Jamiyat | 13:30 / 01.10.2018
70233
3 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqda mayorning pogoni yulinib, o‘zi kaltaklandimi? IIV rasmiy ma'lumot berdi

Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda “Olmaliqda militsiya mayori pogoni yulinib, kaltaklandi” sarlavhasi bilan tarqatilgan maqola o‘z tasdig‘ini topmadi va voqeaning asl holati ma'lum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi. 

2018 yilning 22 iyun kuni soat 23.00larda Olmaliq shahar, Primqulova ko‘chasida, 1987 yilda tug‘ilgan E.D., 1988 yilda tug‘ilgan K.U. va E.S. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan baland ovozda baqir-chaqir qilib, og‘zaki janjal qilgan vaqtda, fuqarolar tomonidan ushbu hudud profilaktika inspektori mayor Rahmonov Davronning uyiga borib, janjalni tinchlantirish yuzasidan murojaat qilishgan. 

Ushbu hududga biriktirilgan, lekin tungi xizmatga jalb qilinmagan profilaktika inspektori mayor D.Rahmonov voqea joyiga yetib kelib, ulardan bezorilik harakatlarini to‘xtatishni va uylariga tarqalishlarini talab qilgan. Biroq E.D., K.U. va E.S. mayor D.Rahmonovga faol qarshilik ko‘rsatib, uning qonuniy talablarini bajarmasdan, uni haqorat qilib, obro‘sizlantirib, qo‘llarini qayirib, u holsizlanib qolgan vaqtda, go‘yoki xizmat vaqtida mast ekanligi haqida sha'niga putur yetkazuvchi haqoratli gaplarni aytib, uyali telefonga tasvirga olib, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqatib yuborganlar.

Aynan shu vaqtda ushbu hududga tungi xizmatga jalb qilingan profilaktika inspektori katta leytenant Valiyev Po‘lat hududni nazorat qilib yurganida janjal bo‘layotgan holatga duch keladi va mayor D.Rahmonovga yordamga boradi. Janjal bo‘lgan joyda hech qanday restoran bo‘lmagan, xodimlar esa shu kuni spirtli ichimlik iste'mol qilmaganlar, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan E.D., K.U. va E.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Qarshilik ko‘rsatish, ya'ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish) va 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish: a) jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid