Jamiyat | 10:56 / 22.09.2018
13104
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Avtomobilsiz kun» aksiyasiga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi «Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar asosida O‘zbekistonning barcha viloyatlarida 21 sentabr kuni ilk marta «Avtomobilsiz kun» aksiyasi tashkil etildi.

Xususan, Toshkent shahrida ushbu aksiya munosabati bilan erta tongdan Shayhontohur tumani «Baynalmilal» ko‘chasida velosipedchilar marafoni o‘tkazildi.

«Avtomobilsiz kun» aksiyasining o‘tkazishdan asosiy maqsad – ekologik holatni yaxshilash, atmosfera havosini muhofaza qilish, shu jumladan transport vositalarisiz harakatlanish mumkinligini va zarurligini namoyish qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdir. Bundan tashqari, aksiya orqali yo‘l harakati ishtirokchilarini xavfsizlik qoidalariga rioya etishga undash va haydovchining transport vositasisiz bir kunlik hayotini yoritish ham ko‘zda tutilgan.

«Avtomobilsiz kun» aksiyasi har oyning uchinchi jumasida muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid