Jamiyat | 00:24 / 29.08.2018
107007
14 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim: Muammolar va ularning yechimlari

Bugungi kunda maktabgacha ta'lim tizimida qator islohotlar o‘tkazilmoqda, ularning bari bolalar va pedagoglar manfaatlari yo‘lida xizmat qilishiga, shuningdek maktabgacha ta'lim sifatini yaxshilashga  qaratilgan. Tizimda qanday muammolar mavjud va ular qay tariqa hal qilinmoqda? Sohada qanday yangiliklar kuzatilmoqda? Islohotlardan nimalarni kutish mumkin? Maktabgacha ta'lim vazirligi (MTV) tizimida o‘zgarishlar talaygina. Ularga imkon qadar batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Maktabgacha ta'lim tizimida qanday yangiliklar?

2018 yilning sentabr oyidan tatbiq qilinadigan yangi maktabgacha ta'lim dasturi davlat talablariga asoslangan va respublikadagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalari yangi dastur bilan tanishtirilgan. Davlat va dastur talablarini o‘zida jamlagan hujjatlar paketi barcha mintaqalardagi MTMlarga yetkazilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda birinchi marta hammaga mavzuiy rejalashtirish dasturlari tarqatilgan.

"Ilk qadam" deya nomlangan yangi dasturning asosiy tamoyili - ta'lim jarayoniga qo‘shilayotgan kichik yoshli bolalarning ilk qadamlari.

"Umuman olganda, davlat talablarida kichik va maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarni besh yo‘nalishda rivojlantirish kerakligi ko‘rsatilgan. Bu besh yo‘nalishni rivojlantirib, bola 4 kompetensiyaga ega bo‘ladi, ya'ni u 1-sinfga chiqishga motivatsiya oladi", - deydi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

Yangi dasturda barcha narsaning asosi ijtimoiy yondashuvdir, ya'ni diqqat markazida - bola va uning manfaatlari. Pedagog ota-ona, pedagogik tarkib, bolaning o‘zi va albatta, jamiyat hamda davlat kabi ijtimoiy hamkorlar bilan bir ijtimoiy muhitni tashkil qiladi.

Dastur asosida bilim olish jarayonini o‘yinlar orqali rivojlantirish yotadi. Bolalarda ilm olish, ijod, ijtimoiy yo‘nalish kabi tushunchalar rivojlanadi, sog‘lom hayot tarzi tarbiyalanadi va ular ijtimoiy muhitda o‘zlarini qanday tutish kerakligini tushuna boshlashadi.

Guruhlardagi bolalar soni

Shu yildan boshlab O‘zbekistonda bir guruhda 25 nafargacha bola bo‘lishi me'yoriy ko‘rsatkich sifatida belgilandi, ayniqsa sinov tariqasida faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta'lim muassasalarida. Ilgari esa bir guruhdagi bolalar soni 30 dan ziyod, ba'zidan esa 40 tagacha yetar edi, bu esa bolalarning sifatli maktabgacha ta'limga ega bo‘lishida muayyan muammolarni keltirib chiqarardi.

"Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 4 hududda 6 yoshli bolalarni majburiy maktabgacha ta'lim bilan qamrab oluvchi sinov loyihasi yo‘lga qo‘yildi, ya'ni ular 3 soatlik bepul ta'limga jalb qilinadi, bu 15 soatlik haftalik dastur degani. Bu guruhlarda bolalar soni 25 kishidan oshmasligi kerak. Shu tariqa bizda ilmiy-tarbiyaviy-ta'limiy muhit shakllantiriladi. O‘z faoliyatimizga endigina kirishganimizda bolalarni maktabgacha ta'lim jarayoniga qamrab olish 27 foizdan iborat edi, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 34 foizni tashkil qilmoqda. MTV o‘z oldiga katta vazifalarni qo‘ymoqda - shu tariqa barcha bolalarni maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olish va bunda bir guruhda 25 nafar bola qoidasiga amal qilish", - deya izohlaydi vazir.

