Jamiyat | 19:59 / 21.09.2018
30829
2 daqiqa o‘qiladi

Qul bo‘lishga tayyor dunyoga qulmiz

Dunyo menga orqasini o‘girdi dema, o‘zing unga teskari o‘girilib olgansan. Dunyo imtihonxonadir. Dunyo uchun unga kimning kirish yo kirmasligida farq yo‘q.  Bu xonaga kirib, nimagadir ega bo‘lib chiqish ham, hech narsasiz chiqib ketish ham o‘zimizga bog‘liq. 

YouTube’da ko‘rish

Audio versiyasini tinglash

Dunyo Ollohning amriga binoan bor bo‘lib, U Zotning xohishi bilan yo‘qqa aylanadi. Dunyo Olloh taolo yaratgan narsalar ichida eng buyugi – insonga qaramdir. Shunday katta dunyo zarradek insonga imtihon uchun berilgan. Dunyo insonning nazorati ostida bo‘lishga buyurilgan. Lekin biz – eng aqlli, ayni paytda hayvondan-da beaql bandalar dunyoni boshqarishdan bosh tortmoqdamiz. Bizlarga qul bo‘lishga rozi dunyoga qul bo‘lishga tayyormiz. Shu jonsiz dunyo Ollohdan qo‘rqqani uchun insonga qul bo‘lishdan chetlanmayapti. Biz past dunyodan ham past kimsalar esa Ollohga itoat etmay dunyoni o‘zimizga boshliq qilishga undamoqdamiz. 

Dunyo bizning har bir amrimizga ko‘z tikib turishga majburdir. U chegaradan chiqa olmaydi. Bizlar dunyoga shunchalar o‘rganib, dunyo bizga emas, biz dunyoga shunchalar qaram bo‘lib qolganmizki, bizga jovdirab ko‘z tikib turgan dunyoga, teskari qarading, deb tuhmat qilmoqdamiz. Dunyo o‘z o‘rnida turibdi, aslida bizlar o‘rnimizni yo‘qotganmiz.

Zahiriddin Mansur

Mavzuga oid