O‘zbekiston | 20:30 / 27.11.2018
11365
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev BMT sobiq bosh kotibini qabul qildi

27 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq bosh kotibi, hozirda Global yashil o‘sish instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasining etika bo‘yicha komissiyasi rahbari Pan Gi Munni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Pan Gi Mun bugun Nukusda bo‘lib o‘tgan «Orolbo‘yi hududlarida ekologik muhitni yaxshilash masalalari va bu jarayonda koreys diasporasining roli» mavzuidagi xalqaro forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston rahbari martabali mehmonni tashrifi bilan qizg‘in qutlar ekan, uning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish, shu jumladan, jahon hamjamiyatining global muammo va zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini birlashtirish yo‘lidagi xizmatlarini alohida qayd etdi. 

Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga xalqaro hamjamiyat e'tiborini jalb qilishda Pan Gi Munning shaxsiy hissasini yuqori baholadi.

Suhbat davomida Orol dengizi mintaqasida ustuvor loyihalarni ilgari surish bo‘yicha xalqaro institut va tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistondagi ko‘psonli koreys diasporasining ikki xalq va mamlakat o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishga qo‘shgan hissasi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Pan Gi Mun samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda qabul qilingan, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladigan 2021 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

O‘zbekistonning 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan Orol dengizi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi doirasida mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tubdan yaxshilash, ekologik muammolarni hal etish, sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlari alohida ta'kidlandi.

O‘zbekiston rahbarining Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi va Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazini tashkil qilish bo‘yicha tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Pan Gi Mun O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, Orol fojiasi oqibatlarining oldini olish bo‘yicha faol hamkorlik qilishda davom etishini tasdiqladi. 

Pan Gi Mun BMT bosh kotibi lavozimida faoliyat olib borgan vaqtda Orol dengizi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining tashabbus va takliflarini faol qo‘llab-quvvatlagandi.

 

Mavzuga oid