishdi.

Xulia Flores Kolke 1900 yil 26 oktabrda Sakaba shahrida kechua hindulari oilasida tug‘ilgan. Bolaligi tog‘da cho‘ponlar orasida o‘tgan, keyinroq shaharga ko‘chib kelgan va o‘zi yetishtirgan meva-sabzavotlarni sotish bilan kun kechirgan. Kolke uzoq umr kechirishining asosiy siri sog‘lom ovqatlanishda deb biladi va ba'zida pirog yeyishi yoki gazlangan suv ichishi mumkinligini aytgan. U turmushga chiqmagan va farzand ko‘rmagan.

Kolkening aytishicha, u kunni charango deb nomlanuvchi torli musiqa asbobini chalish bilan o‘tkazadi. U it, mushuk va tovuq boqadi. 65 yoshli nabira jiyani Agustina Berna Kolkening holidan xabar olib turadi.

Kolke dunyodagi eng keksa ayol hisoblanadi. Uning yoshi jahon rekordchisi, shu yilning iyulida vafot etgan 1901 yilda tug‘ilgan yaponiyalik Tiye Miyakodan ham katta. Ammo Ginnessning rekordlar kitobi vakillari Kolkedan ariza tushmaganligini bildirishdi. Jurnalistlarning aniqlashlaricha, ayolning bunday kitob borligidan xabari ham bo‘lmagan.

Sakaba shahri hokimiyati Kolkeni «tirik meros» deb e'lon qildi. Hukumat va shaxsiy fondlar hisobiga uning uyi ta'mirlab berildi. Kolke bir necha yil ilgari yiqilib tushib beli lat yegandi. Shifokorlar uning oyoqqa tura olmasligini aytishgan, ammo ayol ularning bu taxminlarini yo‘qqa chiqargandi.

Mavzuga oid