O‘zbekiston | 16:51 / 14.12.2018
30047
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlardan biri qasam ichmoqchi. Qolganlar qarshi

Bugun, 14 dekabr kuni Toshkent shahridagi «Wyndham Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi «Islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari: axborot transformatsiyasi va kasb etikasi muammolari» mavzusida seminar-trening o‘tkazdi. 

Seminarga Adliya vaziri Ruslanbek Davletov raislik qildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi rahbari Ilhom Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov, Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi eksperti Yoqutxon Mamatovalar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda hozirgi kundagi jurnalistik faoliyatdagi kamchiliklar va yo‘l qo‘yilayotgan xatolar tilga olindi. Bu xatolar jurnalist kasb etikasiga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar sifatida aytib o‘tildi. Jumladan, aybsizlik prezumptsiyasiga rioya etmaslik, ortiqcha tafsilotlarga berilish orqali jinoyatchilikni targ‘ib qilib qo‘yish, shaxsga o‘zboshimchalik bilan jazo berish (samosud) holatlarini yoritishda shaxsning obro‘si va qadr-qimmatini kamsitish, voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi axborotni tarqatishda bola huquqlari va inson huquqlari prinsiplari buzilishi holatlari aytib o‘tildi.

Shu sababli, bu seminar jurnalistlarning axborot tarqatishda huquqiy bilimini oshirish, materiallar tayyorlashda fuqarolar va yuridik shaxslarning sha'ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish holatlari oldini olishga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda ma'ruza qiluvchilar chiqishlaridan so‘ng, savol-javob qismi boshlangan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, tadbirning bu qismida antiqa holat kuzatilgan. Madaniy yangiliklarni yorituvchi «Zoom» jurnali vakili jurnalist kasbi juda mas'uliyatli bo‘lgani sababli, jurnalistlar qasamyodini ham yo‘lga qo‘yish kerakligini aytib o‘tgan.

Bu taklif yig‘ilganlar tomonidan jiddiy e'tirozlarni keltirib chiqargan. Jurnalistlardan biri istehzo bilan «buni ariqqa tushib bajarish kerakligi»ni taklif qilgan.

O‘tgan haftalarda internetda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari hamda ichki ishlar sohasi xodimlari qasamyod qabul qilgani haqidagi xabarlar va bu «fleshmob»ga qarshi materiallar berilgandi.

Mavzuga oid