Sport | 19:33 / 03.11.2018
23296
3 daqiqa o‘qiladi

Serik Qo‘naqbayev: «Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi qanday qarorga kelishidan tashvishdamiz»

AIBA prezidentligi uchun saylovda g‘olib G‘ofur Rahimovga raqobatchi sifatida ishtirok etgan Qozog‘iston vakili Serik Qo‘naqbayev ovoz berish natijalari ma'lum bo‘lgach, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.

«Boksdagi faoliyatimni davom ettiraman. AIBA atrofida yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz. Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi qanday qarorga kelishi borasida tashvishdamiz.

Ovoz berish jarayonida qog‘oz byulletenlaridan foydalanmaslik tarafdori edim. Ammo Ijroqo‘m a'zolari boshqacha fikr bildirishdi. Hozir bu borada bahslashishni istamagan bo‘lardim. Muhimi bu emas. Birlashib ishlagan holda tashkilotni hozirgi murakkab vaziyatdan olib chiqib keta oladigan insonlar saylangan bo‘lib chiqishini istayman.

Osiyo boksida qanday o‘zgarishlar kutilishi mumkin? Afsuski, endi Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidenti lavozimida emasman. Mening o‘rnimga kelgan rahbar qit'ada boks taraqqiyoti uchun qo‘yilgan asoslarga tayangan holda uni rivojlantirish ishlarini davom ettiradi, deb o‘ylayman. O‘z tavsiyalarim bilan unga yordam berib turishim mumkin.

So‘nggi Olimpiada o‘yinlarida kuzatilgan hakamlik borasidagi mojarolar, moliyaviy murakkabliklar kabilarni bartaraf etish yangi rahbariyat, yangi jamoadan katta mehnat talab etadi.

Vazn toifalari sonining 12 tadan 10 taga, mana endi 8 taga tushirilishi XOQning talablari bilan bog‘liq. Ular boks ajralib turuvchi sport turi ekanini, uning o‘ziga xos jihatlari borligini hisobga olib bunday islohotlarni dastlab taklif sifatida kiritishlari lozim. Yakunda boks yana avvalgi darajada ommabop sport turiga aylanishiga umid qilaman», - deb aytib o‘tdi Qo‘naqbayev.

137 nafar delegat ishtirok etgan saylovda o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov 86 ta, Serik Qo‘naqbayev 48 ta ovoz yig‘di, yana 3 ta byulleten to‘ldirilmagan holda qaytarildi.

Mavzuga oid