Iqtisodiyot | 21:48 / 23.12.2018
51155
9 daqiqa o‘qiladi

«Toma-toma ko‘l bo‘lur» - erksizlikning makroiqtisodiyotga ta’siri haqida

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ba’zi iqtisodiy haqiqatlar misolida mamlakatdagi ayrim masalalarga o‘z nuqtai nazarini keltirib bayon etadi.

Majburiy obunaning makroiqtisodiyotga ta’siri bor. «Ana xolos!» — deysizmi?

Yo‘q, uning ta’siri hisobotlarda ko‘rinmaydi, albatta. Gap boshqa yoqda — «ixtiyoriy» majburlash iqtisodiyotdagi resurslarning samarali taqsimlanishiga to‘sqinlik qilib, hammaning ma’lum miqdorda qashshoqlashishiga xizmat qiladi.

Raqamlar shunchalik kichkinaki, ularga hech kim ahamiyat bermaydi, iqtisodchilar xohlasalar ham, majburlov choralari natijasida iqtisodiyotga yetayotgan zarar hajmini hisoblay olishmaydi.

Deylik, obunani emas, chet eldan kelgan mashinalarga boj qo‘yib, mahalliy zavodlarda chet el detallaridan yasalgan mashinalar sotib olishga sizni majburlashdi. Bojlar ham majburiy, obuna ham — bular ayni bir narsalar bo‘lib, farqi iqtisodiyotga yetadigan zarar miqdorida.

Nima uchun bojlar bilan majburiy obuna bir narsa?

Chunki ikkovida ham pulingizni qayerga ishlatilishini o‘zingiz tanlamayapsiz, sizga ixtiyor berishmayapti. Siz o‘zingiz ishlab topgan pulingizni qayerga va qanday miqdorda ishlatilishini birov belgilashi iqtisodiyotni kichraytiradi. Nega? Chunki muassasa (kim bo‘lishidan qat’i nazar) sizning xohish-u istaklaringizni sizdan ko‘ra yaxshiroq bilmaydi. Shuning uchun iqtisodiyotdagi pul va resurslar taqsimoti optimal darajadan pastroq bo‘ladi.

Aytaylik, obuna narxi 10 ming so‘m bo‘lsin. U bo‘lmaganida, siz bu pulga taksida bir joyga borar edingiz. Obuna dastidan u joyga bora olmaysiz (obunaning muqobil xarajatlari). Demak, taksi haydovchisi ham bu puldan quruq qoldi, u endi sal kamroq go‘sht oladi, qassob esa sal kamroq un oladi, unchi esa sal kamroq shakar oladi va hokazo. Bu obuna hammani, o‘rtacha olganda, sal-pal kambag‘allashtirdi.

Obuna evaziga kimningdir qozoni qaynaydi, deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin shu bilan birga iqtisodiyotdagi pul noto‘g‘ri taqsimlangan bo‘ladi. Ya’ni o‘z ixtiyoringiz bilan pulingizni ishlatganingizda iqtisod sal-pal o‘sardi. Zero, obuna majburiy bo‘lmasa o‘sha hech kim o‘qimaydigan gazetadagi ishchilar muxbirlikdan ko‘ra boshqa kasb qilishlari mumkin edi. Inson resurslari to‘g‘ri taqsimlanar edi. Eng muhimi — gazeta ishchilari sizdan majburiy ravishda olinayotgan pul evaziga yashayotgani uchun gazetaning sifati ustida ishlash istagi yo‘q, chunki ularning mehnati ular chiqarayotgan gazetaning daromadi bilan bog‘lanmagan. Chunki siz o‘z xohishingiz bilan obuna bo‘lmadingiz-da!

Gazetachilar kelgusi yil ham sizdan pul olishlarini biladilar, inchunun qattiqroq ishlashga rag‘bat qilmaydilar. Ya’ni sizning to‘lovingiz samarasiz ishlashni rag‘batlantiryapti! Bu ham kapital, ham mehnat resurslari uvolidir. Majburiy obuna bekor bo‘lsa bunday gazetalarning umuman obunachilari qolmaydi, bankrot bo‘ladilar. Bu hol ularning iqtisodda hech nima yaratmasdan kelganliklarining, iqtisodiyotimiz ularning faoliyatidan zarar ko‘rayotganining dalolati.

Iqtisodiyotga qo‘shilayotgan naf qanday o‘lchanadi? Kim naf keltiradi?

Iqtisodiyotga keltiriladigan naf to‘lashga rozilik bilan qabul qilishga rozilik orasidagi farq bilan o‘lchanadi. Masalan, bozorga piyoz olishga tushdingiz. Bir kilo piyoz uchun 5000 so‘mdan ko‘p pul to‘lashga rozi emassiz. Demak piyoz 4900 so‘m bo‘lsa, bajonidil olasiz. Bozordagi sotuvchi esa 4000 so‘mdan kamroqqa sotishga rozi emas. Demak u piyozini 4100 so‘mga sotadi. Ikkovingiz 4000 va 5000 so‘m orasida bir narxga kelishasizlar, masalan — 4800 so‘mga. Shunda siz 200 so‘m yutgan bo‘lasiz, sotuvchi esa — 800 so‘m.

