Jahon | 12:30 / 19.12.2018
60595
7 daqiqa o‘qiladi

Amerika va Rossiya armiyaga milliardlarni sarflamoqda. Kimda nima ko‘proq?

Foto: Shutterstock

Ming afsuski, insoniyat yigirma birinchi asrga kelib ham qurollanish poygasidan voz kecha olmadi. Garchi dunyoga o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridagi kabi atom urushi bevosita tahdid solmayotgan bo‘lsada, turli davlatlarning mudofaa nomi ostidagi harbiy xarajatlari hanuz hayratga soladi.

Qurollanish poygasining eng faol ishtirokchilari va o‘zaro raqiblari shubhasiz SSSR hamda AQSh edi. Bu ikki davlat o‘z davrida boshqalarning aqli bovar qilmas mablag‘ni militarizatsiya uchun sarflar va har ikkisining harbiy byudjyeti ko‘p jihatdan bir-biriga muvofiq kelardi. Masalan, 1976-1979 yillarda SSSRning harbiy byudjyeti 63 mlrd dollar bo‘lgani holda AQShniki 105 mlrd dollarga teng bo‘lgan, 1980-1985 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich 87 mlrd.ga 187 mlrdni, 1985-1989 yillarda 108 mlrd.ga 285 mlrd, 1990 yilga kelib esa 127 mlrd.ga 310 mlrd dollarni tashkil qildi. Ya'ni, AQShning harbiy xarajatlari SSSRnikiga nisbatan kattaroq tezlikda osha boshladi. 

SSSR tarqalib ketganidan keyin ko‘pchilik bu mavzu uzil-kesil yopildi, endi AQShning gegemonligiga hech kim soya solmaydi, deb o‘ylagandi. Bir jihatdan shunday bo‘ldi ham – Rossiya iqtisodiy muammolarga o‘ralashib qoldi, SSSRdan qolgan boyliklar katta sur'atlarda xususiylashtirildi, harbiy xarajatlar qisqarib ketdi. AQShda esa buning mutlaq aksi kuzatildi. Pentagon xarajatlarining o‘sishi iqtisodning o‘sishidan ham ortib ketdi. AQSh dunyoning deyarli barcha burchaklarida o‘z harbiy bazalarini ochdi, birvarakayiga ikki-uch davlat hududida urushlar olib bora boshladi. 

Bu holat harbiy byudjyetlarda ham aks etmay qolmadi va o‘zaro farq Rossiya uchun ayanchli darajaga tushdi. 2000 yildagi ko‘rsatkichlarga e'tibor berilsa, Rossiya 7 mlrd dollar sarflagan bir paytda AQSh 295 mlrd dollarni ayamagani o‘zaro farq 40 barobardan ortib ketganini ko‘rsatadi. 

Ammo Rossiya boshqaruvi Vladimir Putin qo‘liga o‘tganidan va neft narxi oshishi ortidan iqtisodiyotda tiklanish kuzatilganidan so‘ng vaziyat boshqa tomonga o‘zgara boshladi. 2005 yilga kelib bu raqamlar 17,5 mlrdga 390 mlrd ko‘rinishiga kelgan bo‘lsa, 2010 yildayoq 65 mlrd.ga 693 mlrd darajasiga yetdi. Albatta, farq hamon ulkan edi, ammo raqamlar o‘zgarishini kuzatadigan bo‘lsak, 10 yil oralig‘ida AQSh xarajatlari 2 barobardan sal ko‘proq oshgani holda Rossiyaning harbiy byudjyeti deyarli 10 barobar ko‘paygandi.

Ma'lumot uchun: 2011 yilda AQSh harbiy byudjyeti mutlaq rekord ko‘rsatkichga qayd etgan va 711,1 mlrd dollarga yetgan. 

Bu holat G‘arb e'tiboridan chetda qolmadi albatta. Yuqori doiralarda Rossiya harbiy salohiyati keskin oshirilayotgani va raqiblariga real xavf solayotgani bo‘yicha ochiq e'tiroz bildirildi.

Shunda RF prezidenti Vladimir Putin ko‘pchilik biladigan, ammo juda qiziqarli faktni omma e'tiboriga havola qildi – AQShning o‘sha paytdagi harbiy byudjyeti dunyoning qolgan barcha davlatlari byudjyetidan ko‘proq edi.

