Sport | 15:52 / 15.10.2018
11710
12 daqiqa o‘qiladi

Erik Kantona: «Bu mening hikoyam»

«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Xuan Mata tomonidan tashkil etilgan loyiha Common Goal (Umumiy maqsad) loyihasi 2017 yilda ishga tushirilgan. Ispaniyalik futbolchi maoshning bir foizini xayriya ishlari uchun ajratish, aniqrog‘i, nochor hududlarda futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shish g‘oyasini boshlab berdi va hamkasblarini ham shu ishga chorladi. Hozirgacha bir qator mashhur futbolchi va murabbiylar Mataning chaqiruviga javob berib kelmoqda.

Ulardan biri 90-yillarning eng mashhur yulduzlaridan biri, Fransiya terma jamoasi va «Manchester Yunayted» yetakchisi Erik Kantona bo‘lib, u ThePlayersTribuna portaliga ushbu harakatga qo‘shilishiga, umuman futbolchi sifatida shakllanishiga asosiy turtki bo‘lgan jihatlar haqida gapirib berdi. E'tiboringizga Erik Kantonaning o‘ziga xos hikoyasini havola etamiz.

Futbol hayotingizga mazmun ato etadi. Men bunga ishonaman. Ammo shu bilan birgalikda, sizning hayotingiz, yashab o‘tgan umringiz, borlig‘ingiz futbolga ham mazmun beradi.

Men odatda tilga olinmaydigan ba'zi narsalar haqida gapirmoqchiman. Men qanday qilib Erik Kantona bo‘lganim haqidagi hikoyani aytib beraman. Bu hikoya hali men tug‘ilmasimdan oldin yozilishni boshlagan.

Biz 1939 yilda, Ispaniyadagi fuqarolar urushi paytida qaytishimiz lozim edi. Ona tomondan bobomning kelib chiqishi Barselonaga taqaladi. U urushning oxirigacha diktator Frankoga qarshi kurashgan, urush tugagach, qidiruvda bo‘lgan. Millatchilar shaharni qo‘lga olishganda, unda qochib qolish uchun soniyalar bo‘lgan xolos. Bobom Pireney tog‘larini piyoda bosib o‘tib, Fransiyaga o‘tib ketishi kerak edi. Hatto yaqinlari bilan xayrlashishga ham vaqt yo‘q, hammasi tamom – yo o‘lim yo hayot.

Ketish oldidan u sevgilisidan so‘raydi: «Men bilan ketishga tayyormisan?»

Uning yoshi 28da edi. Qiz 18 yoshda. Qiz bunday qarorga kelishi uchun oilasini tashlab ketishi kerak edi.

«Ha, albatta, tayyorman», – dedi qiz. U mening buvim edi.

Ular Arjyeles-syur-Merdagi qochoqlar lageriga bordilar. U yerda yuz mingdan ortiq ispaniyalik qochoqlar bo‘lib, tasavvur qila olasizmi, agar Fransiya ularni qabul qilmaganda nima bo‘lardi? Yo‘q. Frantsuzlar hamdard bo‘ldilar, menimcha, butun insoniyat, agar kimdirga hamdard bo‘lishi kerak bo‘lsa, shu ishni qilishi kerak.

Bobom va buvim hech nimasiz keldilar va oldinda yangi hayot kutib turardi. Biroz vaqt o‘tib, qochoqlar uchun ishlash imkoniyati tug‘ildi. Sent-Etenda qurilish ishlari boshlandi. Sen qochoqmisan, boshqa ilojing yo‘q, qayerda kerak bo‘lsang, o‘sha yerga borishing kerak. Shu tariqa minglab kishilar o‘zlari uchun yangi hayot qurdilar. 

Keyin onam tug‘ildi va birmuncha vaqt o‘tgach, oila Marselga ko‘chib bordi. Bu mening ham tarixim – aynan shu voqealar mening inson bo‘lib shakllanishimda poydevor bo‘lgan. Bu bir tush kabi, xayolot kabi, mening tafakkurimga in qurib olgan, bo‘lmasa, o‘sha davrlardan na bir surat, na bir esdalik qolgandi. Qo‘lda ushlasa bo‘ladigan hech narsa yo‘q, faqat hikoyalar.