Shuningdek, guruhlarga faqat 25 nafargacha kishini qabul qilish imkonini beruvchi EMIS elektron tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. 2021 yilga borib mamlakatdagi barcha MTM guruhlarida bolalar soni shunday bo‘ladi.

Yangi qurilish, rekonstruksiya, davlat va xususiy sektor hamkorligi

Albatta, hozircha bolalar bog‘chalari yetishmasligi muammosi bor. MTM binolarini qurish, rekonstruksiya qilish borasida katta sa'y-harakatlar boshlangan. 2019 yilning investitsion dasturidan kapital ta'mirlov umuman olib tashlangan. Zero MTV faqat yangi qurilish va rekonstruksiyagina barcha bolalarni MTMlarga qamrab olish imkonini beradi, deb hisoblaydi.

Prezidentning 3651-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda birinchi marta MTV tomonidan Davlat-xususiy sektor hamkorligi (DXSH)ga doir qoidalar ishlab chiqildi. Unda DXSHning 10 modeli ko‘rsatilgan bo‘lib, ishbilarmonlar ularga jalb qilingan. Qarorda bunday ishbilarmonlar uchun imtiyoz va preferensiyalar belgilab berilgan. Bugunga kelib DXSH bo‘yicha 741 shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan, 100 mln dollar (taxminan 780 mlrd so‘m) ajratilgan.

Kadrlar yetishmovchiligi

Maktabgacha ta'lim muassasalarida yaxshi ish haqi to‘lanmasa, bu kasbga qiziqish bo‘lmaydi, albatta. Shu kunga qadar qanchadan-qancha tajribali, yaxshi kadrlar past ish haqi sabab bu kasbni tark etgan. Shu bois joriy yilning mart oyida Prezidentning pedagoglarning maoshini oshirishga doir qarori chiqqan.

Agrippina Shinning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 27 yil davomida maktabgacha ta'lim tizimidagi tarbiyachilar va MTM xodimlarining tarif stavkasi biror marta oshirilmagan. 2018 yilning mart oyida Maktabgacha ta'lim vazirligi birinchi marta pedagoglarning bazaviy tarif stavkalarini 30 foizga oshirish taklifi bilan chiqdi. Shu yilning sentabridan oliy ma'lumotga ega pedagoglar uchun bazaviy tarif stavkalari yana 30 foizga oshiriladi.

Hozirda maktabgacha ta'limni moddiy rag‘batlantirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, eng yaxshi tarbiyachi, eng yaxshi mudira, eng yaxshi defektolog kabi tanlovlar g‘oliblariga 5-15 minimal oklad shaklida  rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 6 yoshli bolalarni ta'limga qamrab olish bo‘yicha qaror loyihasi mavjud. MTV 6 yoshli bolalar bilan ishlovchi tarbiyachilarga o‘qituvchi maqomini berish taklifi bilan chiqmoqda. Shunday ekan, tabiiyki, ayni damda Xalq ta'limi vazirligida tatbiq etilayotgan imtiyozlar kelgusida ularga ham tegishli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, qo‘shimcha xizmatlarga talabgor bo‘lgan kishilar uchun to‘lov asosidagi qo‘imcha xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Zero 414-sonli qarorda nafaqat davlat, balki byudjyetdan tashqari faoliyatni ham rivojlantirish kerakligi haqida so‘z yuritiladi. Mablag‘lar MTM hisobiga tushadi, bu ularning mustaqil faoliyati, ularning huquqi, pedagogik tarkib ularni nimaga sarflashni o‘zi hal qiladi.