Hozirgi kunda ham Rossiya harbiy xarajatlar jihatidan AQSh bilan bellashish tugul hatto kuchli uchlikka ham kirolmaydi. 

AQSh HHK uchun oltinchi avlod qiruvchi samolyoti
Foto: Air Force Research Laboratory

2017 yil yakunlariga ko‘ra, harbiy xarajatlar nuqtai nazaridan yetakchi davlatlar o‘nligi quyidagicha ko‘rinish olgan:

Ammo bu raqamlarning aldamchi jihatlari bisyor. Ularga qaraladigan bo‘lsa, hatto o‘zining jami boyligining 10 foizini mudofaaga sarflayotgan va bu jihatdan mutlaq yetakchi bo‘lgan Saudiya Arabistoni ham harbiy salohiyat jihatdan Rossiyadan kuchli bo‘lishi kerak. Ammo yaqin tarixdagi so‘nggi real harbiy harakatlar – Yamandagi husiychilariga qarshi olib borilayotgan urush shuni ko‘rsatmoqdiki, bu davlatning harbiy xarajatlari ulkan bo‘lgani bilan qurolli kuchlari kuchli emas ekan. 

Qolaversa, Xitoy ham ulkan byudjyeti bo‘lgani bilan Rossiyani raqib emas, ko‘p masalalarda (ayniqsa AQShning gegemonligiga qarshi turishda) ittifoqchi sifatida ko‘radi va Rossiya bilan qurollanish poygasiga kirishmaydi.

Rossiya byudjyet jihatdan ortda qolayotgan bo‘lsada, hamon AQSh bilan bellashishi mumkin bo‘lgan yagona davlat hisoblanadi. Chunki boshqalar atom tadqiqotlariga ulkan mablag‘lar sarflayotgan bir paytda Rossiya asrlarga yetgulik yadro zaxirasiga ega va endi bu sohaga boshqalar kabi zo‘r bermasligi mumkin.

Xo‘sh, harbiy salohiyat jihatdan qaysi davlat kuchli – Rossiya yoki AQSh? 

Savolni yanada keskinroq qo‘yishimiz mumkin – bu ikki davlat ochiq urushga kirishsa, kimda g‘olib bo‘lish imkoniyati ko‘proq?

Avvalo shuni ta'kidlash kerakki, bu ikki davlat butun qudratini safarbar qilib urishsa, bu urushdan butun insoniyat aziyat chekadi va yer shari halokatga yuz tutishi ham mumkin. Chunki, Rossiya va AQShning yadro arsenali raqiblarining barcha yirik shaharlarini kunpayakun qilib tashlash bilan birga butun qit'a tabiatini izdan chiqarib yubora oladi. Bu urushda keyingi radiatsiya xavfi ummonlarni oshib o‘tadi. Eng qizig‘i, bu oqibatlarning hammasi taxmin xolos. Chunki hali insoniyat haqiqiy yadro urushi nimalagini bilmaydi. Yaponiyaning Nagasaki va Xirosima shaharlarini yer bilan bitta qilib tashlagan atom bombalari hozir paytini poylab yotgan qurollar oldida o‘yinchoqdek xolos.

2017 yil holatiga Rossiya armiyasi 1 765 dona atom zaryadli qurolga, AQSh qurolli kuchlari – 1 411 dona shunday vositaga ega. Rossiya tasarrufida 523 dona operativ xarakterdagi, jumladan qit'alararo ballistik raketalar, og‘ir bombardimonchilar, suvosti kemalaridagi ballistik raketalarni o‘z ichiga olgan yadro qurollari mavjud bo‘lgani holda AQSh 673 dona shunday qurollarga ega.

RIA Novosti © Vadim Savitskiy

Shuningdek, davlatlar quyidagi arsenalga egalar (ma'lumotlar oxirgi yillarga oid va ayrimlari taqriban):

Bu raqamlarni o‘rganganda tinchlik ne'matining naqadar ulug‘ligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Har ikki davlat ham ochiq urushga kirishish muqarrar halokat ekanligini yaxshi anglaydi. Ammo shunga qaramay qurollanish poygasidan ham voz kecha olmaydi.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid