Idlibdagi turkiyalik harbiylar Suriya armiyasi hujumini qaytarishga tayyorlanmoqda
Suriyaning Idlib viloyatida joylashgan Turkiya harbiylari Bashar Asad armiyasining ushbu hududga hujum qilishi haqidagi xabarlar ortidan o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab, bo‘lajak hujumni qaytarishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Livandagi The Daily Star nashri Suriya muxolifati va turk harbiylari orasidagi manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
«U yerda bizning harbiylarimiz joylashgan. Agar ularga zarar yetkazilsa, ularga hujum uyushtirilsa, bu Turkiyaga hujum sifatida qaraladi va munosib javob qaytariladi», degan turk harbiylaridan biri.
Idlibda Turkiya kuzatuv postlari Suriyada deeskalatsiya hududlari barpo etish bo‘yicha kelishuv asosida joylashtirilgan.
Manbaning aytishicha, Turkiya bu hududdagi postlar himoyasi uchun o‘nlab og‘ir zirhli texnikalarni hamda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangchilar bo‘linmalarini yo‘llagan.
«Turkiyaning Suriyadagi pozitsiyalari himoyasini jiddiy kuchaytirishga to‘g‘ri keldi. Kuzatuv postlari amalda doimiy harbiy bazalarga aylanmoqda», degan muxolifatdagi Suriya ozodlik armiyasi vakili.
O‘tgan haftada Tehronda Eron, Rossiya va Turkiya rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sammitda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an agar Suriya va ittifoqchilari Idlibga hujum uyushtirsa, mintaqada keng ko‘lamli yangi ziddiyatlar boshlanib, «navbatdagi yirik gumanitar halokat» yuzaga kelishidan ogohlantirgandi.
Mavzuga oid
12:58 / 22.12.2024
Yangi Suriya qanday bo‘ladi: Idlib ko‘chalaridan qiyos
21:06 / 05.12.2024
Halabni kim va qanday qilib egalladi? Suriya urushidagi asosiy 10 savol
16:09 / 05.12.2024
«Avval bin Lodinga taqlid qilgan, keyin kostyum kiyib olgan» - Asad rejimiga qarshi kuchlar yetakchisi haqida
19:51 / 04.12.2024