MB inflyatsion xatarlarning kuchayishi nega yuz berayotganini tushuntirdi
Bugungi kunda yuzaga kelgan holat monetar siyosatning 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va keyingi pul-kredit siyosati sharhlarida qayd etilgan inflyatsion xatarlarning kuchayayotganligini ko‘rsatmoqda, deb xabar beradi Markaziy bank.
Inflyatsion xatarlarning kuchayishi quyidagi omillar bilan izohlanadi.
Birinchidan, tashqi omillar ta'sirida so‘mning “real samarali almashuv kursi”ning oshib borayotganligi. Devalvatsion bosimning kuchayishi mamlakatimiz iqtisodiyotining tashqi savdo sohasidagi asosiy hamkor davlatlar valyutalarining keskin qadrsizlanishiga javoban moslashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, almashuv kursi o‘zgarishining inflyatsiya darajasiga kumulyativ ta'siri keyingi yettita chorak davomida kuzatilib, uning eng yuqori nuqtasi ikkinchi va to‘rtinchi choraklar oralig‘iga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchidan, kreditlash hajmlarining yuqori sur'atlarda o‘sishi natijasida iqtisodiyotda iste'mol va investitsion talabning oshishi.
Uchinchidan, ma'muriy tartibga solinadigan narxlarning kutilgan darajaga nisbatan yuqoriroq oshirilishi, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining bozor sharoitlariga moslashtirilishining kutilayotganligi.
Tartibga solinadigan narxlar oshirilishining umumiy inflyatsiya darajasiga ta'siri yuqori bo‘lsa-da, ushbu narxlarning erkinlashtirilishi iqtisodiyotda to‘planib qolgan tarkibiy nomutanosibliklarni bartaraf etish uchun zaruriy chora hisoblanadi.
Mazkur jarayonni ortga surilishi pul-kredit siyosatining narxlar barqarorligini ta'minlashdagi samaradorligini pasaytiradi hamda iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarni sifatli amalga oshirilishiga to‘sqinlik qiladi.
To‘rtinchidan, byudjyet xarajatlarining prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishi va umumlashtirilgan davlat byudjyetining muvozanatli ijrosini ta'minlash bo‘yicha xatarlarning ortishi.
Shu bilan birga, 2018 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarining pasayishi bilan bir qatorda uzoq muddatli kutilmalarning barqarorlashuvi qayd etilgan edi.
Bugungi kunda, tashqi iqtisodiy holat va uning ta'sirida ichki bozordagi o‘zgarishlar natijasida avgust oyi yakuni bo‘yicha qisqa muddatli kutilmalarning iyul oyiga nisbatan o‘sishi kuzatildi. Shuningdek, uzoq muddatli inflyatsion kutilmalar joriy yilning II choragida nisbatan yuqori, lekin barqaror bo‘lgan bo‘lsa, iyul oyidan boshlab ularda ham o‘sish dinamikasi kuzatila boshlandi.
Shuningdek, milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi bo‘yicha kutilmalarning avgust oyida sezilarli oshishi kuzatildi. Bunda, fevral oyidan boshlab kutilmalar bosqichma-bosqich pasayib, yil oxirigacha almashuv kursining barqaror bo‘lishi kutilayotgan edi. Avgust oyida esa devalvatsion kutilmalar ortdi. Ushbu holat, kelgusida inflyatsion kutilmalarning qo‘shimcha ravishda oshishiga olib kelishi mumkin.
Mavzuga oid
19:05 / 25.12.2024
Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonga kirishni nega rad etayotgani ma’lum bo‘ldi
11:21 / 25.12.2024
Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘ldi
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024