Jahon | 10:28 / 07.11.2018
20201
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi terakt ijrochisi barcha ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topildi 

Foto: NBC New York

AQSh sudi 2017 yil dekabrda Nyu-York markazida portlovchi qurilmani harakatga keltirgan bangladeshlik Aqoyid Ullani barcha ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topdi. Ayblovlar orasida xorijiy terrorchilik tashkilotini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanish va jamoat joyida portlashni tashkillashtirish ayblovlari bor.

Ullaning avdokatlari u jamiyatda o‘zini yakkalangan his qilgani uchun o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganini vaj qilishgan. Ammo ayblov tomoni bu vajni rad etib, sudlanuvchi faqat o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganda portlovchi qurilmadan foydalanmagan bo‘lishiga ishora qilgan. Ayblov Ullaning ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarini va qo‘lga olingandan keyin tergovchilarga bildirgan iqrorini bunga isbot sifatida keltirgan.   

The New York Times nashrining ma'lum qilishicha, Ulla ushlangandan keyin huquq-tartibot idoralari xodimlariga portlashni IShID tashviqoti ta'siri ostida amalga oshirganini tan olgan.

Manxettendagi portlash 11 dekabrda 42-ko‘chadagi yer osti o‘tish joyida sodir etilgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Ulla tanasiga mahkamlangan qo‘lbola portlovchi qurilmani portlatgan. Natijada u yaralanib, shifoxonaga yetkazilgan. Portlash vaqtida yana 3 kishi jarohat olgan. 

Ullaga chiqariladigan jazo keyinroq e'lon qilinadi. Unga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin. 

Mavzuga oid