Light | 15:30 / 06.11.2018
46130
8 daqiqa o‘qiladi

Afsonaviy shifokor Xinoxaraning uzoq umr ko‘rish va salomatlik sirlari

Shigeaki Xinoxara — Yaponiyaning uzoq umr ko‘ruvchilar mamlakati nomini olishiga sababchi insonlardan biri. Uning o‘zi ham misli ko‘rilmagan faol keksalik davri namunasidir. Xinoxara 75 yoshidan keyin 150 ta kitob yozgan. Ular orasida eng mashhuri “Uzoq umr ko‘rish, yaxshi yashash” nomli kitob 1,2 million adadda chop etilgan. 100 yoshdan keyin odamlarni davolash va ma'ruza o‘qishda davom etgan.

Ta'kidlash joizki, Xinoxarani faqat shifokor sifatida tanishmagan, u 90 yoshida o‘z orzusini amalga oshirib, orkestr dirijyorlik pultini boshqargan. Shifoxonada o‘z bemorlari uchun musiqiy oqshomlar uyushtirgan.

Quyida Shigeaki Xinoxaraning uzoq umr ko‘rishga oid qoidalari bilan bo‘lishishga qaror qildik.

1. Inson taom yoki uyqudan emas, shodlik lahzalaridan quvvat oladi. Yodingizda bo‘lsa, bolalik chog‘imizda quvnoq  damlarda hatto ovqatlanishni ham, uyquni ham unutib qo‘yar edik. Kattalarda ham shunday. Tanamizni ortiqcha taom yoki uyqu bilan qiynashga hojat yo‘q.

2. Har qanday irq, millat yoki jins vakillari uzoq yashashi mumkin. Ularni faqat bir jihat birlashtiradi: uzoq umr ko‘ruvchilar orasida birorta ortiqcha vaznli odam yo‘q. Masalan, men nonushtaga bir choy qoshiq zaytun moyi qo‘shilgan qahva yoki sut yo apelsin sharbati  ichaman (u arteriyalar va teri uchun foydali). Tushlikka – pechene va sut, agar haddan tashqari band bo‘lsam, hech nima. Men ishlayotgan vaqtimda umuman ochlikni his qilmayman. Kechki ovqatga sabzavotlar, biroz baliq va guruch yeyman. Haftada ikki marta 100 grammdan yog‘siz go‘sht iste'mol qilaman.

3. Ishlarni doim oldindan rejalashtiring. Mening ish daftarim odatda kelgusi yilgacha to‘lgan bo‘ladi – bemorlar oldindan  qabulga yoziladi, ma'ruzalar va shifoxonadagi ishlar. Biroq 2016 yilda biroz ko‘ngil yozishni rejalashtirdim va Tokiodagi Olimpiadada bo‘ldim.

4. Pensiyaga umuman chiqish kerak emas. Agar buni chetlab o‘tishning iloji bo‘lmasa, buni imkon qadar kechroqqa suring. Bugunga kelib Yaponiyada pensiya yoshi – 65 yosh, lekin bu yarim asr ilgari belgilangan me'yor, u davrda mamlakatdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 68 yosh bo‘lgan, butun Yaponiya uchun 100 yoshli qariyalar soni esa atigi 125 kishi bo‘lgan. Hozir yapon ayollari o‘rtacha 86 yil umr ko‘rishadi, erkaklar esa – 80 yilgacha, 100 yoshdan oshganlar soni esa – 36 ming nafar!

5. O‘z bilimlaringiz bilan bo‘lishing. Men yiliga 150 ma'ruza o‘qiyman, ular turli auditoriyalarga mo‘ljallangan – maktab o‘quvchilaridan tortib to ishbilarmonlargacha. Mening ma'ruzalarim bir soatdan bir yarim soatgacha davom etadi va men ularni tik turgan holatda o‘qiyman.

6. Shifokor sizga qandaydir tahlil topshirish yoki operatsiya qildirishni tavsiya qilsa, unga savol bering: xuddi shu tavsiyani o‘z farzandlari, ayoli yoki qarindoshlariga bergan bo‘larmidi yoki yo‘q? Shifokorlar hamma kasallikni ham davolay olmaydi. Ortiqcha azob-uqubatlarga nima hojat? Ba'zan musiqa yoki jonivorlar terapiyasi jarrohlik operatsiyalaridan yaxshiroq yordam beradi.

7. Salomatlikni saqlab qolish uchun zinadan harakatlaning va o‘z buyumlaringizni o‘zingiz ko‘taring. Men biryo‘la ikki zinani xatlab chiqaman, shunda mushaklar yaxshiroq ishlaydi.

