Sport | 02:47 / 14.10.2018
8918
2 daqiqa o‘qiladi

Shumaxerning o‘g‘li «Formula-3» chempioniga aylandi

Foto: twitter.com/SchumacherMick

«Formula-1»ning yetti karra chempioni Mixael Shumaxerning o‘g‘li – Mik Yevropa «Formula-3» poygalarida muddatidan oldin chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.

Germaniyaning Hokkenhaym shahrida o‘tgan chempionatning final bosqichidagi ikkinchi poygada 19 yoshli pilot marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va turnir jadvalida eng yaqin ta'qibchisi – Buyuk Britaniya poygachisi Den Tiktum yeta olmaydigan darajada yuqorilashga erishdi.

Shu tariqa, germaniyalik pilot Mik Shumaxer avtosportdagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar u ikki yil oldin Germaniya va Italiyadagi «Formula-4» seriyasidagi poygalarda ikki marta ikkinchi o‘rinni olgan.

Foto: Frank Hoermann / globallookpress.com

Mik PREMA jamoasi a'zosi sanaladi. U ushbu mavsumda jamoa tarkibida «Formula-3» yevromavsumining 8 ta poygasida g‘oliblikka erishdi. Kichik Shumaxer o‘tgan yili musobaqadagi debyutini o‘tkazib, butun mavsumdagi natijalariga ko‘ra 12-o‘rinni band etgan edi.

Mikning otasi, afsonaviy Mixael Shumaxer 2013 yilda Alp tog‘larida chang‘i uchish vaqtida olgan bosh miyaning jiddiy jarohatidan sog‘ayish davrini boshdan kechirmoqda. Falokatdan so‘ng yarim yil davomida komada bo‘lgan 49 yoshli nemisning ahvoli haqidagi ma'lumotlar o‘shandan buyon yashiriladi, uning yaqinlari jamoatchilikdan shaxsiy hayotga aralashmaslik haqida so‘raydi.

Mavzuga oid