Ovqatlantirish tizimini tashkillashtirish tajribasi

Barchaga ma'lumki, MTM ovqatlantirish tizimida ma'lum bir muammolar bo‘lgan. Barcha oziq-ovqat mahsulotlari ham kerakli manzilgacha yetib bormagan. Shuningdek, MTM mudirasi va pedagogik tarkib asosiy ish faoliyatidan chalg‘igan, ya'ni ular bolalarga ta'lim-tarbiya berish qatorida ovqatlantirish tizimini tashkillashtirish bilan ham shug‘ullanishlariga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun bugungi kunda BOLALAR BOG‘ChASIning aynan MAKTABGAChA TA'LIM TIZIMIga aylantirilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

"Bu yerda asosiysi - ta'lim, - deydi Shin. - Shu bois biz ovqatlanishni tashkillashtirishning muqobili - autsorsingni sinab ko‘rishga qaror qildik. Nima uchun tajriba sifatida yo‘lga qo‘yildi? Ma'lum bir muddat o‘tgandan keyin biz tahlil qilib, qaysi yo‘l yaxshiroq ekaniga doir xulosaga kelamiz. Bunda ota-onalar fikri inobatga olinadi, albatta".

Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash

Kadrlar barchasini hal qiladi. MTV ilk kunlardanoq bu muammoga duch keldi. Bugungi kunda MTM soni oshib bormoqda, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari ham shular jumlasidandir. Yanvar oyida ularning soni 200 dan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 600 ga yaqinni tashkil qilmoqda. Raqamlar kun sayin oshib bormoqda, chunki xususiy MTMlar va Davlat-xususiy sektori hamkorligi asosidagi MTMlar ochilmoqda. Tabiiyki, kadrlarga bo‘lgan talab ham katta.

"Kadrlar bo‘lmasa, maktabgacha ta'lim sifati haqida gapirishga hojat ham yo‘q. Biz kadrlarni qayta tayyorlash masalasini ishlab chiqdik. Maktabgacha ta'lim mutaxassisligiga ega bo‘lmagan pedagoglar juda ko‘p. Bugungi kunda akademik litsey va kollejlardagi pedagoglarga ish kamaydi, ular pedagogik tajribaga ega bo‘lgan, lekin bazaviy maktabgacha ta'limga oid bilimlarga ega bo‘lmagan kishilardir. Bundaylar uchun pedagogika universitetlari qoshida 4 oylik qayta tayyorlash kurslari ochildi. Bugunga kelib 9400 dan ziyod pedagog ularni tugallab, MTV tizimiga qamrab olindi. Bundan tashqari, biz yangi moslashuvchan modelni ishlab chiqdik, ya'ni pedagogik ma'lumotga ega bo‘lmagan kishilar uchun 6 oylik kurslar tashkil etildi, ularning soni - 1500 nafar atrofida", - deydi maktabgacha ta'lim vaziri.

Bundan tashqari, Toshkentdagi yangi Puchon Universiteti haqida unutmaslik kerak. 540 tinglovchi bugunga qadar sinovlardan o‘tgan. Ular yangi avlod pedagoglari bo‘lishadi, bu pedagoglar musiqiy ta'lim, sport ta'limi va boshqa yo‘nalishlarda ham ta'lim olib, har tomonlama mutaxassis bo‘lib yetishishadi.

Statistika

Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimiga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 2,5 mln bola qamrab olingan. Respublikadagi MTMlar soni esa - 6154. Ulardan 5586 tasi - davlatga qarashli, 568 tasi nodavlat ta'lim muassasasidir. Bugunga kelib 859 141 nafar bola maktabgacha ta'lim bilan qamrab olingan, bu umumiy hisobning 34 foizi demakdir. Jami 1 mln 600 dan ziyod bola maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinmagan.

"Biz 2017 yilning 30 sentabrida tashkil topganmiz, MTMlar bizga topshirilganida ularning soni 4891 ta edi. Hozirda esa 5586 MTM faoliyat yuritmoqda. "Shuncha MTM qayerdan paydo bo‘la qoldi?" degan savol tug‘ilishi mumkin. Biz birinchi marta respublika miqyosida pasportizatsiya, inventarizatsiya jarayonini o‘tkazdik. Bu O‘zbekistonda birinchi marta mutlaqo begona tashkilot - mustaqil konsalting kompaniyasi tomonidan qayd etildi. Qaydnoma davomida biz davlat bog‘chalarimizdan tashqari ularning hech kim tomonidan nazorat qilinmaydigan filiallari ham mavjudligi aniqladik. Shuning uchun 800 shunday filialdan 600 tasi mustaqil MTMga aylantirildi", - qo‘shimcha qiladi Shin.

