O‘zbekiston | 23:02 / 25.12.2018
101465
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev DXXning kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi 

Bugun, 25 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Davlat xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida xabar qilindi.

Xabarda bildirilishicha, prezident DXX maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan suhbatlashdi va DXX maxsus operatsiyalari jarayonida foydalanish uchun mo‘ljallangan uskunalarni ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari xalq tinchligi va osoyishtaligini saqlash ustuvor vazifa ekanligini, har bir askar o‘z sharafli mas'uliyatini qalbdan his etishi, har daqiqa hushyor va ogoh bo‘lishi zarurligini ta'kidlab, muhim ko‘rsatma va vazifalarni belgilab berdi.

Prezident DXX binosida xodimlarning tezkor faoliyat olib borishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan yig‘ilishida DXX tizimidagi islohotlar natijalari va galdagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. DXXning boshqa davlat organlari va idoralari bilan ichki hamda tashqi tahdidlarga qarshi kurashdagi hamkorligini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish zarurligini alohida ta'kidladi.

Shavkat Mirziyoyev jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan diniy-ekstremistik tashkilotlarning sobiq a'zolari va tarafdorlarini oddiy hayotga qaytarishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish masalasiga e'tibor qaratdi. Mazkur shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish, ishga joylashtirish va jamiyat hayotiga jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, davlat rahbari korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Prezident O‘zbekiston xalqining ijtimoiy xavfsizligi masalasiga ham alohida e'tibor qaratdi. Oziq-ovqat, energetika, tibbiyot va boshqa sohalarda xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha yo‘nalishlar ko‘rsatib berildi.

Mavzuga oid