Bu narsada o‘zgacha bir go‘zallik bor: qanday narxga kelishganingizdan qat’i nazar, O‘zbekiston iqtisodiyoti 1000 so‘m foyda ko‘radi. Aynan shu iqtisodiy naf deyiladi.

Obuna uchun siz 0 so‘m to‘lashga rozisiz, gazetchilar esa 10000 so‘m berishingizni xohlashayapti. Ixtiyor sizda bo‘lsa obuna bo‘lmasdingiz, shuning uchun majburlov tufayli iqtisodiyotga zarar 10000 so‘mni tashkil qiladi. Agar, deylik, siz bu gazeta uchun 2000 so‘m berishga tayyor bo‘lganingizda, unda zarar 8000 so‘m bo‘lar edi. Agar umuman tekinga bo‘lsa ham o‘qishni istamasangiz, kimdir 10000 bersa o‘qishga rozi bo‘lsangiz, unda zarar tegishli ravishda 20000 so‘mni tashkil qiladi. Yana bir bor:

Bojlar bilan majburiy obuna nima uchun bu yerda ayni bir narsa?

Bojlar bilan ham shu hol. Birinchidan, siz bojlar tufayli mashina uchun 10 million so‘m oshig‘i bilan to‘lashingiz kerak. Agar boj bo‘lmaganida, chet el mashinasini olar edingiz, cho‘ntagingizda yana 10 million so‘m «ortiqcha» pul qolar edi. Ammo bu 10 million so‘m ham ortiqcha pul emas, chunki siz uni boshqa narsalarga ishlatgan bo‘lardingiz. Ya’ni, bu degani, 10 million so‘mga boyroq bo‘lardingiz hamda bu bilan iqtisodiyot ham bir miqdorda, pul ixtiyor bilan sarflangani uchun, rivojlanar edi. Qolaversa, bojlar bo‘lmaganida kimnidir xonadonida mashinadan tashqari yana televizor ham bo‘lar edi. Qaysidir aholi qatlami uchun esa 10 million farq shunchalar kattaki, boj dastidan ular umuman mashina xarid qilisholmaydi.

Bu yerda iqtisodiyotning yutqazishi quyidagicha: agar kimdir mashina uchun 50 million so‘m berishga tayyor bo‘lsa-yu, mashina 40 million so‘mga sotilsa, iqtisodiyot 10 million so‘mga ortadi. Ammo sun’iy ravishda, bojlar tufayli mashina narxi 50 million so‘mdan oshiq bo‘lsa, kimdir mashina ololmaydi. Demak, iqtisodiyot 10 millionlik potensial foydani yo‘qotadi. Shunga o‘xshash amalga oshmagan savdolarning yig‘indisi iqtisodiyotga yetadigan ikkinchi turdagi zararning hajmidir.

Qayta ta’kidlaymiz: ikki xil yutqazish bor, bir turdagisi — odamlar 10 million so‘mni o‘z ixtiyori bilan, o‘ziga kerakli narsalarga sarflashining o‘rniga boj deb o‘sha «mahalliy» ishlab chiqaruvchiga to‘lashi. Ikkinchi yutqazish esa, mashina sotib ololmagan kishilarning amalga oshmagan savdosi tufayli iqtisodiyot ololmagan foyda hajmidir. Fanda bu tegishlicha daromad ta’siri (income effect) va almashtiruv ta’siri (substitution effect) deyiladi.

Boshqa tarafdan, agar mashina ishlab chiqaruvchi tadbirkor bojxona to‘siqlari sababidan raqobatdan chegaralangan bo‘lmaganida, u pulini boshqa, samaraliroq ishlarga yo‘naltirar edi va iqtisodiyotda resurslar to‘g‘riroq taqsimlanardi. Shu bilan birga u ishlatayotgan ishchilar ham samaraliroq joylarda ishlashar edi: ko‘pchilik qiyosiy va mutlaq ustunliklar haqida xabari bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, bojlar bilan muhofazalangani bois ishlab chiqaruvchi samarali ishlashga urinmaydi, chunki mahsulotini bozor narxidan qimmatga sota olishini biladi. Uning xorijdagi hamkasblari samaradorlikni kuchaytirish uchun urinayotgan bir mahalda bojlar bilan himoyalangan «mahalliy» ishlab chiqaruvchining faoliyati borgan sayin samarasizroq bo‘lib boraveradi.

Shuning uchun ham majburiy obunaning ziyoni qay tarzda katta miqyosda iqtisodiyotga ta’sir etadi, deb so‘rasangiz, tashqi savdo uchun qo‘yiladigan to‘siqlarga boqishni tavsiya etamiz. Majburiy obuna deyarli ko‘zga ko‘rinmas, kichkina zarar bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin shunday narsalarning soni ko‘p bo‘lsa, albatta umumiy shikast katta bo‘ladi.

Axir, toma-toma ko‘l bo‘lur, deb bejizga aytishmagan-ku...

Muallif haqida: iqtisodchi, Medison (AQSh) dagi Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti. 2016 yilning mayidan Veynart ishbilarmonlik markazida tadqiqotchi sifatida ishlab kelmoqda. Viskonsin universiteti iqtisodiyot magistri, Nanyang (Singapur) texnologiya universiteti bakalavri darajasiga ega. «Buyuk kelajak» ekspertlik kengashi a’zosi.

Mavzuga oid