O‘zbekiston | 17:01 / 08.09.2018
81328
6 daqiqa o‘qiladi

Pasport yo‘qolganda nima qilish kerak

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

Propiskasiz shaxslar pasport olish uchun qayerga murojaat qilishlari lozim

Umumiy qoidalarga ko‘ra, pasport olish uchun doimiy ro‘yxatda yoki konsullik hisobida turgan joyga murojaat qiladilar.

Qo‘shimchalarga muvofiq, doimiy ro‘yxatga olinmagan fuqaro oldingi ro‘yxatda turgan joyi bo‘yicha ma'lumotlarni yig‘ish punktiga yoki propiskaga oid ma'lumotlar mavjud bo‘lmasa, o‘zi turgan joydagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishi mumkin.

 Doimiy ro‘yxatga olinmagan harbiy xizmatchi xizmatni o‘tab bo‘lgach, pasport olish uchun oldingi ro‘yxatda turgan joyi, tug‘ilgan joyi yoxud amalda yashab turgan joyi bo‘yicha ma'lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishi mumkin.

Yo‘qotilganining o‘rniga pasportni qanday olish mumkin

Tuzatishlar bilan yo‘qotilganlari o‘rniga pasport berish mexanizmi aniqlashtirildi.

Pasportini yo‘qotib qo‘ygan fuqaro unga yangisini beradigan ma'lumotlarni yig‘ish punktiga zudlik bilan xabar berishi lozim. Pasport yo‘qolganligi to‘g‘risidagi arizalar hisobga olish jurnalida ro‘yxatga olinadi. Vaqtincha xorijda bo‘lganlar qaytish guvohnomasini olish uchun mamlakatimiz konsullik muassasasiga murojaat etadilar. 

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi pasport (yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) yo‘qotilganligi to‘g‘risida belgilangan shakldagi ma'lumotnomani beradi. Uning orqa tomoniga doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turganligi to‘g‘risida shtamp qo‘yilishi mumkin.

Respublikaning boshqa hududlaridan doimiy yashash joyiga kelgan va yangi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingunga qadar pasportini yo‘qotib qo‘ygan fuqarolarga ularning arizalariga ko‘ra IIO tomonidan pasport yo‘qolgani haqidagi ish ochiladi. Yangi pasportlar doimiy yashash maqsadida kelgan joyda ularni ro‘yxatga qo‘yish asoslari mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi. Ro‘yxatga olishga asoslar mavjud bo‘lmasa, pasport ro‘yxatdan chiqishni bekor qilgan holda oldingi ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi yoki unga asoslar mavjud bo‘lganda boshqa yangi ro‘yxatdan o‘tish joyida beriladi.

Yangisi berilgunga qadar yo‘qolgan pasport topilsa, pasport yo‘qolgani haqidagi ish yuritish tugatiladi, yangisi berilgandan keyin topilsa – topilgan pasportni zudlik bilan IIOga topshirish zarur.

Yangisi qancha muddatda beriladi

Yo‘qolgani o‘rniga yangi pasport u yo‘qolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab 1 oy ichida beriladi. Biroq hududiy IIO rahbariyati uni yana 1 oyga uzaytirishi mumkin.

Bunday arizalarni ko‘rib chiqish muddati faqat istisnoli hollarda 6 oygacha uzaytirilishi mumkin:

• boshqa ichki ishlar organlaridan javoblar kelmaganda;

• arizachining kasalligi;

• arizachining yashash joyida uzoq muddat bo‘lmaganligi.

Yarim yildan ortiq muddatda javob kelmaganida, fuqaroning shaxsi tekshiriladi va undan keyin pasport beriladi.

Pasportni yo‘qotganlik uchun qachon javobgarlikka tortmaydilar

Eslatib o‘tamiz, pasportni avaylab saqlash – qonun talabi. Pasportni beparvolik bilan saqlash oqibatida uning yo‘qolishi EKIHning 1/2 qismidan 3 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (MJTKning 223-moddasi 1-qismi).

Biroq ayrim hollarda yuqorida ko‘rsatilgan javobgarlikka tortmaydilar.

Birinchidan, pasport o‘g‘irlangan bo‘lsa, bu haqdagi ariza (jinoyat sodir etilgan joydagi yoki jabrlanuvchining yashash joyidagi) hududiy IIOning navbatchilik qismi xodimlari tomonidan qabul qilinadi. Fuqaroga tegishli ma'lumotnoma beriladi, shundan keyin u ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Ikkinchidan, jazoni ijro etish muassasasida jazoni o‘tab chiqqan va tabiiy ofatlar (yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqalar) oqibatida pasportlari yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat etgan shaxslar ham ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi. Bu holda mazkur holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. 

Yana javobgarlik haqida…

Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi normalarga tuzatish kiritildi:

a) pasport tizimi qoidalariga rioya etilishi uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar tomonidan fuqarolarning pasportsiz yoxud vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan holda yashashiga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarlik bekor qilinmoqda.

Biroq o‘z turar joylarida pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashiga yo‘l qo‘ygan fuqarolarning javobgarligi saqlanib qoladi (MJTKning 223-moddasi 3-qismiga qarang);

b) pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasportga ega fuqarolarni, shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashovchi fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda. Ushbu qismda hujjat 22.01.2018 yildagi PF–5308-son Farmonning 10-bandiga muvofiqlashtirilgan. 

Yuqorida bayon etilgan tuzatishlar («a» va «b» bandlari) ayni paytda ko‘proq yuridik kuchga ega bo‘lgan yuqori turuvchi hujjatlar – Mehnat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (MJTKning 223, 223-2-moddalari) muvofiq kelmaydi. Rasmiy-yuridik nuqtai nazardan olganda, ushbu sanksiyalar MJTKdan chiqarib tashlangandan keyingina to‘liq bekor qilinadi.

Hujjat 30.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid