Jahon | 18:00 / 08.11.2018
37500
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning eng tinch shaharlaridan birida 12 kishi otib tashlandi. Tafsilotlar

© EPA-EFE/MIKE NELSON

AQShning Kaliforniya shtatidagi Tauzand-Ouks shahrida joylashgan barlardan birida otishma uyushtirildi. Bu hodisa 8 noyabrga o‘tar kechasi, Borderline Bar & Grill binosida — kantri musiqasi muxlislari uchun raqs klubida ro‘y berdi. Bu vaqtda klubda talabalar oqshomi uyushtirilgandi, ichkarida bir necha yuz kishi bo‘lgan. Jinoyatchi kamida 30 marta o‘q uzgan. Hozircha jinoyatchi qanday quroldan foydalangani rasman ma'lum qilmadi, guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra qotil  yarim avtomat to‘pponcha bilan odamlarni o‘ldirgan.

Jinoyatchi 12 kishini otib tashlagan. Hozircha hukumat faqat raqamlarni keltirmoqda: marhumlardan biri sherif o‘rinbosaridir. U otishma boshlanishidan bir necha daqiqa o‘tib, barga kelgan va jarohat olgan. U shifoxonada jon bergan. Ushbu xunrezlik oqibatida yana o‘nlab kishilar jarohatlangan, ularning barchasi shifoxonaga yotqizilgan, ularning holati haqida ma'lumotlar mavjud emas.

Bar ichidan qotilning jasadi topilgan. U o‘zini o‘ldirgani yoki politsiya o‘qidan halok bo‘lgani ma'lum emas. Uning shaxsi hozircha aniqlanmadi. Uni ommaviy qotillikka undagan sabablar ham ma'lum emas. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u binoga kirishi bilanoq o‘q uza boshlagan — uning ilk qurbonlari qo‘riqchi va kassir bo‘lgan. O‘t ochishdan avval u hech qanday so‘z aytmagan.

Foto: AP

Qayd etish kerakki, Tauzand-Ouks mamlakatning eng tinch va xavfsiz shaharlaridan biri hisoblanardi. Bu shahar Los-Anjyelesdan bir necha o‘n kilometr masofada joylashgan. Shahar meri Tauzand-Ouks ko‘p yillar davomida eng kam jinoyat sodir etilgan shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egallab kelganini aytib o‘tgan. «Shunday davr keldiki, bunday jinoyatlar istalgan vaqtda istalgan joyda, hattoki maksimal darajada xavfsiz deb qaralgan hududlarda ham ro‘y berishi mumkin», — degan mer.

Mavzuga oid