O‘zbekiston | 08:33 / 25.10.2018
48483
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati mobil qurilmalar bo‘yicha qaror qabul qildi

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligining telegram-kanalida yozilishicha, qarorga muvofiq, respublikada mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari asosida ro‘yxatga olish bo‘yicha tizim joriy qilinadi.

Mazkur tizim:

• mobil qurilmalardagi o‘ziga xos identifikatsiya kodlari to‘g‘riligini tekshirish orqali ularning mulkdorlari (egalari) huquqlarining himoya qilinishini ta'minlash;
• mobil qurilmalardan ularning egalarini ogohlantirmasdan noqonuniy va ruxsatsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakolatli organ, “UZINFOCOM” davlat axborot xizmatlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJ esa tizim operatori etib belgilandi.

Qaror bilan 2019 yil 1 aprelgacha:

• mobil qurilmaning identifikatsiya kodini Internet tarmog‘i orqali onlayn rejimida ro‘yxatga olish va uning maqomini tekshirish xizmati joriy etiladi;
• mobil qurilmani ro‘yxatga olish hamda maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hududiy punktlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, tizim operatoriga mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari bilan shartnomalar tuzishga va keyinchalik ularni Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUKda ekspertizadan o‘tkazishga ruxsat berildi.

Shuningdek, tizim operatoriga uni tashkil etish va joriy etish doirasida olib kiriladigan uskuna, butlovchi buyum va ehtiyot qismlar, dasturiy ta'minot mahsulotlari, vosita va moslamalar, kompyuter hamda server texnikasi uchun bojxona to‘lovlarini bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 36 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berildi.

Mavzuga oid