Sport | 16:03 / 31.10.2018
15128
2 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning Pochettinoga taklifi bo‘yicha yangi tafsilotlar e'lon qilindi

Foto: Getty Images

Yevropa matbuoti «Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino faoliyatini «Real»da davom ettirishi haqidagi xabar berishda davom etmoqda.

Navbatdagi yangilik The Sun tomonidan tarqatildi. Nashrga ko‘ra, Madrid murabbiyga hozirgi maoshidan ikki barobar ko‘p miqdorda oylik to‘lashga tayyor. Aniqrog‘i, Pochettinoga yiliga 17 million funt maosh taklif qilinishi mumkin.

Manbaning aniqlashicha, «qaymoqranglilar» ushbu murabbiyni birinchi raqamli nomzod sifatida ko‘rmoqda va unga 5 yillik shartnoma loyihasini taqdim etishni rejalashtirishmoqda. Murabbiyning ushbu vaqt davomida oladigan maoshi umumiy miqdorda 85 million funtni tashkil etadi.

Qo‘shimcha qilinishcha, «Real» prezidenti Florentino Peres mavsum o‘rtasida ushbu yirik loyihaga qo‘l urib bo‘lmasligini tushunib turibdi. «Shporlar» bosh ijro direktori Daniel Levi bunga qattiq qarshilik ko‘rsatgan taqdirda Peres yozgacha kutishga tayyor.

Ma'lumot uchun, 46 yoshli mutaxassis 2014 yil mayidan buyon London jamoasiga ustozlik qilib keladi. U o‘tgan vaqt davomida ikki marotaba shartnomasini yangilagan, so‘nggi marta shu yilning mayida 5 yillik bitimga imzo chekib, «Tottenhem»da 2023 yilgacha ishlashga rozi bo‘lgan edi. Argentinalik hozirgi ish joyida yiliga 8,5 mln funt maosh oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jamoa futbolchilari Pochettino ketib qolishi mumkinligidan xavotirda ekani xabar qilingandi.

Mavzuga oid