Lekin 2007 yilda Meksikadagi uylardan birida mashhur fotograf Robert Kapaning merosi topilganida, 60 yil oldin bo‘lib o‘tgan Ispaniyadagi urushlar aks ettirilgan 4500ta surat ham chiqqan. Bu qanday qilib Meksikaga borib qolgani haqida hech kim bilmaydi.

Men uchun juda qiziq tuyuldi. Shuning uchun rafiqam bilan Nyu-Yorkda tashkil etilgan ko‘rgazmaga bordim. Aksariyat fotolar juda kichkina edi. Faqat lupa orqali ko‘rish mumkin edi. Ammo o‘rtaga qo‘yilgan bir nechta surat juda katta edi – deyarli uch metr balandlikda. Suratdagi odamlar xuddi tirik odamlar kabi kattalikda, go‘yoki tirik, oldingda turgandek, qo‘ling bilan tegib ko‘rish ham mumkin. Ana o‘sha suratlardan birida men bobomni ko‘rdim.

Mumkinmi shunaqasi?

U juda yosh edi. Men bu yigit bobom ekaniga amin edim. Lekin bobomning yoshligini ko‘rmaganim uchun biroz shubha bo‘lgan, albatta. Shuning uchun ko‘rgazma Fransiyaga ham kelganida onamni olib bordim. Mana, yana o‘sha yigit qarshisida turibmiz.

«Rostdanam bu o‘shami?»

«Ha, u. Tog‘lardan qochgan paytlaridan sal oldingi rasm bo‘lsa kerak»

Endi tasavvur qiling, bobom o‘sha vaziyatda qat'iyat ko‘rsatmaganda yoki buvim uning ortidan ketmaganda nima bo‘lardi? Balki, hech qachon onam tug‘ilmasdi, balki hech qachon men ham bo‘lmasdim. Bu hali hikoyaning yarmi. Yana bir surat borki, mening hayotimga juda katta ta'sir o‘tkazgan.

Ota tomonidan buvam va buvim ham ko‘chmanchi bo‘lishgan. Ular Fransiyaga 1911 yillarda Sardiniyadan, ochlikdan qochib kelib qolishgan. Uch yil o‘tib, katta bobomni armiyaga, birinchi jahon urushiga olib ketishadi. Uning o‘g‘li, mening bobom esa, ikkinchi jahon urushida Fransiya tomonida turib jang qilgan. Urushdan qaytgach, qurilish bilan shug‘ullangan va yetarlicha pul jamlab, Marsel atrofidan o‘ziga yer sotib oladi. U paytlarda otam o‘smir yoshida edi.

O‘sha sotib olingan yerning bir chekkasida kichkina g‘or bo‘lgan ekan. Bobom uy qurguncha qayerdadir yashash kerak-ku, oila ikki yil o‘sha g‘orda istiqomat qiladi. Bu xuddi afsonaga o‘xshaydi, ammo o‘sha davrlardagi qiyinchiliklarni juda aniq aks ettiradi. 1956 yilning qishida, bobom, buvim va otam adyollarga o‘ralgan holda tushishgan rasmlari saqlanib qolgan.

Mana shu uyda men katta bo‘lganman. Menga meros qilib qoldirilgan uy. Bu mening qonim. Xotiralarimdan biri – yosh bolaman, o‘n qop tuproqni uyning yonidagi tepalikka tashib qo‘yishim kerak edi, ana shundan keyin menga futbol o‘ynashga ruxsat tegardi. Har kuni.

Otam kun bo‘yi uy qurar, kechqurun esa, ruhiy kasalliklar shifoxonasida ishlardi. Buning ham sababi bor. Otamning amakisi, Souver ikkinchi jahon urushi davrida besh yil asirlikda yotgan va u ham mana shu shifoxonaning patsiyentlaridan biri edi. Otam Souver bilan juda yaqin bo‘lgan va u aynan o‘sha kasalxonaga ishga joylashib olgandi. Otam amakisi yotgan bo‘limda ishlar va tuni bilan unga qarab chiqardi.

Bu mening oilam. Mening hikoyam. Qalbim. Men dunyoning turli yerlarida yashab chiqdim. O‘tgan yili Sardiniyadan ham uy sotib olib, ajdodlarim xotirasiga yaqinlashdim. Shu bilan birga, butun vujudim bilan Marselni ham yaxshi ko‘raman. Men uchun qadrli xotiralar uchun u doim mening shahrim bo‘lib qolaveradi.

