Jamiyat | 20:40 / 26.10.2018
17231
7 daqiqa o‘qiladi

Matbuot: Gazetachilikning og‘riqli nuqtalari

Ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida bot-bot muhokama qilinayotgan «Gazetaning kelajagi bormi?» degan savolga javob berish vaqti yetdi. Unutmaslik kerakki, jamiyatda matbuotning o‘rni hech qachon yo‘qolmaydi, aksincha, yangi raqobatda u yanada toblanib, o‘zining yangi qirralarini ochib, umrboqiyligini saqlab qoladi.

Internet tarmoqlari va onlayn nashrlar fonida matbuot «chalajon» bo‘layotir, degan xavotirning paydo bo‘lishi ham internet va axborot vositalari (jumladan, bosma) o‘rtasidagi o‘ziga xos farqning aniqlashmayotganidan dalolat beradi. Haqiqatan ham internet nashrlari matbuotning funksiyasini to‘liq bajarib, bosma nashrlarning tarixga aylanishiga asos bo‘la oladimi? Yo‘q. Bu qat'iy javobning aniq misollari bor. Buning uchun biz avvalo, bosma va onlayn OAVning umumiyligi va o‘ziga xosligini, afzaliyat va kamchiliklarini yaxshi tushunib olishimiz kerak.

Internetning ommaviylashgani hisobidan bosma OAV o‘quvchilari kamaydi, degan fikr ham u qadar to‘g‘ri emas. Sababi «Internet paydo bo‘lib, endi gazeta o‘qimay qoldim», degan insonni uchratmadim.

Bizning fikrimizcha, matbuot, jumladan, gazetalar tirajining keskin kamayishi, ommalashuv darajasining pasayishining o‘nlab sabablari mavjud.

Jumladan, nashrlar o‘quvchilarining ehtiyoj va talablariga o‘z vaqtida e'tibor qaratmadi. Keyingi yillarda bosma nashrlarning haddan ziyod ko‘payib, saviya va darajasi tushib ketdi. Jamiyatdagi muammoga OAVning munosabati sezilmadi, munosabat bildirilganda ham vaziyat o‘zgarmadi. Va eng katta kamchiliklardan biri - matbuot tarqatuvchilar nashrlarni o‘z vaqtida o‘quvchilarga yetkazib bermagani hamda sohada yetuk va professional kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq.

Tan olib aytish kerakki, endi bu kabi muammolarni hal etish uchun zarur imkoniyat va sharoit yaratildi. Ko‘plab nashrlar o‘zi belgilagan qobiqdan chiqib, tanqidiy-tahliliy, munozarali maqolalarni e'lon qila boshladi. Xalqning fikri, muammoga mutasaddi rahbarning munosabati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ommaga oshkor etilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda so‘z erkinligi va oshkoralik prinsipining amal qilishi va OAVning bir qadar erkin faoliyat ko‘rsatayotganidan dalolatdir.

Ayniqsa, jamiyatdagi nuqsonlarni oshkora aytib, uni bartaraf etish borasida qilinayotgan ishlar, jumladan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik inson huquqlarining mamlakatimizda ustuvor ekanligining isbotidir. Bu jarayonlarda xalq ta'limi tizimini isloh qilish, o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirishga oid chora-tadbirlar doirasida o‘qituvchilar maoshidan turli maqsadlarda, jumladan, gazeta va jurnallarga majburiy obuna, kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga majburiy ravishda olib qolish ham taqiqlanadi. Aniqroq qilib aytsak, endi majburiy obunaga barham berildi. Bu majburiy obuna umidida mudrab yotgan ba'zi muharrirlarni uyg‘otadigan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Afsuski, bunga hamma tahririyat ham tayyor emas. Shuning uchun ko‘plab bosma nashrlar o‘z faoliyatini tugatishi tabiiy. Biroq bu matbuot endi tarixda qoldi degani emas. Chunki gazetachilikning hali yangi imkoniyatlari borki, undan oqilona foydalanishimiz zarur.

