Jahon | 20:10 / 04.09.2018
7897
1 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya Saudiya Arabistoniga aviabomba sotish fikridan qaytdi

Foto: Reuters

Ispaniya hukumati Saudiya Arabistoniga 400 dona yuqori aniqlikdagi aviabomba sotish bo‘yicha kelishuvni bekor qildi, deb xabar berdi Associated Press.

Madrid bu bombalar Yamandagi isyonchi xusiylarga qarshi qo‘llanilishidan xavotirlanmoqda.  

Aviabomba sotish bo‘yicha kelishuv 2015 yilda Ispaniyaning avvalgi hukumati tomonidan imzolangandi. Mamlakatning bu yil saylangan hukumati mazkur kelishuvni bekor qilish va Ar-Riyod tomonidan o‘tkazilgan 9,2 million yevroni qaytarishga qaror qildi. Bu xabarni Ispaniya mudofaa vazirligidagi manba tasdiqladi.

Yamanda 2014 yildan buyon nizolar davom etmoqda. Taxminlarga ko‘ra, isyonchi xusiylarni Eron va «Hizbulloh» qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaman armiyasi va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi ularga qarshi kurash olib bormoqda.

Koalitsiyani shuningdek, AQSh qo‘llab-quvvatlab turibdi.

Mavzuga oid