Jamiyat | 17:31 / 05.11.2018
25237
2 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar uchun ishonch telefon raqami e'lon qilindi

Zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga duch kelayotgan xotin-qizlar uchun ishonch telefoni raqami e'lon qilindi. Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

“Zo‘ravonlikka duch kelayotgan ayollar yoki atrofdagilarning shunday munosabatga yo‘liqayotganiga guvoh bo‘layotgan kishilar 1146 ishonch telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qilishlari mumkin”, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari. 

Tanzila Norboyeva

Bugunga kelib O‘zbekiston bo‘ylab jami 130 ta markaz faoliyat yuritmoqda. Ularda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga psixologik, huquqiy, ijtimoiy va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.  Bunday markazlarda ayollarning vaqtincha kun ko‘rishi uchun zarur qulayliklar yaratilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari tomonidan 485 nafar oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga yordam ko‘rsatilgan. 

Bundan tashqari, Tanzila Norboyevaning ma'lum qilishicha, bugungi kunda qizlar uchun tibbiy maqsadlarda xizmat qiluvchi 1003 ishonch telefon xizmati ham ishga tushirilgan. Organizmida muayyan o‘zgarishlarni sezgan yoki ginekologik masalalarda savollari bo‘lgan qizlar yuqorida keltirilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Mavzuga oid