Bu hikoyalar nega men futbolni shunday o‘ynashim haqidagi savollarga javobdir. Ha, futbol hayotga mazmun beradi, ammo hayotingiz ham siz ko‘rsatayotgan futbolga ma'no ato qiladi. Odatda men bular haqida, ayniqsa, otamning ruhiy kasal amakisi haqida ko‘p gapiravermayman. Bu juda og‘ir. Ammo bir sabab bilan bu safar jim turmayapman.

Biz hamon urushlar, kambag‘allik, ko‘chmanchilik, moddiy yetishmovchiliklar davrida yashamoqdamiz. Kimdir bir o‘yinga kirish uchun 200 yevro to‘layotgan yoki chempionatni 400 yevro to‘lab, televizorda ko‘rishga imkon topayotgan bir paytda, umuman televizor ko‘rishga qurbi yetmaydigan oilalar ham bor. Futbol insoniyatni yaxshilikka chorlovchi ustozlardan biri bo‘lish bilan birgalikda, uning biznes modeli dunyodagi millionlab insonlarni hisobga olmayotgani alam qiladi. 

Nochor mahallalar futbolga muhtoj bo‘lganidek, futbol ham ularga shu qadar muhtojdir.Shuning uchun ham men Common Goal harakati safiga qo‘shildim va yetakchilaridan biriga aylandim. Loyihaga ko‘ra, rozilik bildirib safimizga qo‘shilgan futbolchi yoki murabbiylar o‘z daromadlaridan bir foizini xayriya tashkilotiga o‘tkazishadi va bu pullar nochor hududlarda futbolni rivojlantirishga sarflanadi. Bugungacha oltmishdan ortiq futbolchi guruh a'zosiga aylandi va xursand qiladigan tomoni, ular ichida top-klublar futbolchilari ham, kichik klublardan ham, erkaklar futbolidan ham, ayollar futbolidan ham bor.

Futbol insonlar uchun bo‘lish kerak. Boshqa iloj yo‘q. Bunga to‘siq bo‘lmasligi kerak. Axir hammamiz mana shu o‘yindan zavq olyapmiz, bir tilda, futbol tilida bir-birimizni tushuna olyapmiz-ku, to‘g‘rimi?

Mendan doim bir narsani so‘rashadi:

«Yunayted» safida o‘ynash qanday bo‘lgan? Kuchlaring nimada edi?

Ko‘pchilik qandaydir murakkab javobni kutishadi, ammo buning hech qanday siri yo‘q. Hammasi oddiy. Aleks Fergyusonning eng kuchli jihati, biz soatlab o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan so‘ng, maydonga chiqayotganimizda, u bizga butkul erkinlikni taqdim etardi. O‘zimiz istagan tomonga yugurar, o‘zimiz istagan tarzda futbol o‘ynardik.

Boshqacha futbolni tasavvur qila olmayman. Erkinliksiz futbolni tasavvur qilish mumkinmi? Shuning uchun ma'zur tutsangiz, futbolni boshqarayotgan insonlarga savolim bor – agar erkinlik bo‘lmasa, bu qanday futbol bo‘ladi?

Agar erkinlik bo‘lmasa, hayotdan nima naf? Hayotning mazmuni qayerda qoladi unda?

Endi mening o‘tmishim haqida bilasiz. Men qochoqlar va ko‘chmanchilar, ishchi va soldatlar oilasi vakiliman. Mening bolaligim yetishmovchilikda o‘tgan. Ammo umrning mazmuni shundan iboratki, oddiy, mayda yutuqlardan ham baxt tuyishni o‘rganish lozim.

Masalan, oila bilan shunchaki dam olishga chiqish. Uch juft paypoqni birlashtirib, ip bilan bog‘lab, quyosh nurlari ostida to‘p qilib tepish. Keyin yashil o‘tloqda osmonga qarab yotish. Bir paytning o‘zida hech narsadan va mavjud hamma narsadan zavq olardik.

Men futbolni tark etganimda 30 yoshda edim. Nima qildim bilasizmi? Men bir paytlar, 1939 yilda buvim va bobom tark etishga majbur bo‘lgan shaharga bordim. Barselonada yashay boshladim.

Qahramon Aslanov tayyorladi