8. Robert Brauning tomonidan yaratilgan “Abbat Fogler” poemasi meni juda ilhomlantiradi. Unda yozilishicha, san'atda va hayotda inson o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yishi kerak. Deylik, aylana  chizmoqchisiz, u shu qadar katta bo‘lishi kerakki, butun umr davomida tugata olmang. Biz bu aylananing bir qisminigina ko‘ramiz, qolgani esa bizning nigohimiz va hayotimizdan tashqarida.

9. Og‘riq — sirli narsa; uni yengishning eng yaxshi usuli - bu qandaydir juda qiziq narsaga chalg‘ish. Bolaning tishi og‘riganda uni biror o‘yin bilan chalg‘itish kerak, shunda u og‘riqni darhol unutadi. Shifoxonalar bu borada bosh qotirishi kerak. Bizning shifoxonamizda shodlikka sabab ko‘p: musiqa, jonivorlar va art-terapiya. Bularning bari juda yaxshi yordam beradi.

10. Ko‘p moddiy boylik to‘plashga harakat qilmang. Yodingizda bo‘lsin: vaqti-soatingiz qachon tugashini hech kim bilmaydi. Ularni baribir o‘zingiz bilan birga olib keta olmaysiz.

11. Shifoxonalar katta fojialarga tayyor turishi va ularga murojaat qilgan har bir insonni qabul qilishi kerak. Bizning shifoxonamiz shundayki, zarurat tug‘ilganda har qanday joyda operatsiya qilish mumkin: yerto‘lada, koridorda va b. Fojialarga tayyor turish haqida gapirganimda ko‘pchilik meni aqldan ozganga chiqarardi, biroq 1995 yilning 20 martida “Aum Sinrikyo” sektasi Tokio metrosiga hujum uyushtirganda bu tayyorgarlik juda katta foyda berdi. Biz 740 nafar jabrlanuvchini qabul qildik va ikki soatda bu zarin gazi bo‘lganini aniqladik. Birgina bemor halok bo‘ldi, lekin 739 nafarini qutqarib qoldik.

12. Faqat ilm-fanning o‘zi odamlarga yordam bera olmaydi. Ilm-fanga tayanadigan bo‘lsak, u barchani bir qolipga soladi, lekin biz hammamiz har xilmiz, kasalliklar esa bizning qalbimiz bilan chambarchas bog‘liq. Kasallikni tushunish va insonga yordam berish uchun nafaqat ilm-fan, balki san'at ham kerak.

13. Hayot kutilmagan hodisalarga to‘la. 1970 yilning 31 martida, 59 yoshimda men Tokiodan Fukuokuga uchdim. “Qizil armiya” kommunistik partiyasi a'zolari samolyotni qo‘lga olganida, ajoyib quyoshli tong edi, men Fudziyama manzaralaridan zavq olib ketayotgan edim. Keyingi to‘rt kunni men 40 darajali issiqda  kresloga zanjirband holatda o‘tkazdim. Shifokor sifatida o‘zimni tashqaridan kuzatdim va tananing inqirozli vaziyatlarga qanchalik moslashishini ko‘rdim.

14. O‘zingiz havas qilgan insonlardan-da o‘zishga harakat qiling. Mening otam 1900 yilda Shimoliy Karolinadagi Dyuka Universitetida o‘qish uchun AQShga borgan. U faol inson va mening qahramonlarimdan biri bo‘lgan. Keyinroq boshqalari ham paydo bo‘ldi. Qiyin vaziyatda qolganimda shunday insonlar mening o‘rnimda bo‘lganida qanday yo‘l tutgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.

15. Uzoq yashash — juda yaxshi. Biz 60 yoshgacha oilamiz farovonligi uchun ishlaymiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish osonroq. Biroq keyin biz butun jamiyat farovonligi uchun harakat qilishimiz kerak. Men 65 yoshdan keyin bepul ishlay boshladim – kuniga 18 soatdan, haftasiga yetti kundan. Har daqiqa o‘z ishimdan zavq olaman.

Doktor Shigeaki Xinoxara, Tokiodagi Muqaddas Luka shifoxonasining prezidenti, 2017 yilning 18 iyulida hayotdan ko‘z yumgan. U deyarli so‘nggi kunlarigacha bemorlarni qabul qilishda davom etgan. Afsonaviy shifokor 105 yoshida vafot etgan.

Mavzuga oid