Yana bir gap. Endi obuna majburiy emas, deb umuman gazeta-jurnallarga obuna bo‘lmaydigan insonlar ko‘payadi. Biroq bu umuman obuna bo‘lma, gazeta o‘qima, degani emas. Aksincha, endi odamlarning o‘zi qaysi nashrga obuna bo‘lishini hal qilishi zarur. Ya'ni, o‘zini hurmat qiladigan, oilasi, farzandlarining savodli bo‘lishini istaydigan, yurtimizdagi voqea-hodisalar, tafsilotlar va yangilanishlarni muntazam kuzatadigan odam, albatta, gazetalarga obuna bo‘ladi, mutolaa qiladi.

Xo‘jalik hisobida kun ko‘ruvchi tahririyatning iqtisodiy holati, ijtimoiy mavqei va ijodiy jamoasidagi ma'lum bir muammolari qatoriga yana bir yangi muammo qo‘shildi. Bu gazetani obunachilarga o‘z vaqtida tarqatish va obuna pullarining o‘z vaqtida tahririyat hisob raqamiga tushishidir. Gap shundaki, so‘nggi vaqtlarda obuna uyushtiruvchi tashkilotlarning aksariyati shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaganliklari sabab tahririyatlarda ko‘plab muammolar vujudga kelmoqda. Vaholanki, matbuot tarqatuvchi tashkilotlarning aksariyati shartnoma tuzish uchun tahririyatga kelib, «Gazetaniyam, puliniyam o‘z vaqtida yetkazamiz...», deb va'da berishadi-da, ishlari bitgach, g‘oyib bo‘lishadi. Masalan, bizning tahririyatimizga hozirgi kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 12ta matbuot tarqatuvchi tashkilotlardan 8tasi hali-hanuz obuna pullarini to‘laganicha yo‘q. Ularning ba'zilarini na manzili va na telefon raqamlari ma'lum. Shartnomada ko‘rsatilgan manzil va telefon raqamlari boshqalarga tegishli.

Xullas, va'daboz obuna uyushtiruvchi tashkilotlar bilan bog‘liq muammo va tushunmovchiliklar gazetalarda mavjud.

Sohaga oid muammolarni yozish mushkul emas. Qiyini uning yechimini topishda. Shu ma'noda matbuot oldidagi muammolarni bartaraf etish uchun quyidagi takliflarimni bildirmoqchiman:

- matbuot faoliyatiga yondashuvni o‘zgartirib, bozor iqtisodiyotidan kelib chiqqan holda marketing ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi lozim. Bu o‘z navbatida bosma nashrlarning to‘liq mustaqil bo‘lishini ta'minlaydi;

- matbuotda e'lon qilingan tahliliy-tanqidiy, dolzarb va bahs­talab maqolalarni mas'ul rahbar va mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish zarur. Chunki gazetada minglab muammo va kamchiliklar haqida bong urilsa-yu, unga mas'ul soha vakillari, rahbarlar befarq bo‘lsa, faoliyat samarasiz bo‘lib qoladi.

- nashrlarning o‘z vaqtida obunachiga yetkazilishi va mablag‘larning o‘z vaqtida tahririyat hisob raqamiga  tushishini qat'iy nazorat qilish lozim.

Xullas, matbuot sohasidagi muammolarni «Internet borku...» qabilidagi bahona bilan emas, aksincha, puxta o‘ylangan aniq konsepsiya va tahlillar asosida o‘rganishimiz, ularni bartaraf etish uchun harakat qilishimiz darkor. Shundagina biz fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan bosma ommaviy axborot vositalarining yangi rivojlanish bosqichiga chiqa olamiz.

 Bahodir RAHMONOV,

«Ovozi Samarqand» gazetasi bosh muharriri.

Mavzuga oid