Jahon | 17:20 / 13.11.2018
26703
4 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi nizo: Yuzlab raketalar va qurbonlar

Foto: GETTY IMAGES

12 noyabr kuni Isroil samolyotlari falastinliklarning G‘azodagi yuzlab obektlariga hujum uyushtirdi. Harbiy tadbirlar 11 noyabr kuni G‘azo sektoridan Isroil hududiga 370 dan ortiq raketa yo‘llanishiga javoban amalga oshirildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, nizolar oqibatida ikki tomondan kamida 5 kishi halok bo‘lgan: G‘azo sektorida 4 kishi va Isroilning Ashkelon shahrida bir kishi.

G‘azo sektoridan uchib kelgan raketalardan biri isroillik harbiylarni tashuvchi avtobusga kelib tushgan. Buning oqibatida bir nafar harbiy jarohatlangan.

Shuningdek, G‘azo sektori bilan chegaralar yaqinida joylashgan Ashkelon shahriga raketalar kelib tushgan. Bu hujumlar oqibatida bir bino vayron bo‘lgan, bir kishi halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangan.

Isroil armiyasining javob hujumi davomida G‘azo portidagi bir kema yo‘q qilingan, HAMAS bu kemadan razvedka va diversiya maqsadlarida foydalanib kelgan. Shuningdek, ushbu tashkilot faoliyatini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi Al-Aqsa telekanali binosi vayron etilgan. Hujumdan avval binodagi odamlar evakuatsiya qilingandi.

Bundan avvalroq Isroil HAMAS bilan munosabatlarda javob choralarini kuchaytirishi haqida ma'lum qilgandi. Falastinliklar ham Isroilga qarshi «olov halqasini kengaytirishi»ni e'lon qilishgan.

Foto: GETTY IMAGES

Bu vaqtda BMTning Yaqin Sharqdagi elchisi Nikolay Mladenov Misr tomoni falastinliklar bilan muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyorligini bildirmoqda.

«Keyingi 24 soatda ziddiyat jiddiylashdi», – deya yozgan u o‘z tvitterida.

Barchasi nimadan boshlandi?

Foto: GETTY IMAGES

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi navbatdagi ziddiyat 2014 yildan buyon eng keng ko‘lamlisi bo‘lmoqda.

Dushanba kuniga o‘tar kechasi isroillik maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiylar G‘azo sektoriga kirishgan va maxsus amaliyot o‘tkazishgan.

Falastinlik manbaning so‘zlariga ko‘ra, isroillik harbiylar otryadi G‘azoga fuqarolik avtomobilida kirgan. Isroilliklar 7 nafar falastinlikni otib tashlashgan, o‘ldirilganlar orasida HAMASning nufuzli qo‘mondonlaridan biri, «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasi a'zosi Nur Baraka ham bo‘lgan.

Frans press agentligi ma'lumotiga ko‘ra esa, o‘ldirilganlarning 6 nafari HAMAS a'zolari, yana bir kishi falastinliklarning harbiylashgan tashkiloti - Isroil bilan tinchlik sulhi tuzilishiga qarshi kurash olib boradigan milliy qarshilik harakati a'zosi bo‘lgan.

Isroil Mudofaa armiyasi amaliyot vaqtida otishma yuzaga kelgani, natijada isroillik bir harbiy halok bo‘lib, yana bir harbiy jarohatlangani haqida ma'lum qilgan.

Bayonotda qayd etilishicha, ushbu amaliyotdan maqsad terrorchilarni yo‘q qilish yoki ularni o‘g‘irlash emas, Isroil xavfsizligini ta'minlash bo‘lgan.

G‘azo sektorida tanglik yuzaga kelishi oqibatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Parijga tashrifini bekor qildi. U boshqa davlatlar rahbarlari qatorida Birinchi jahon urushi yakunlanganining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi.

Mart oyi oxiridan buyon G‘azo sektoridagi mojarolar tufayli 200 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ularning aksari chegara hududidagi agressiv namoyishlar vaqtida o‘ldirilgan.

Bu vaqt ichida Isroil tomoni bir askar yo‘qotgan - u G‘azo sektori chegarasi yaqinida falastinlik mergan o‘qiga uchragan.

Mavzuga oid