O‘zbekiston | 16:35 / 08.12.2018
44872
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Bitta ishsiz odam – o‘nta muammo degani» 

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, aholi bandligini ta'minlash va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan zarur choralar ko‘rish lozim.

«Savol tug‘iladi: mamlakatimizda haqiqiy ishsizlar soni qancha? Iqtisodiyotning norasmiy sektorida necha foiz aholi band? Xorijga ish qidirib ketganlarning soni-chi?

Biz bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak: bitta ishsiz odam – o‘nta muammo degani. Bu muammolar ishsiz odamning o‘ziga, oilasi va mahallasiga, jamiyatga keltiradigan zararini hisoblasak, masalaning naqadar jiddiy ekani yanada oydinlashadi.

Biz bu yil qabul qilgan “Har bir oila – tadbirkor” hamda “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun katta imtiyozlar berildi. Kelgusi yilda ham biz ushbu dasturlar ijrosini qat'iy nazoratga olib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz yoshlarimizda tadbirkorlik tashabbusini rivojlantira olsak, ularga mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatsak, nafaqat iqtisodiy, balki ko‘plab ijtimoiy muammolarni ham hal etgan bo‘lamiz», - dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati 2019 yilda qancha fuqaroni xorijiy davlatlarda ishga joylashtirishni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid