Jahon | 22:55 / 23.09.2018
7104
7 daqiqa o‘qiladi

Smart Waters: Markaziy Osiyoda suv, ta'lim va hamkorlik

Bugunga kelib Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni to‘g‘ri boshqarishga katta e'tibor qaratilayotgani sir emas. "Muammoni hal qilgandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi" deganlaridek, hozir bu yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlashga alohida diqqat qilinmoqda. Shu bois ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan sizlarni tanishtirib borishga qaror qildik.

Markaziy Osiyoning besh mamlakati - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan bir qatorda Afg‘onistonni ham o‘z ichiga qamrab olgan Smart Waters umumiy qiymati 10,5 million dollarni tashkil qiluvchi loyihadir. U USAID tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, loyihaga 2015 yilning oktabrida start berilgan bo‘lib, u 2020 yilning sentabr oyi oxiriga qadar davom etadi.

Suv, ta'lim va hamkorlik - Smart Waters loyihasi mohiyatini to‘liq ifodalaydi. Smart Waters to‘rt katta komponentdan iborat bo‘lib, ular bir-birini to‘ldirib turadi. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning  Smart Waters loyihasi menejyeri Yekaterina Strikeleva KUN.UZ'ga loyiha komponentlari haqida so‘zlab berdi.

Smart Waters loyihasi menejyeri Yekaterina Strikeleva

Birinchi komponent - mintaqaviy komponent. Ular suv masalalari bilan shug‘ullanuvchi va shunga bog‘liq yo‘nalishlar (atrof-muhit muhofazasi, favqulodda vaziyatlar)da faoliyat yurituvchi yosh avlod mutaxassislarining salohiyatini oshirishni o‘z ichiga oladi. Bu suv resurslarini integratsiyali boshqarishga yo‘naltirilgan treninglar, texnik treninglar (sug‘orish texnologiyalari, suv resurslaridan foydalanishni monitoring qilish), Qozog‘iston-Germaniya universitetidagi magistrlik dasturining qo‘llab-quvvatlanishi orqali amalga oshiriladi. Ushbu ta'lim dargohida suv resurslarini integratsiyali boshqarish bo‘yicha maxsus mintaqaviy magistrlik dasturi mavjud.

"Smart Waters" loyihasi to‘rt yildan beri har yili har bir mamlakatdan ikkitadan vakilni ham moliyaviy, ham mavzuiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. Biroq Smart'ning Qozog‘iston-Germaniya universiteti o‘quv dasturlaridan ajralib turuvchi asosiy jihati, biz davlat tuzilmalari tomonidan magistrlik dasturlarini o‘rganishga tavsiya etilgan ishtirokchilarni olib kelamiz. Ular o‘z vataniga qaytib, tavsiya etilgan idoralarida kamida uch yil ishlab berishlari kerak bo‘ladi. Dastur integratsiyali boshqaruvga doir global qamrov bilan ta'minlaydi - fanlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, suvning boshqa sektorlar bilan bog‘liqligi suv resurslarini boshqarishdagi jahon tendensiyalariga yanada kengroq qarash imkonini beradi. Mazkur magistrlik dasturini tugallagan kishilar uylariga mutlaqo yangicha qarashlar bilan qaytishadi", - deydi mutaxassis.

Smart Waters loyihasi menejyeri Yekaterina Strikeleva

Suv resurslarini boshqaruvchi mutaxassislar dunyo bir joyda turmasligini anglab, yangi jahon tendensiyalari bilan tanishishlari juda muhim. O‘tgan yili bu ta'lim dargohini idoralardan tavsiya etilgan ilk magistrantlar tamomladi. Dastur rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Ikkinchi komponent - tarmoqlararo hamkorlik. U yanada keng qamrovlidir. Bizning vazifamiz barchani jipslashtirishdan iborat. Biz birga ishlovchi bir necha tarmoq bor. Bu eng avvalo, yosh avlod tarmog‘i. Bu Qozog‘iston-Germaniya universiteti bitiruvchilari, yetakchilik dasturi talabalari. Bu tarmoqni o‘zimiz shakllantiramiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Hozir akademik tarmoqni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston  oliygohlari pedagoglaridir. Mintaqada eskirgan dasturlar, eskicha usulda yuritiladigan ishlar ko‘p, shu bois asosiy vazifa - ularga yangi bilimlar berish va bunda o‘zaro ma'lumot almashinuvi, zamonaviy texnika hamda  texnologiyalarni jalb qilishdan iborat. Suv masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tarmog‘i ham muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlarining turli darajadagi tashkilotlari mutaxassislari muntazam ravishda uchrashib, o‘zaro ma'lumot almashishadi. Bu norasmiy tarmoq. Loyiha doirasida mahalliy miqyosdagi tadbirlarda o‘nlab yillar ko‘rishmagan kishilar uchrashishadi. Aloqalarning tiklanishi Smart Waters loyihaning bir qismidir.

Uchinchi komponent - milliy komponent. Bu suv sektoridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, suv resurslarini integratsiyali boshqarish tamoyillarini targ‘ib qilishni o‘z ichiga oladi. Har bir mamlakat va biz bilan ishlovchi milliy hamkorlar aynan qayerda loyiha intervensiyasi zarurligini tanlaydi. Har bir mamlakatda turlicha. Masalan, Qirg‘iziston va Tojikistonda biz suv bilan bog‘liq qonunlarni ishlab chiqishda yordam beramiz. O‘zbekistonda asosiy e'tibor Toshkent davlat irrigatsiya muhandislari va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, ya'ni biz ular uchun maydonlar taqdim etamiz, suvdan foydalanishda integratsiyali boshqaruv va havzaviy rejalashtirish bo‘yicha kurslarni ishlab chiqishga ko‘mak beramiz. Asosiy yondashuv suvdan foydalanishning barcha turlarini birgalikda ko‘rib chiqishdadir. Har bir mamlakatda asosiy hamkorlar - Suv xo‘jaligi vazirliklari, Atrof-muhit muhofazasi agentliklari va ta'lim muassasalari. Loyiha mintaqaviy bo‘lgani hamda ko‘p mamlakatlarni o‘z ichiga olgani bois unda albatta Tashqi ishlar vazirligi ham ishtirok etadi.

Bizda Mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasi mavjud bo‘lib, u yilda ikki marta to‘planadi va loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi. Qo‘mita milliy hamkorlardan iborat.

To‘rtinchi komponent - kichik transchegaraviy daryolardagi ishlar. Gap shundaki, yirik daryolar (Amudaryo, Sirdaryo, Vaxsh) bo‘yicha doimiy ravishda  muzokaralar olib boriladi, ikki tomonlama komissiyalar va muhokamalar yo‘lga qo‘yiladi, ya'ni katta daryolar doimiy nazorat ostida. Kichik daryolarga esa u qadar katta e'tibor qaratilmaydi, biroq u yerda yashovchi aholi hayoti ana shu daryolarga to‘liq bog‘liq. Ularning boshqa suv manbasi yo‘q. Bu hududlarda faqat qo‘shnilar bilan kelishibgina tinch yashash va rivojlanish mumkin.

Smart Waters loyihasi menejyeri Yekaterina Strikeleva

Sakkiz kichik daryo Smart Waters loyihasiga jalb qilingan. Bizning maqsadimiz daryolarda Suvdan foydalanishning havzaviy rejasini joriy qilish va tomonlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iboratdir. Maqsad - tomonlarning muammolarni mahalliy bosqichda birgalikda hal qilishni o‘rganish.

Mavzuga oid