Jamiyat | 20:27 / 24.12.2018
46061
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi oilalarda notinchlikka nima sabab bo‘lmoqda?

Foto: Shutterstock

O‘zbekistondagi oilalarning notinchlik sabablari aniqlandi. Unga ko‘ra, eng ko‘p xavotirli va notinchlikni keltirib chiqarayotgan omil moddiy yetishmovchilik ekani ma'lum qilindi. Bu haqda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hisobotida ma'lum qilingan. 

24 dekabr kuni «Poytaxt» ishbilarmonlar markazida Press-klubning navbatdagi press-qahva formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistlar bilan ochiq muloqot tashkil etgan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Dilorom Toshmuhammedova oila masalalari bo‘yicha ayrim raqamlarni oshkor etdi. 

Foto: Dilorom Toshmuhamedova – «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari

«Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Toshkent shahrining Olmazor tumanida oila masalasiga oid ilmiy-amaliy tadqiqot o‘tkazildi. Tajriba-sinov tariqasida tanlab olingan tumanlarda olib borilgan ishlar natijalari bo‘yicha yo‘l xarita ishlab chiqildi. Shuningdek, 15730dan ortiq notinch oila aniqlanib, har bir oila bilan alohida ish olib borilishi nazarda tutilgan», – deydi markaz rahbari. 

Ma'lum qilinishicha, oilalarning notinchlik sabablari orasida moddiy yetishmovchilik (39,3 foiz) yetakchi bo‘lmoqda. Bundan tashqari notinchlikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga spirtli ichimlik yoki giyohvandlikka ruju qo‘yish (14,5 foiz), doimiy oilaviy janjallar (25,9 foiz), muqim turar joy yo‘qligi (5,7 foiz) kirgan. Boshqa sabablar tufayli oilaning notinch ekanligi (14,5 foiz) ham aniqlangan. 

Markaz tarqatgan xabarga ko‘ra, 3 mingga yaqin notinch oilalarning muammolari hamkor tashkilotlarga yo‘naltirish orqali yechimi topildi. Jumladan, ularning 23 foiziga moddiy yordam, 8,8 foizini uy-joyini ta'mirlash, 15,1 foizini ishga joylashtirish, 9,9 foiziga davolanish, 6,1 foiziga davolanishga order olishi, 3,8 foizi chorva mollari, 7,6 foiziga hujjatlari (pasport, guvohnoma, uy hujjatlari) masalasida, 5,5 foiziga homiylar mablag‘i yo‘naltirish, 11,9 foiz oilalarga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi. 

2018 yil davomida 23554 nafar ajralish arafasida turgan juftliklar yarashtirilgani aytildi. 

Ma'lumot uchun, 2018 yil 2 fevralda qabul qilingan «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmonida oila instituti sohasida ustuvor yo‘nalishlar va muhim vazifalar belgilab berilgandi. 

Shunga ko‘ra, «Oila» markazi jamiyatda oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish, jamiyatda zamonaviy namunali oila mezonlarini joriy etish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida respublikaning yetakchi ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi sifatida tashkil etildi.

Mavzuga oid