2030 yilga borib 85 foiz bola respublika MTMlariga qamrab olinishi maqsad qilinmoqda.

Yangi modellar

Maktabgacha ta'lim vazirligi maqsadi - barcha bolalarni teng asosli va yuqori sifatli maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olish. O‘zbekistonda uzoq qishloq punktlari bor, u yerda bolalar bog‘chalari yo‘q, shunday ekan, maktabgacha ta'lim olishning imkoni yo‘q. Qamrovni ta'minlash uchun MTV tomonidan o‘qitishning muqobil shakli - oilaviy MTMlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir qaror ishlab chiqildi.

"Fikrimizcha, aynan qishloq joylarda ular o‘zini oqlaydi. Ushbu qarorda oilaviy MTM daromad olish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan. Bundan tashqari, oliy ma'lumotga ega bo‘la turib, muayyan sabablarga ko‘ra ishlay olmaydigan  ayollar o‘z uyida ishchi yollash imkoniga ham ega bo‘ladi. Bunda boshqa joylarga nisbatan istisno mavjud, ya'ni uzoq qishloq joylarida hatto o‘rta-maxsus ma'lumotga ega ayollar ham oilaviy MTMda faoliyat yuritishi mumkin. Biz ularni shtatga kiritamiz va ular ish haqi bilan ta'minlanadi. Mebel va metodik ta'minotni vazirlik to‘liq o‘z zimmasiga oladi", - deydi Agrippina Shin.

Ayni damda taklif etilayotgan va kelgusida ishlab chiqiladigan yana bir model - Islom taraqqiyot banki yordamida mahallalar qoshida bir xona bolalar uchun maktabgacha ta'lim ta'minoti bilan jihozlanadi.

2019 yilning yanvar oyidan har bir bolaga tug‘ilishi bilan identifikatsion raqam beriladi va u keyinchalik ana shunga asosan kuzatib boriladi. Hozircha esa bu raqamlar Davlat statistika qo‘mitasi, Adliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklaridan olinadi.

Qo‘shimcha xizmatlar

Qaror loyihasiga maktabgacha ta'lim muassasalari kechgacha ishlovchi ota-onalar uchun qo‘shimcha xizmat ko‘rsatishi mumkinligiga doir taklif kiritildi. Tabiiyki, qo‘shimcha xizmatlar qo‘shimcha to‘lov evaziga ko‘rsatiladi.

Qog‘ozbozlik

Sir emaski, yaqin kunlargacha MTMlardagi pedagoglar ko‘plab hujjat turlarini to‘ldirishlariga to‘g‘ri kelgan. Vaqti kelganda, qog‘ozbozlik sabab bolalarga yetarlicha e'tibor qaratilmagan. Chunki rahbariyat talabini o‘z vaqtida bajarmaslik yaxshilikka olib kelmasligini yaxshi bilishgan. Ko‘plab yaxshi kadrlar aynan shu qog‘ozbozlik sabab ham sevimli kasblaridan voz kechishgan.

Va nihoyat, 2018 yilning 15 iyulida MTMlarda qog‘ozbozlikni qisqartirishga oid qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, ilgari pedagoglar 9 ta hujjat turini yuritgan bo‘lsa, endi ularning soni 4 tagacha qisqartirildi.

Umid qilamizki, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar amalda o‘z ifodasini topib, farzandlarimiz - sifatli maktabgacha ta'lim, pedagoglar esa - munosib ish haqi va imtiyozlar bilan ta'minlanishadi. Toki har bir bola bog‘chaga borgisi kelmay ko‘z yosh to‘kmasin, yaxshi pedagoglar esa o‘z kasbini tashlamasin!

Lola Rahmonboyeva,

Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid