O‘zbekiston | 16:21 / 24.12.2018
32038
3 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda O‘zbekistonning qaysi shahriga eng ko‘p sayyoh tashrif buyurdi?

Foto: Livejournal

O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijliklarning aksariyati Toshkent shahriga kelgan. Sayyohlarning 58 foizi Toshkentga kelgani va bu yerda to‘xtagani haqida ma'lum qilgan. Kun.uz muxbiri "Turizmning oq kitobi"dagi ma'lumotlar asosida shu haqida xabar berdi.

Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurgan O‘zbekiston shaharlari orasida ikkinchi o‘rinni 31 foiz ko‘rsatkich bilan Samarqand egallagan. Uchinchi o‘rin 25,6 foiz ovoz bilan Buxoro shahriga nasib etgan. Shu bilan birga, Xiva (13,3 foiz), Termiz (6,5 foiz) va Nukus (4,5 foiz) shaharlari ham sayyohlarning sevimli maskanlari sifatida e'tirof etilgan.

Biroq bir shaharda qolish muddati bo‘yicha esa Termiz shahri yetakchilik qilmoqda, bu yerda bir xorijlik o‘rtacha 6,2 kun mehmon bo‘lgan. Nukus shahrida mazkur ko‘rsatkich 5,7 kunni, Toshkentda - 5 kunni, Xivada - 3,7 kunni, Samarqandda - 2,6 kunni va Buxoroda 2,4 kunni tashkil qildi.

Uzoq muddatga kelgan xorijliklarga kelsak, ular asosan qarindosh-urug‘lari va do‘stlarinikiga hamda ta'lim olish maqsadida kelishgan. Masalan, Nukus shahrida 10 kundan ortiq qolgan mehmonlar bu yerga ta'lim maqsadlarida kelganlarini ma'lum qilishgan. Termizda 10 kundan ko‘p muddatga qolgan 80,1 foiz kishi qarindosh-urug‘i va do‘stlarinikiga tashrif buyurgan. Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatkich 62,5 foizni tashkil qilgan.

"Turizmning oq kitobi 2018"dagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot-tahlil boshqarmasi va Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2018 yilda sayyohlar orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida to‘plangan. So‘rovnomalar O‘zbekistonga bir kundan ziyod muddatga tashrif buyurgan, bu yerga ishlash maqsadida kelmagan sayyohlar o‘rtasida o‘tkazilgan. So‘rovnomalar maqsadi - O‘zbekistondagi turizm statistikasini yuritish va kirish turizmi rivojlanishini o‘rganish, shuningdek xorijiy sayyohlarning talab va ehtiyojlarini aniqlash.

Mavzuga oid