O‘zbekiston | 17:48 / 13.10.2018
19106
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Maksim Oreshkinni qabul qildi 

13 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga amaliy tashrif buyurgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining Rossiya tomoni raisi o‘rinbosari, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta'kidlab o‘tdi.

Yuqori darajadagi muntazam aloqalar ikki tomonlama muloqotni misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirishga turtki berdi. O‘tgan yil mobaynida yuqori darajada delegatsiyalarning 80dan ziyod o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. Sentyabr oyida hukumatlar rahbarlari raisligida Hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli o‘tdi. So‘nggi oylarda respublika hududlari Rossiya Federatsiyasining 28 mintaqasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Yil boshidan buyon tovar aylanmasi 20 foizdan ziyodga oshdi. Talab qilinayotgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni oshirish, infratuzilmani rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Yaqin kunlarda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk marotaba Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari rektorlari forumi bo‘lib o‘tadi. Ularning ishida mintaqalar, kompaniyalar va korxonalar rahbarlari va ikki mamlakat yetakchi oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga rejalashtirilayotgan davlat tashrifining iqtisodiy kun tartibi masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Iqtisodiy rivojlanish vaziri qabul uchun davlat rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va bosh vazir Dmitriy Medvedevning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdorlik mavjudligi ta'kidlandi. 

Mavzuga oid