Jamiyat | 18:34 / 22.11.2018
7126
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yoshlar bilan ishlovchi prorektorlar uchun o‘quv-seminar boshlandi 

Bugun Toshkent shahar Yoshlar markazida oliy ta'lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.

Prezidentning 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, har bir oliy ta'lim muassasasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan seminarning 1-kunida yurtimizdagi 86 ta oliy ta'lim muassasalarining prorektorlari ishtirok etishdi.

O‘quv-seminarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarlari ham qatnashdilar.

O‘quv-seminarining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.Abduvohidov so‘zga chiqib, Oliy ta'lim muassasalarida talaba-yoshlarga bilim berish va ularni tarbiyalashni bugungi kun talablaridan kelib chiqib yangicha asosda tashkil etishning dolzarb masalalari haqida fikr yuritdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev esa yangi lavozim egalarining oldiga qo‘yilayotgan dolzarb vazifalar haqida alohida ta'kidlab o‘tdi.

–  Hozirda yoshlar bilan ishlash masalasi har qachongidan ham mas'uliyatli vazifaga aylandi. Ayniqsa,  oliy o‘quv yurti talabalari bilan ishlashda mavjud muammolar borligini kadrlar masalasida paydo bo‘layotgan bo‘shliq ko‘rsatib turibdi. Bugungi talaba ertaga kuchli mutaxassis, ma'lum bir sohaning rivojiga hissa qo‘sha oladigan innovatsion yondashuvga ega yetuk kadr bo‘lishi kerak. Afsus, bu borada bizda birmuncha muammolar ko‘zga tashlanyapti. Mening nazarimda, shuning uchun ham mazkur lavozim joriy etildi. Bu esa oldinda qilinishi kerak bo‘lgan juda ko‘p ishlar borligini ko‘rsatadi. Bu borada bizga O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari kengashi yetakchilari, fakultet va guruh yetakchilari yordamchi bo‘la oladi, shuning uchun bu borada o‘rtada hech qanday bo‘shliq qoldirmasdan ularga yaqindan ko‘maklashib, ular bilan kengashib ishlansa ayni ko‘zlangan maqsadga erishiladi, – dedi u.

Seminarda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirilishida oliy ta'lim muassasalarining o‘rni haqida fikrlar bildirilib, bu boradagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Talaba yoshlarni sport sohasida erishgan yutuqlari tahlil qilinib, ta'lim muassasalaridagi sport inshootlaridan samarali foydalanish asosida talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha talabalar o‘rtasida bir qator nufuzli musobaqalar tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Ma'ruzalardan so‘ng tinglovchilarga  amaliy mashg‘ulot berildi. Prorektorlar mazkur vazifani bajarish uchun 6 guruhga bo‘lingan holda ishladilar.

Amaliy mashg‘ulot yakunida ular “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda oliy ta'lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarining roli va tashabbuskorligi” mavzusida taklif va loyihalarining taqdimotini namoyish qilishdi.

Seminar 25 noyabrgacha davom etadi.

Mavzuga oid