O‘zbekiston | 20:30 / 22.10.2018
6185
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 oktabr kuni O‘zbekistonda AQSh biznesi haftaligi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQShga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali natijalari strategik sheriklikning yangi davrini boshlash imkonini berdi.

AQShning «Jyeneral Elektrik», «Boing», «SiEnEych Indastrial», «Jon Dir», «Xanivell», «Silverlif», «Uayt end Keys» va boshqa ko‘plab kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya va innovatsiya sohalaridagi o‘zaro hamkorlik kengaymoqda.

Bugungi kunda mashinasozlik, neft-gaz va gaz-kimyo, elektr energetikasi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarini qamrab olgan qiymati 5 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil boshidan mamlakatimizda AQSh investitsiyalari ishtirokida 25 yangi korxona tashkil etildi, o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi.

O‘zaro manfaatli biznes hamkorlikni mustahkamlashda tarkibiga AQShning jahonga mashhur 37ta kompaniyasi, investitsiya korporatsiyalari va banklari kirgan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi muhim rol o‘ynayotgani ta'kidlandi.

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, avvalo, texnologiyalar sohasidagi sheriklikni rivojlantirishning aniq istiqbollari muhokama qilindi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, Palataning yangi a'zolarini jalb etgan holda, investitsiya loyihalarini tayyorlash muhimligi qayd etildi.

AQSh kompaniyalarining O‘zbekiston bozorida uzoq muddat faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratildi.

Kerolin Lemm davlatimiz rahbariga samimiy qabul hamda Palata a'zolarining mamlakatimizdagi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun AQSh ishbilarmonlar hamjamiyati nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonda barcha soha va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar tadbirkorlik tashabbuslarini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda keng imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi.

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda faol ishtirok etishga tayyor ekani alohida ta'kidlandi.

Mavzuga oid