Global isishga qarshi har yili 100 mlrd dollar sarflanadigan bo‘ldi
Polshada 16 dekabrda BMTning iqlim bo‘yicha anjumanida Deklaratsiya 24 (COP 24) qabul qilindi. Deklaratsiya anjuman o‘tgan shahar nomiga Katovitse pakti deb nomlandi.
Ta'kidlanishicha, hujjat iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini bajarishning yo‘l xaritasi hisoblanadi
Pakt ostiga imzo qo‘yganlar sayyoramizda global isishga qarshi yetarlicha harakatlar amalga oshirilmayotgani haqidagi axborotga rozi bo‘lishgan.
Hujjatda global isish oqibatlarini cheklash bo‘yicha tezkor harakatlar amalga oshirilishi hamda bu yo‘nalishdagi ishlarni 2020 yildan keyin kuchaytirish va bu maqsadda har yili 100 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ safarbar etish zarurligi qayd qilingan.
Anjuman ishtirokchilari, shuningdek, iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini amalga oshirish qoidalari to‘plamini qabul qilishdi.
Hujjatda rivojlangan davlatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda nochor davlatlarga ajratadigan mablag‘lar hamda kelishuv shartlari bajarilishi monitoringi bo‘yicha choralar haqida gapirilgan.
AQSh davlat departamenti anjuman natijalariga ko‘ra AQSh kelishuv doirasida biror-bir majburiyatni o‘z zimmasiga olishdan voz kechishini tasdiqlagan.
Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi 2015 yil dekabrda qabul qilingan va eskirib qolgan Kioto kelishuvi o‘rnini egallagan. Hujjatni 196 ta davlat imzolagan. Kelishuvdan maqsad o‘rtacha havo haroratining sanoatgacha davrdagi ko‘rsatkichlardan 2 gradusdan ko‘proq oshishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
2017 yil iyunda AQSh prezidenti Donald Tramp “maqbulroq shartlar” taqdim qilinmasa, mamlakati kelishuvdan chiqishini aytgan. Trampning fikricha, ushbu kelishuv hozirgi ko‘rinishida AQSh iqtisodiyotiga putur yetkazadi, ish o‘rinlari qisqarishiga olib keladi va AQSh suverenitetini zaiflashtiradi.
Mavzuga oid
19:00
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
13:38 / 24.12.2024
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024